Bosh sahifa | Bayram ertaligi | 8-mart onajonlar bayrami

8-mart onajonlar bayrami

Bayram ertaligi

Zal bayramona bezatilgan. Bolalar zalga “Har doim bo‘lsin onam” qo‘shig‘ini kuylab kirib keladilar va o‘z joylarini egallaydilar.
BoshlovchI:
– Assalom, ey lola yuzli,
Dilrabolar assalom!
Yuzi gul sochi sumbul,
Mahliqolar assalom!
Mustaqil yurt gul g‘unchasin
Oq yuvib oppoq tarab,
Tun-u kun parvona bo‘lgan,
Onajonlar assalom!
Hurmatli opa-singillar, aziz bolajonlar, meh­ribon onajonlar! Mana, olamga o‘z tarovati ila chiroy bag‘ishlab bahor fasli ham kirib keldi. Bahorning ilk kunlarida biz mo‘tabar va aziz onajonlarimizning 8-mart bayramini ni­shonlaymiz. Ushbu tantana munosabati bilan onajonlarimizga bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin deymiz va sizlarga uzoq umr, baxt-saodat, ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Hozir ushbu bayram dasturini ochib berish uchun so‘zni bog‘chamiz mudirasiga beramiz.
BoshlovchI:
Mart oyida bordir shundayin raqam,
Ezgulik, nafosatdir unda jam
Aytingchi, u qaysi raqam?
Bolajonlar: 8-mart – Onajonlar bayrami!
Kichkintoylar “Norim-norim” ashulasiga raqsga tushishadi.
BoshlovchI: – Hurmatli opa-singillar, ona­jonlar! Hozirgi kunda jamiyatimizni ayollar, xotin-qizlarning faolligisiz tasavvur qila olmaymiz. Qaysi sohada bo‘lmasin xotin-qizlarimizning fidokorona mehnatini ko‘ramiz. Ayollarimiz oilada, ham jamiyatda, ham ish o‘rinlarida o‘zlarining munosib mehnatlari bilan obro‘-e’tibor qozonmoqdalar.
Bizning bog‘chada tarbiyalanayotgan qizaloqlarimiz ham kelajakda ana shunday faol bo‘lishlari uchun hozirdanoq intiluvchan va zehnli bo‘lishga, a’lo o‘qishga harakat qilishlari lozim. Bugun biz ana shunday zukko ertak qahramonini kechamizga taklif qilganmiz.
Kelinglar, u kelgunicha onajonlarimizni tab­riklab, raqs ijro etamiz.
Bo‘gchaning jajji raqqosa qizlari “Onajon” qo‘shig‘iga raqsga tu­shishadi.
Eshik taqillab eshikdan Zumradoy kirib keladi.
ZUMRADOY:
– Good morning, children!
Bolalar:
– Good morning!
ZUMRADOY:
– I’m glad to see you.
Bolalar:
– We are glad to see you too.
BoshlovchI:
– Salom, Zumradoy kechamizga xush kelib­san! Bizning bolalarimiz qo‘shiq va she’r­lar tayyorlab qo‘yishgan, kel mehmonimiz bo‘l.
ZUMRADOY:
– I’ve brought you some presents.
BoshlovchI:
– Bolajonlar, Zumradoy bizlarga sovg‘a olib kelibdi. Bizlar bog‘chamizda ingliz tili saboqlarini o‘rganamiz, kelinglar, olgan bilimlarimizni esga olamiz.
Zumradoy savatchasidagi olmani olib ko‘rsatadi.
– What are they?
Bolalar javobI:
– They are apples.
ZUMRADOY:
– What colour are they?
Bolalar javobI:
– They are green.
ZUMRADOY:
– Thank you.
Zumradoy savatchasidagi qulupnayni olib ko‘rsatadi.
– What are they?
– They are strawberries.
– What colour are they?
– They are red.
BoshlovchI:
– Bolajonlar, aytinglarchi buvijonlaringizni yaxshi ko‘rasizlarmi?
Bolalar:
– Ha!
BoshlovchI:
– Kelinglar, ular haqida ham qo‘shiq va she’rlar aytamiz.
1-Bola:
– Oq paxtaday sochingiz,
Omon bo‘lsin boshingiz,
Aytaqoling buvijon,
Hozir necha yoshingiz?!
2-Bola:
– So‘zlaringiz ko‘p qiziq,
Yuzingiz nega chiziq,
Achomlashsam buvijon,
Bag‘ringiz muncha issiq?!
3-Bola:
– Dadamlarni boqqansiz,
Oyimlarga yoq­qansiz,
Topishmog‘-u ertakka,
Buvijonim chaqqonsiz.
4-Bola:
– Buvijonim qarilar,
Hatto yuzdan narilar,
Yo‘qlagan onlarida,
Doim biz yonlarida.
5-Bola:
– Suv desa suv tutamiz,
So‘zlarini kutamiz,
Baxtimizga bor bo‘ling,
Doimo omon bo‘ling.
BoshlovchI:
– Bolajonlar, hozir men sizlarga topishmoq aytaman.
Mehri juda ham qaynoq,
Biz bilan juda inoq.
Doim bizga parvona,
Ayting u kim – …
Bolalar javobI:
– U Ona!
Kichkintoylar “Binafsha” qo‘shig‘iga raqsga tushadilar.
BoshlovchI:
– Odam ato nasliga yaratgandan iqbolsan,
Bu beorom dunyoda halovatli ayolsan.
Millatning jon tomiri, sen Vatanga timsolsan,
Yurtning o‘chmas chirog‘i momo Havo, ayolsan.
Ona muqaddas, ona aziz va mo‘tabar siymo, u ulug‘lik, go‘zallik, donolik timsoli. Ona hayot chashmasi, farzand ana shu chashmadan butun ezgulikni, oliyjanoblikni, insoniylikni simirib, chanqog‘ini qondiradi.
Ona haqida aytilgan hikmatlar asrlar osha insoniyatning ana shu ulug‘ siymoga hurmat ramzi sifatida saqlanib kelmoqda. Marhamat eshiting!
1-Bola:
– Onaning bir qo‘li beshikni,
Ikkinchi qo‘li dunyoni tebratadi.
2-Bola:
– Ona – quyosh, uning mehr tafti hech qachon sovimaydi.
3-Bola:
– Onaning dili og‘risa yer titraydi.
4-Bola:
– Onaning achchiq so‘zi,
Farzandning aql ko‘zini ochadi.
5-Bola:
– Dunyo tor bo‘lganda ham onaning bag‘ri keng.
6-Bola:
– Ona bilan bola – gul bilan lola.
7-Bola:
– Bolaning barmog‘i og‘risa,
Onaning yuragi achishadi.
Bolajonlar “Qizgina” ashulasini kuylaydilar.
1-Bola:
Uyqungizda yo‘q halovat, tilarsiz baxt-saodat
Doim bo‘ling salomat, onajonim, jon onam.
2-Bola:
Bizlar uchun qayg‘urib, jon kuydirib, jon berib,
O‘stirgan mohitobim, onajonim, jon onam.
BoshlovchI: – Mana bugungi dasturimiz o‘z nihoyasiga yetmoqda. Men sizlarni yana bir bor bayramingiz bilan tabriklayman.
Qarsak va olqishlar bilan qizlarga sovg‘alar topshiriladi va bolalar “Bolalarning onalari” qo‘shig‘i ostida zaldan chiqib ketadilar.

Durdona MAHMUDOVA,
TSHXTXQTMOI o‘qituvchisi.