Aql qayrog‘i

14-MASHG‘ULOT

Miqdor (Kattalik)
Narsalarni 2, 4, 8 ta teng bo‘lakka bo‘lish va natijasini yarim, chorak (to‘rtdan bir),
nimchorak (sakkizdan bir) kabi atalishini bilishga o‘rgatish

Maqsad: Narsalarni bo‘laklarga bo‘lish natijasida yarim, chorak, nimchoraklar hosil bo‘­lishini o‘rgatish.

Kerakli jihozlar: Ko‘rgazmali namunalar. Doira va to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi rangli qog‘ozlar (har bir bolaga uchtadan), qaychi (har bir bolaga bittadan). Olmalar.

Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolajonlar, bugun men sizlarni bir narsa bilan mehmon qilaman, lekin bu hozircha sir. Mashg‘ulotdan so‘ng uning nimaligini bilib olasizlar.
Hikoya eshitishni xohlaysizlarmi? Men sizlarga Hasanboy va Husanboy haqida hikoya aytib beraman. Hasanboy va Husanboy ham sizlarga o‘xshab bog‘chaga borar ekan. Oyisi yoki dadasi ularni bog‘chaga olib borayotganda yo‘ldagi do‘konlardan biror narsa olib berishlarini yaxshi ko‘rishar ekan. Bolalar, bu yaxshi odatmi?
Bolalar: – Yo‘q, biz ota-onamizning pullarini tejashimiz zarur.
Bir kuni Hasanboy va Husanboylar bog‘chaga ketayotganlarida oyisiga “Do‘kondan narsa olib bering”, deb xarxasha qilishibdi. Oyisi bitta shirin kulcha olib uni ikkiga bo‘lib yeyishlarini aytibdi.
Hasanboy va Husanboy bog‘chada shirin kulchani bo‘lib yeyishmoqchi bo‘lishibdi. “Non­ni men bo‘laman, sen o‘zingga ko‘prog‘ini olib qolishing mumkin”, deb tortishibdilar. Ularning janjalini bir o‘rtog‘i kuzatib turgan ekan.
– Kelinglar, nonni men bo‘lib beraman, –deb nonni ikkiga bo‘lgan ekan yarmi kattaroq bo‘linibdi. Hasanboy va Husanboylar: – Yo‘q, yo‘q kerak emas, nonning bir bo‘lagi katta bo‘lib qoldi. Katta tomonini menga ber, – deb yana janjal qilishibdi. Ularning o‘rtog‘i: “To‘xtanglar, hozir sizlarga teng qilib beraman”, – deb nonning yarmini yeb qo‘yib, qolgan qismini yana ikkiga bo‘libdi.
Nonning yarmi yana katta, yarmi kichkina bo‘lib qolibdi. Kulchaning kichkina bo‘lagini teng bo‘lib aka-ukaga beribdi, katta qismini yana o‘zi yeb qo‘yibdi. Chunki non juda ham shirin ekan-da. Hasanboy va Husanboylarga nimchorak non tegibdi.
Ular qo‘llaridagi kichkina non bo‘lagiga qarab: “Ochko‘zlik va qizg‘anchiqlik qilmaganimizda ko‘proq yer edik”, deb afsuslanib qoli­shibdi. Bundan keyin narsalarni ahillikda, teng ikkiga bo‘lib yeyishni odat qilishibdi. Bolalar sizlarga hikoya yoqdimi? Bolalar javobi.
Tarbiyachi yarimta, chorak, nimchorak haqida to‘la tushuncha beradi.
Jismoniy daqiqa: bolalar “Kulcha non” qo‘shig‘ini kuylab, raqsga tushadilar.
Bolalar uchun amaliy ish.
Har bir bola uchun stolga 3 tadan doira, qaychi qo‘yiladi.
Tarbiyachi kichkintoylarga doira shaklini teng ikkiga buklab, buklangan joylarini barmoqlari bilan tekislashlarini aytadi.
Tarbiyachi: – Bolajonlar, qaranglar, bu aka-uka Hasanboy va Husanboylarning kul­chasiga o‘xshar ekanmi? Kelinglar, biz ham uni yarimtaga bo‘lib ko‘raylik.

9-rasm.

Bolalar 1-doirani 2 ga, 2-doirani 4 ga, 3-doirani 8 ga bo‘ladilar.
Buning uchun bolalar 1-doirani o‘rtasidan buklaydilar va hosil bo‘lgan chiziq bo‘ylab qay­chida qirqadilar. Keyingi doirani ham ikkiga buklab, qog‘ozni yozib, chiziqlariga e’tibor qaratiladi. Buklangan qog‘ozni yana ikkiga buklab qaychida qirqadilar. So‘ng butun, yarim, chorak qismlarni ustma-ust qo‘yib, chorak nimaligini bilib oladilar.
Boshqa doirani olib uni 8 bo‘lakka bo‘ladilar, tarbiyachi doiraning 8 dan bir bo‘lagi nimchorak deyilishini tushuntiradi.
So‘ng to‘g‘ri to‘rtburchak shaklini ham 2 ga, 4 ga va 8 ga bo‘lish o‘rgatiladi.

Bolalar bilimini tekshirish va mustahkamlash uchun savollar:

1. Hasanboy va Husanboylar odobli bolalar ekanmi?
2. Ular nonni qanday qilib bo‘lib yedilar?
3. Kulchani yarimta qilish uchun nechaga bo‘lish kerak?
4. Chorak qism uchun nechaga bo‘lish kerak?
5. Nimchorak qilish uchun nechta qismga bo‘lish kerak?

Mashg‘ulot yakuni:

Tarbiyachi: – Bolalar, barchangiz mash­g‘ulotda yaxshi qatnashdingiz. Endi hammamiz qo‘limizni yuvib kelamiz. Men sizlarni olmalar bilan mehmon qilaman.
Olmalar oldin yarimta, keyin chorak va nihoyat, nimchorakka bo‘lib bolalarga beriladi.

10 -rasm.

Tarbiyachi: – Bolalar, olmaning yarmini yeyish uchun nechta bo‘lakka bo‘lishimiz kerak?
Bolalar javobi.
– To‘g‘ri, 2 bo‘lakka bo‘lishimiz kerak. Chunki olmaning yarmini 2 ga bo‘lsak chorak bo‘ladi, chorakni 2 ga bo‘lsak nimchorak bo‘ladi. 4 ta nimchorakdan bitta yarim hosil bo‘ladi.

Check Also

Aql qayrog‘i

Maktabgacha yoshdagi bolalarda matematik tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar ishlanmasi 20-MASHG‘ULOT Son va sanoq 1 dan …