Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | BAHORDA UCHIB KELUVCHI QUSHLAR

BAHORDA UCHIB KELUVCHI QUSHLAR

Suhbat
Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga uchib kelib-ketuvchi qushlar haqida tushuncha berish, ularning tashqi ko‘rinishi, o‘ziga xos xususiyatlari hamda hayot tarzi bilan tanishtirish, qushlarga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish hissini tarbiyalash, kuzatuvchanlik va qiziquvchanliklarini oshirish; savollarga to‘liq javob berish, mustaqil applikatsiyaga o‘rgatish; geometrik shakllar nomini mustahkamlash; topishmoqlarni tezlik bilan topishga o‘rgatish, aqliy qobiliyatlarini mustahkamlash; bolalar diqqati, xotirasi tasavvuri va nutqini rivojlantirish, faolligini ta’minlashda kompyuter orqali ta’limiy o‘yin, mantiqiy mashq va kuylardan foydalanish.
Kutilayotgan natija: bolalar uchib kelib-ketuvchi qushlar haqida tasavvurga ega bo‘ladilar. Qushlarning hayot tarzi bilan tanishadilar. Ularga nisbatan muhabbat uyg‘onadi. Ularni ardoqlash kerakligini tushunadi.
Zarur jihozlar: kompyuter ekranida issiq o‘lkalarga uchib ketuvchi qushlarning rasmlari (qaldirg‘och, turna, laylak, bulbul), gugurt cho‘plari, yog‘ochdan yasalgan uycha, mo‘yqalam, oq qog‘oz, sa’vaning rasmi va uycha shaklini yopishtirish uchun tayyorlangan rangli qog‘ozlar)
Tayyorgarlik ishlari:
1. Tarbiyachi Quddus Muhammadiyning “Bahor” she’rini o‘qib beradi. Uchib ketgan qushlarning qaytishi, nima uchun ular uchib kelib-ketuvchi qushlar deyilishi to‘g‘risida tarbiyachining hikoyasi tinglanadi.
2. “Issiq o‘lkalarga uchib ketuvchi qushlar” rasmi, ularning har biri haqida so‘zlab berish va suhbatlashish.
– Bolalar kim laylak, qaldirg‘och, turna, bulbulni ko‘rgan?
– Kim bulbulning sayrashini eshitgan?
Suhbat davomida bolalar savollarga to‘liq javob berishlari kerak.
3. Qushlar (qaldirg‘och, turna, laylak, bulbul) haqida topishmoq aytish.
4. Maktabgacha ta’lim muassasasi hovlisidagi daraxtlarning birontasiga ota-onalar yordamida yasalgan uychani o‘rnatish.
5. Sayr vaqtida qushlarni kuzatish.
6.Tabiat burchagida bolalarning mustaqil ko‘rishlari uchun “Issiq o‘lkalarga uchib ketuvchi qushlar” haqidagi rasmlar va rangli kitobchalarni tashkil qilish.
7. Bahorda barcha qushlar uy qurishlari yoki mavjud uyalarini ta’mirlashlari, so‘ngra esa tuxumlaridan bola ochishlari, polaponlari ustida qayg‘urishlari haqida tarbiyachining hikoyasi.
Mashg‘ulotning borishi: bolalar doira bo‘lib turadilar. Tarbiyachi bolalar bilan suhbat olib boradi.
TARBIYACHI: – Bolalar hozir qaysi fasl?
BOLALAR: – Bahor.
TARBIYACHI: – Janubdan biz tomonga qanday qushlar uchib keladi?
BOLALAR: – Qaldirg‘och, laylak, turna, bulbul.
TARBIYACHI: – Bolalar, nega ularni uchib kelib-ketuvchi qushlar deymiz?
BOLALAR: – Chunki ular kuzda issiq o‘lkalarga uchib ketadilar, bahorda esa qaytib keladilar.
TARBIYACHI: – Bolalar, uchib kelib-ketuvchi qushlarning qaysilari to‘g‘risida eshitgansiz? Ularni ko‘rganmisiz?
Javoblar berilgandan so‘ng tarbiyachi bolalarga stol atrofiga o‘tirishni va stoldagi rasmda tasvirlangan uchib ketayotgan qushlar galasini tomosha qilishni taklif qiladi.
