Bosh sahifa | Psixolog minbari | 3 yosh krizisi nima?

3 yosh krizisi nima?

Farzandingiz kutilmaganda qaysar va quloqsiz bo‘lib qoldimi? U sizning gapingizga kirmay, aytganlaringizning butunlay teskarisini qilyaptimi? Umidsizlikka tushishga shoshilmang, bu jarayon bolaning shaxsga aylanish bosqichi hisoblanib, mazkur davr har bir kichkintoyning, umuman olganda har birimizning boshimizdan o‘tgan.

Ushbu davr fan tilida uch yoshli bolalarda krizis, deb ataladi. Bu bosqichni rivojlanish, bola shakllanishidagi yangi bosqich deb qabul qilish mumkin. Shuni aytish joizki, ushbu davr bolalarda turlicha uchrashi, ya’ni ba’zilarda 2,5 boshqalarda esa 4 yoshlarga yaqin yuz berish holatlari kuzatiladi. Shuningdek, bu holat bolalarda turlicha kechadi. Ba’zi ota-onalar buni kech sezishsa, boshqalari farzandi bilan bog‘­liq jiddiy muammolarga duch keli­shadi.

Uch yosh krizisi paydo bo‘lishining sabablari nima?

Birinchidan, odatda uch yoshlardagi bola organizmi to‘la mustaqil harakatlanish imkonini beradigan darajada rivojlanadi. Kichkintoyning bilishga oid qiziqishlari ham shakllanib ulgurganidan, u tashqi olam hamda o‘z imkoniyatlarining “tadqiqotchi”siga aylanadi. Tabiiy holki, bunday “yetilganlik” natijasida hamma ishni mustaqil bajarishga intilish hamda ota-onasining yordami va cheklovlariga nisbatan norozilik kuchayadi.

Ikkinchidan, aynan uch yoshda bola shaxsga aylanadi. Albatta, uning shaxsiyati bolalikning ilk davrlaridayoq shakllanadi, biroq mana shu bosqichda psixologik jihatdan ota-onasidan ajralib, o‘zini alohida shaxs sifatida anglay boshlaydi. Shunday qilib, “Mening o‘zim” iborasi uning lug‘atidan mustahkam o‘rin egallaydi. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu bosqichda kichkintoyda iroda va erkinlik sifatlari shakllanar ekan.
Bola o‘z “men”ini kuchaytirish uchun mustaqil bo‘lishga ehtiyoj sezadi. Biroq bu bosqich­ning asosiy muammosi shuki, u mustaqil bo‘lishga intilish bilan birga, kattalarning qo‘l­lab-quvvatlashi-yu, mehr-muhabbatiga muhtoj bo‘ladi. Bu davr ota-onadan jajji qaysarining mustaqilligini tan olgan holda, uni avvalgiday sevib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni talab qiladi.

Uchinchidan, uch yosh krizisi belgilarining aniq namoyon bo‘lishiga kattalarning o‘z vaqtida farzandining ulg‘ayganini, endi u bilan muloqotda ko‘p narsani o‘zgartirish kerakligini anglab yetmasligi sabab bo‘ladi. Natijada, bolaning o‘zi endilikda eski qoidalar asosida ya­shash mumkin emasligini namoyish qilib, ta­shabbus ko‘rsatadi.

Check Also

Bilingv-bolalar

(Ikki tilda so‘zlovchi bolalarda nutqning rivojlanish xususiyatlari) Bilingvizm – bu ikki xil tilda gapira olish …