Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish
bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi

12-MASHG‘ULOT
Vaqt haqida tasavvur

Maqsad: bolalarning kun va tun ketma-ketligi, kundalik faoliyat­larining taqsimlanishi ha­qidagi tasavvurlarini kengaytirish.

Kerakli jihozlar: quyosh, oy, yulduzlar rasmi.

Mashg‘ulotning borishi:
TARBIYACHI: – Aziz bolajonlar, sizlarga o‘tgan mashg‘ulotlarimizda “Kenja botir” o‘zbek xalq ertagini aytib bergan edim. Kelinglar, bolalar, ertakni yana bir bor eslaylik. Qadim zamonda uch aka-uka bor ekan, To‘ng‘ich va O‘rtancha akalar biroz maqtanchoqroq, Kenja botir bo‘lsa aqlli, mulohazali, odobli ekan. Bir kuni ular yashaydigan yurtda odatdagidek, atrofga tun cho‘kibdi va odamlar uyquga yotibdilar. Ular uyqudan uyg‘onishsa ham tong otavermabdi, uxlayverib-uxlayverib zerikishibdi va qorinlari ochibdi. Oxiri tashqariga chiqib, osmonga qarashsa, osmonda oy ham, yulduzlar ham yo‘q emish. Garchi yonma-yon turgan bo‘lsalar-da, tun zulmati bois bir-birlarini ko‘ra olmas emishlar. Shunda keksalar “Ha, bundan yuz yil oldin ham xuddi shunday bo‘lgan edi, quyosh, oy va yulduzlarni yana devlar o‘g‘irlab ketibdi. Kim ularni devlardan qaytarib olib keladi?” deyishibdi. Uch aka-uka ularni tutqunlikdan ozod etish uchun yo‘lga tushibdilar, ko‘p sargu­zashtlarni boshdan ke­chiribdilar. Nihoyat, Kenja botir o‘zining aqli va donoligi bilan quyosh, oy va yulduz­larni qaytarib olib kelibdi va bu yurtda vaqt yana o‘z iziga tushibdi.
–    Bolalar, agar quyosh, oy, yulduzlar bo‘l­masa, biz vaqtni bilishga qiynalar ekanmiz-a?
Bolalar javobi.
– Bolajonlar, kelinglar, “Topgan-topaloq” o‘yinini o‘ynaymiz. Men sizlarga biror-bir vaqtni ta’riflab beraman, sizlar ta’rif bo‘yicha bu qaysi vaqt ekanligini topasizlar.
– U vaqtda insonlardan oldin qushlar uyg‘onadi va bir-biri bilan suhbatlashib, sayraydi. Bu qaysi vaqt? (Tong, sahar)
– U vaqtda onalarimiz nonushta tayyorlaydilar va biz nonushta qilgach bog‘chaga kelamiz. (Ertalab)

– Mashg‘ulotlarni o‘tib bo‘lib, sayrga chiqamiz va o‘ynaymiz. (Kunduz)
– U vaqtda sayrdan kelib, yuz-qo‘llarimizni yuvib, ovqatlanamiz, so‘ng biroz dam olish u­chun uxlashga yotamiz. (Kunduz)
– Uyqudan uyg‘ongach ovqatlanamiz, bu qaysi vaqt? (Kunduz)
– U vaqtda biz bog‘chadan uyga ketamiz.  (Kechqurun)
– Uyga borgandan so‘ng ovqatlanamiz va bu vaqtda barcha uyquga ketadi. Aytinglarchi, bu qaysi payt? (Tun)
Tarbiyachi o‘yin davomida bolalarga yana savollar berib boradi.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, endi ushbu topishmoqning javobini toping:

Har kun yerga tushadi,
Ikkita sara parda.
Ikki rangda ikkovi,
Oq parda, qora parda.
Tushganda qora parda,
Oq parda berkinadi.
Oqi tushsa agarda,
Qorasi chekinadi.
(Kun va Tun)

Bilimlarni mustahkamlash uchun o‘yin: “Pantomimo”
Tarbiyachi bolalarni 3 tadan qilib guruhlarga bo‘lib, har bir guruhga o‘yin shartini tushuntiradi. O‘yin sharti: kun-tun qismlarini ovozsiz harakatlar bilan ko‘rsatib berish.

Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:

1.    Siz ertalab bo‘lganini qanday bilasiz?
2.    Tush bo‘lganini qanday bilamiz?
3.    Bog‘chaga qaysi vaqtda kelasiz?
4.    Bog‘chadan uyga qaysi paytda ketamiz?
5.    Oy osmonga qachon chiqadi?

Tarbiyachi mashg‘ulot davomida bolalarni rag‘batlantirib boradi.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 20-MASHG‘ULOT Son va sanoq 1 dan …