Ajoyib yo`lchiroq

Katta va o‘rta guruh tarbiyalanuvchilari uchun musiqali o‘yin

Maqsad: musiqiy tovushlar xarakterini ranglar uyg‘unligida o‘zbek хalq kuylari orqali o‘rganish. Shu jumladan musiqiy bilimlarni mustahkamlash.
Ko‘rgazmali qurollar: yasalgan katta yo‘lchiroq, rangli va rangsiz aylana kartotekalar.
Tarqatma: har bir bola uchun yo‘lchiroq tasviri tushirilgan rangli va rangsiz kartochkalar.

O‘yinning borishi:
Musiqa rahbari katta yasalgan yo‘lchiroqni ko‘rsatib ushbu she’rni aytib beradi:

Qizil, sariq, yashil rangda,
Yonib turar yo‘lchiroq.
Ogohlikka chorlar u,
Amal qilsak yaxshi-ku. (S.Musamedov she’ri)

Bolalar stol atrofida jam bo‘lib o‘tirishadi va ularga rangli kartochkalar tarqatiladi. Musiqa rahbari chiroqlar rangiga mos kuy chalib beradi. Qizil chiroq rangi uchun “Norim-norim” o‘zbek xalq kuyi ijro etiladi.

Sariq chiroq rangi uchun esa musiqa rahbari “Qashqarcha” kuyidan parcha chalib beradi.

Qizil chiroq rangiga “Vals” kuyidan parcha ijro etiladi.


Shundan so`ng bolalarga yo‘lchiroqning rasmidagi rangsiz aylana ichiga kerakli ranglarni joylashtirish vazifasi beriladi.

Bunda musiqa rahbari tasvirlangan yo‘lchiroqdagi kerakli rasmlarni ko‘rsatgan holda rangga mos yuqorida ijro etgan kuyni takroran, faqat ketma-ket ijro etmasdan, bolalarni biroz chalg‘itgan holda qizil chiroqning kuyini emas, sariq chiroqning kuyini chalib beradi. Bolalar esa o‘sha kuyni eshitib, yo‘lchiroqlarda mavjud ranglardan birini olib, rangsiz aylana ichiga joylashtiradi. Ushbu mashg`ulot nafaqat bolalarning idorkini mustahkamlaydi, balki ularni eslab qolish qobiliyatlarini rivojlantiradi.

O`yin davomida ular musiqaga mos tarzda harakatlarni amalga oshirishga kirishadilar. Musiqa sadolari ostidagi o‘yin shu tariqa davom etadi. O‘yin so‘ngida musiqa rahbari Safo Ochil she’ri, Sa’dulla Nurmetov musiqasi bilan “Svetofor” qo‘shig‘ini ijro etib beradi. Mazkur o‘yinni musiqa rahbari bolalarning musiqani anglash qobiliyatlariga qarab o‘tkazishi maqsadga muvofiqdir.

Ulug‘bek MIRZAHMEDOV
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 2-umumiy ta’lim maktabining
musiqa madaniyati fani o‘qituvchisi

Check Also

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma …