Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi

16-MASHG‘ULOT

Vaqt haqida tasavvur
Hafta kunlarining ketma-ketligi haqidagi tasavvurlarni mustahkamlash

Maqsad: bolalarga hafta kunlarining ketma-ketligini tushuntirish va ularning nomlarini tartib bilan ayta olishni o‘rgatish.
Kerakli jihozlar: oq qog‘oz, rangli qalamlar, koptok.
Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: — Bolajonlar, bir haftada nechta kun bor? Kim menga hafta kunlarini ketma-ket aytib beradi?
Bolalar javobi.
— To‘g‘ri, dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma, shanba, yakshanba. Yonimga 7 ta bola kelsin. Har biringiz hafta kunlarining biri bo‘lasiz. Kimga haftaning qaysi kunini aytsam, u o‘z o‘rnini topib turadi.
Bolalar 3 ta kichik guruhlarda hafta kunlarining nomlanishi bo‘yicha tartib bilan bir qator bo‘lib turishni mashq qiladilar.
Bolalar uchun amaliy ish.
Stolga doiralar va rangli qalamlar qo‘yiladi. Tarbiyachi bolalarga 1 dan 7 gacha yozilgan 7 ta doirani bir qator qilib ketma-ket tartib bilan qo‘yishni aytadi. Bu doiralarni 7 xil rangga bo‘yashni va hafta kunlari bilan nomlab, aytib berishlarini so‘raydi.