TARBIYACHI: – Bolalar, ayting-chi, qaysi qushlar galasi uchib ketyapti? Hozir biz shu qushlar galasini gugurt cho‘plar yordamida yasaymiz. Buning uchun bizga nechta gugurt cho‘p kerak bo‘ladi?
Bolalar nechta qush uchib ketayotgan bo‘lsa, o‘sha sonni aytishadi. Tarbiyachi esa bolalar ishlarini kuzatadi va baholaydi.
TARBIYACHI: – Hozir sizlar bilan kompyuterda o‘yinlar o‘ynaymiz, xohlaysizmi? Yaxshilab kuzating. Siz ekrandagi qushlarning qaysi biri ortiqcha ekanini aytasiz. (“To‘rtinchisi ortiqcha” o‘yini. Bolalar uchib ketuvchi va qaytuvchi hamda qishin-yozin yashovchi qushlarni farqlab nomini aytadilar. Masalan: Sa’va, turna, laylak va musicha, qaldirg‘och, jiblajibon, so‘futurg‘ay va mayna”).
Mashg‘ulot davomida tarbiyachi yog‘ochdan yasalgan uychani tomosha qilib, suhbatni davom ettiradi.
— Bolalar, qushlar o‘z uylariga qaytib kelganlaridan so‘ng nima qiladilar?
— Bolalar qaldirg‘ochlar nima uchun odamlarga yaqin joylarga uy quradi?
— Bolalar, odamlar uychalarni qaysi qushlar uchun joylashtiradilar?
Tarbiyachi bolalarga “Baliq, qush va hayvonlar” o‘yinini o‘ynashni taklif qiladi.
Bolalar doira bo‘lib turadilar. Doira o‘rtasida tarbiyachi-boshlovchi qo‘lida to‘pni ushlab turadi. Boshlovchi ishtirokchilarning birortasiga to‘pni otib, “hayvon” deydi, to‘pni ilib olgan bola birorta hayvonning nomini aytib, boshlovchiga qaytaradi. Boshlovchi to‘pni otib, “baliq” yoki “qush” desa, to‘pni tutib olgan bola baliq yoki qushning turini aytib, boshlovchiga to‘pni qaytarishi kerak bo‘ladi. O‘yin tugagach bolalar joylariga o‘tiradilar. Tarbiyachi bolalarga qush uchun in yasashni taklif qiladi. Navbatchilar tomonidan oldindan tayyorlangan yelim, mo‘yqalam, qog‘oz, turli geometrik shakllar stollarga taqsimlanadi. Geometrik shakllarning nomlari bolalar bilan birgalikda takrorlab olinadi, so‘ngra qog‘ozga uychani qanday yopishtirish ko‘rsatib beriladi.
Bolalar mustaqil ishlayotganlarida, tarbiyachi shakllarni to‘g‘ri joylashtirilayotganini kuzatadi, zarur joylarda yordam beradi. Barcha topshiriqni bajarib bo‘lishgach, tarbiyachi bolalarga qush shakllarini tarqatadi va qush uychalarini ko‘rib olishlarini va “Qushlar uychalari bilan qanday tanishadilar?” o‘yinini o‘ynashni taklif qiladi. Qushlar uychaning oldin ustidan, keyin esa tagidan uchib o‘tdilar va unga qo‘ndilar.
TARBIYACHI: – Endi sizlarni kompyuter oldiga taklif qilaman, diqqat bilan ekrandagi qushlarning nomini ayting. Uylarning belgilarini kuzatib, diqqat bilan eslab qoling. Eslab qoldingizmi? Endi keyingi sahifaga o‘tamiz. Qani qaldirg‘och uyining tomi qanday edi. Mana bu yashil tomli uy qaysi qushniki edi?
Barcha qushlar uyining tomi so‘raladi. O‘yin oxirida tarbiyachi qushchani rasmga yopishtirib qo‘yib, u haqida hikoya qilib beradi. Sen qanaqa qush bo‘lmoqchisan, deb bolalardan so‘raladi, kompyuterda musiqa yangraydi, qushlar harakati bajariladi.
Mashg‘ulot jarayonida bolalar rag‘batlantirib boriladi.

Nigora KAZAKOVA,
Uchtepa tuman Xalq ta’limi muassasalarini metodik
ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi
388-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi.

Check Also

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma …