Bosh sahifa | Tarbiyachi kutubxonasi | Antuan de Sent-Ekzyuperining tarbiyachilarga maslahati

Antuan de Sent-Ekzyuperining tarbiyachilarga maslahati

Men tarbiyachilarni huzurimga chaqirib, ularga qarata dedim:
–    Sizlarning vazifangiz murg‘ak qalblardagi insonni poymol etib, faqatgina o‘z inida yashash­ga moslashgan qumursqalarga aylantirish emas. Chunki inson miyasi ma’lumotlar bilan qay darajada to‘ldirilgani men uchun muhim emas. Eng muhimi – insonning inson bo‘lishi. Men inson saodati haqida so‘roqlamayman, balki qanday odam baxtli bo‘lishi bilan qiziqaman. O‘troq qabilalarning to‘kin-sochinlikda yashash-yashamasligi ham meni qiziqtirmaydi.
Sizlar insonlarni mohiyati quruq bo‘shliqdan iborat formulalar bilan emas, balki har qanday sxemalar o‘rnini bosuvchi obraz bilan to‘yintirmog‘ingiz darkor.
Sizlar tarbiyalanuvchilarning u yoki bu mash­g‘ulotga bo‘lgan layoqatiga qarab hukm chiqarmang. Chunki layoqatidan qat’i nazar, tinimsiz mehnat qilgan inson boshqalardan ko‘ra oldinlab ketadi va ko‘proq yutuqqa erishadi. Doimo muhabbatni asosiy mezon qilib oling.
Sizlar o‘z shogirdlaringizda ko‘nikma hosil qilish ustida emas, balki inson bo‘lishi haqida shunday qayg‘uringki, yog‘och yo‘nayotgan o‘quvchingiz qalbi nomus va sadoqat ruhi bilan to‘yinsin. Ana shunda u yog‘ochga boshqacha mehr bilan ishlov beradi.
Insonlarning moddiy boyliklar bilan aloqalariga to‘sqinlik qiling. Kichkina odamda insonni tarbiyalar ekansiz, uni ma’naviy boyliklarga osh­no eting. Illo, busiz qalb toshga aylanib qolur.
Sizlar bolalarni fikrlashga o‘rgating. Bundan qalblar yanada ulug‘vor va saxiy bo‘lajak. Qalblarni muhabbat bilan sinang. Illo, muhabbat o‘rnini bosa oluvchi narsa bormi?
Faqat o‘z-o‘zini sevish esa muhabbatning aksidir.
Bir qarashda hatto butun boshli shaharga foyda keltirayotgan bo‘lib tuyulsa-da, sot­qinlik va yol­g‘onni ayovsiz jazolang. Sadoqatning birgina
ko‘rinishi minglab yuksak e’tiqodlarni kashf etadi. Chunki inson bir vaqtning o‘zida ham sadoqatli, ham boshqalarga nisbatan sadoqatsiz bo‘la olmaydi. Asl sadoqatli kishi barcha sohada va har qanday vaziyatda sadoqat ko‘rsatadi. Biroq hamkor birodari bo‘lgan kishiga nisbatan xoinlik qilgan zot sadoqatli bo‘la olmaydi…
Sizlar kechirimlilik va mehr-shafqatdan saboq berishingiz zarur emas. Chunki bu sifatlarni noto‘g‘ri talqin etish ziyon yetkazuvchi illatlar oldida tiz cho‘kishga olib kelishi mumkin. Lekin faqatgina insonning inson bilan hamkorligi vositasida amalga oshuvchi hammaning hamma bilan hamkorligini targ‘ib eting. Sizlar komillikka yo‘naltirilgan didni tarbiya qilmog‘ingiz zarur. Illo, har bir ish Yaratganga yaqinlashuvdir. Bu harakat o‘lim bilangina o‘z intihosini topgay.

Check Also

Xush kelibsan, Mehrjon!

Bayram ssenariysi TARBIYACHI: – Bog‘bon yig‘ib hosilin, Bozor tomon chog‘lansa, Ayting-chi, do‘stlar bu chog‘, Qaysi …