11-rasm.
Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin: “Keyingisini ayting”
Bolalar doira shaklida, tarbiyachi esa o‘rtada koptok ushlab turadi.
O‘yin qoidasi. Tarbiyachi qo‘lidagi koptokni doira bo‘ylab navbat bilan bolalarga irg‘itadi va hafta kunlarini ketma-ketlikda aytishni so‘raydi. 1-bola “dushanba” deb koptokni ilib oladi va tarbiyachiga qaytaradi. 2-bola koptokni ilib olib, “seshanba” deb koptokni tarbiyachiga qaytaradi. Bolalar shu tartibda hafta kunlarini tartib bilan aytadilar, 8-bola yana hafta kunini boshidan boshlab aytadi.
Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:
1. Bir hafta necha kundan iborat?
2. Nima uchun har bir hafta kunlari o‘z nomiga ega?
3. Qaysi kunlari bog‘chaga kelmay, uyda dam olasizlar?
4. Seshanbadan keyin qaysi kun keladi?
5. Payshanbadan keyingi kun qanday ataladi?
6. Shanbadan oldingi kunni ayting.
7. Qaysi kundan keyin yakshanba keladi?
8. Dushanbadan oldingi va keyingi kun qaysi?
Tarbiyachi mashg‘ulot davomida bolalarni rag‘batlantirib boradi.
17-MASHG‘ULOT
Son va sanoq
Misol yechishga o‘rgatish
Maqsad: bolalarga 10 soni ichida qo‘shish va ayirishga doir misollarni raqamlar yozilgan qog‘ozlar yordamida ifodalab yechishni o‘rgatish.
Kerakli jihozlar: 1 dan 10 gacha raqamlar yozuvi (katta o‘lchamda 2 tadan, har bir bola uchun kichik o‘lchamda 2 tadan).
• Qo‘shuv (+), ayiruv (-), teng (=) belgilari (katta o‘lchamda 4 tadan, har bir bola uchun kichik o‘lchamda 2 tadan).
• Sport halqasi – 4 ta.
• Yulduzchalar.
Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: — Bolajonlar, agar e’tibor bergan bo‘lsangiz men xonamizga 1 dan 10 gacha bo‘lgan raqamlarni qog‘ozga yozib ilib qo‘ydim. Qaranglar, men qog‘ozga qanday belgilarni chizib ilib qo‘yganman?
Bolalar javobi.
— To‘g‘ri aytdingiz, bu qo‘shuv “+”, ayiruv “–” va teng “=” belgilari. Biz raqamlar va amallar yordamida misollar tuzishni o‘rganamiz. Bolalar, ularga yaxshilab e’tibor beringlar. Belgilar xursand bo‘lib sizlarga qarab turibdi. Lekin mana bu “teng” belgisi xursandga o‘x­shamaydi. Chunki bu belgi: “Bolalar misollarni tuzib olib, keyin to‘g‘ri yecha olarmikan?”, deya o‘ylanib turibdi. Bolalar, biz albatta teng belgisini ham xursand qilamiz-a? Bolalar javobi.
TARBIYACHI: — Teng belgisini xursand qilishni xohlasangiz, menga yaxshilab quloq soling. Men sizlarga misollar tuzishni va ishlashni o‘rgataman. Qo‘limda 2 raqami yozilgan qog‘ozni olib, doskaning chap tomoniga, 3 raqamini esa o‘ng tomonga joylashtiraman. Qo‘shishga doir misol tuzmoqchi bo‘lsak 2 va 3 raqamlarining o‘rtasiga “+” belgisini qo‘yamiz. Demak, 2 ga 3 ni qo‘shsak, 5 bo‘ladi. 2+3=5
Mana teng belgisi misolni to‘g‘ri yechganimiz uchun xursand bo‘ldi. Ayirishga doir misol tuzishda avvalo, raqamlarning katta-kichikligiga e’tibor berish kerak. Chunki bu misolda oldin katta son yoziladi.
Masalan: 3-1=2
Bolalar uchun amaliy ish.
Bolalarga raqamlar yozilgan qog‘ozlardan foydalanib misollar tuzish taklif etiladi. Kichkintoylar o‘zlari xohlagan raqamlardan foydalanib misollar tuzadilar. Tarbiyachi bolalar i­shini kuzatib “Sening teng belging juda xursand”, “Sening teng belging xafaroq, qara misol tuzishda biroz xato qilganga o‘xshaysan?” deb ularning ishini baholab boradi.
Tetiklashtiruvchi mashq (ixtiyoriy).
Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin: “To‘g‘­risini top!”
TARBIYACHI: — Bolajonlar, hozir siz bilan “To‘g‘risini top” o‘yinini o‘ynaymiz. Men xonaga 4 ta halqa qo‘yaman. Bu halqalar ichidagi raqamlar yozilgan qog‘ozlardan foydalanib misollar tuzaman va hisoblayman. Misollarning barchasi ham to‘g‘ri hisoblangan bo‘lmasligi mumkin. Sizlar qaysi halqalar ichidagi misol to‘g‘ri tuzilgan va javobi to‘g‘ri hisoblanganligini topasizlar.
O‘yin qoidasi. Bolalar 4 ta guruhga bo‘linib turadilar. Har bir guruhdan bittadan bola misollarni tekshiradi. Tarbiyachi “To‘g‘risini top”, deb aytgandan so‘ng, shu to‘rtta bola to‘g‘ri ishlangan misolning yoniga borib turib oladilar. To‘g‘ri topgan kichkintoylarga yulduzcha beriladi. Eng ko‘p yulduzcha to‘plagan guruh o‘yin g‘olibi bo‘ladi.
Bolalar bilimini tekshirish, mustahkamlash uchun topshiriq va savollar (bolalar topshiriq va savollarga sonlar yozilgan kartochkalar yordamida hisoblab javob beradilar):
1.    2 soniga 2 ni qo‘shsak necha bo‘ladi?
2.    1 soniga 2 sonini qo‘shish mumkinmi?
3.    Qo‘shish uchun qaysi belgidan foydalanamiz?
4.    Ayirish uchun qaysi belgidan foydalanamiz?
5.    4 ga 1 ni qo‘shsak necha bo‘ladi, 2 ga 3 ni qo‘shsak-chi?
6.    Qo‘shish va ayirishning farqi nimada?
7.    5 soniga 1 sonini qo‘shing. 4 soniga 2 sonini qo‘shing.
Tarbiyachi mashg‘ulot davomida bolalarni rag‘batlantirib boradi.

Zulxumor RAHMONQULOVA,
MTMXQTMORO‘MM bo‘lim boshlig‘i.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 20-MASHG‘ULOT Son va sanoq 1 dan …