Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” –
akvariumlar chizishni o‘rgatish mashg‘uloti)

Bolalarda maktabgacha yosh davridan boshlab yerosti va yerusti boyliklarini asrab-avaylash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish kabi xislatlarni tarkib toptirish davr talabidir. “Bolajon” dasturida turli yosh guruhlari uchun ekologik tarbiya berish bo‘yicha ta’lim-tarbiya vazifalari ko‘rsatilgan. Tarbiyachi ushbu vazifalarni tabiat bilan tanishtirish mashg‘ulotlarida va kun tartibining barcha qismlarida bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiradi. Dasturda katta guruh bolalari uchun “Bolalarga suvning inson hayoti uchun zarurligi, yer yuzidagi eng bebaho boylik ekanligi, uni asrash bizning burchimiz ekanligi haqida tu­shuncha berish” vazifasi qayd qilingan. Ularga ertalab gullarga suv quyish, gul barglarini changdan tozalashda suvning zarurligi tushuntiriladi. Sayr paytida suv ichayotgan qushni yoki birorta jonivorni kuzatishni buyurish mumkin. “Suvning xususiyatlari bilan tanishtirish va akvariumdagi baliqlarni chizish” mavzusida mash­g‘ulot tashkil qilinadi. Namuna sifatida quyidagi mashg‘ulot matni keltirib o‘tilgan.
Mashg‘ulot: Tabiat bilan tanishtirish. (Rasmlar orqali)
Mavzu: “Suvning xususiyatlari bilan tanishtirish va akvariumdagi baliqlarni chizish”
Maqsad:

– ta’limiy;
Suvning suyuq, rangsiz, sochiluvchan ekanligi haqida tushuncha berish. Insonlar, barcha jonivorlar, o‘simliklar suvsiz yashay olmasliklarini tushuntirish. Bo‘yoqlardan to‘g‘ri foydalangan holda turli ko‘rinishdagi baliqlarni chizish ko‘nikmasini hosil qilish.

– tarbiyaviy;
Suvni iflos qilmaslikka, tejab foydalanishga, stol ustiga, kiyimlariga bo‘yoqni to‘kmaslikka chaqirish.

– rivojlantiruvchi;
Fikrlash qobiliyatini, mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish.

Kerakli jihozlar: to‘p, idishlar, suv, tuz, asal, shakar, limon, og‘ir va yengil hajmdagi mayda narsalar, ko‘l, ariq, daryo tasvirlangan rasmlar. Bo‘yoqlar, mo‘yqalamlar, rasm qog‘ozlari. O‘r­dak, g‘oz, baliq tasvirlangan rasmli kartochkalar va rag‘bat kartochkalari (yulduzchalar).

Mashg‘ulotning borishi:

I. Bolalarga “Suv haqida nima bilasiz?” degan umumiy savol tashlanadi. Tarbiyachi to‘pni navbati bilan bolalarga otadi. To‘pni ilib olgan bola suv haqida nimani bilsa, shuni aytadi va to‘pni tarbiyachiga qaytarib otadi. “Suvni ichamiz”, “Qo‘llarimizni yuvamiz”, “Gullarni su­g‘o­ramiz”, “Qushlar suv ichadi” va hokazo.

II. Tarbiyachi bolalarga suv haqida gapirib beradi. Uning suyuq, rangsiz, sochiluvchan ekanligi to‘g‘risida stakandagi suvni ko‘rsatib tushuntiradi. Agar suv bo‘lmasa insonlar, hayvonlar, qushlar, hasharotlar yashay olmasligi, o‘simliklar, daraxtlar qurib qolishi mumkinligini uqtiradi. Suvdan foydalanishda isrof qilmaslikka, jo‘mrakni ochiq holda qoldirmaslikka chaqiradi. Suv ariqlarda, ko‘llarda, daryolarda bo‘lishi rasmlar orqali ko‘rsatiladi. Har xil chiqindilarni ariqlarga tashlamaslik, hatto suvga tuflasa, gunoh bo‘lishi to‘g‘risida tushuncha beradi. Ifloslangan suvni inson va hayvonlar ichsa, kasallanishi mumkinligi ta’kidlanadi. Qattiq sovuqda suv muzga aylanishi tushuntiriladi.

III. Bolalar o‘rdak, g‘oz, baliq rasmlarini tanlashlariga qarab 3 guruhga ajratiladi.
– “O‘rdaklar” guruhi “cho‘kadimi-oqadimi” o‘yinini;
– “G‘ozlar” guruhi suvni rangli suvga aylantirish tajribasini;
– “Baliqlar” guruhi suvning ta’mini aniqlash bo‘yicha “ta’midan top” o‘yinini o‘tkazi­shadi.

“O‘rdaklar” guruhi tog‘oradagi suvga kichik toshlar, temir bo‘laklari, cho‘plar, po‘kaklar, qog‘oz bo‘laklari, plastmassadan yasalgan mayda o‘yinchoqlarni solib, cho‘kishi yoki cho‘­k­masligini aniqlaydilar. “G‘ozlar” jamoasi stakanlardagi suvlarga bo‘yoq solib har xil rangli suvlarga aylantirib, tajriba o‘tkazadilar. “Baliqlar” guruhi bolalari limon suvi, tuz, shakar, asal solingan suvlarning ta’mini ko‘zi bog‘langan holatda aniqlaydilar. Tajriba tugagach, har bir guruhdan bitta sardor chiqib o‘tkazgan tajribasini gapirib beradi. So‘ngra bolalar charchoqni yozuvchi “Baliqlar” o‘yinini o‘ynaydilar.
O‘yin tartibi: Bolalar yarim doira bo‘lib o‘tiradilar. Navbati bilan “sazan baliq”, “cho‘rtan baliq”, “laqqa baliq” deb aytishadi. Qaysi baliqning nomini aytganligini eslab qolishlari tayinlanadi. Tarbiyachi “laqqa baliqlar” deb aytsa, “laqqa baliq” deb aytgan bolalar o‘rinlaridan turib xona bo‘ylab laqqa baliqning suvda suzish harakatini bajaradilar. Tarbiyachi sekin bitta o‘tirg‘ichni chekkaga olib qo‘yadi. Tarbiyachi “Suzishdan to‘xtadi” deb aytishi bilan bolalar tezda o‘tirib olishlari kerak. Sekin harakatlangan bitta bolaga o‘tirg‘ich yetmasdan qoladi. Bu bola “boshqaruvchi” bo‘ladi. Boshqaruvchi “sazan baliqlar” desa, bolalar sazan baliqning suvda suzish harakatini bajaradilar. Yana bitta o‘tirg‘ich olib qo‘yiladi. O‘yin shu tariqa davom etadi.
O‘yin tugagach, bolalar “akvariumdagi baliqlar” mavzusida rasm chizadilar. Har qaysi bolaning rasm qog‘ozi quyidagicha tayyorlanadi. Rasm qog‘ozning yarmiga akvarium va uning ichida baliqlar chiziladi. Ikkinchi yarmiga esa faqat akvarium chizib qo‘yiladi. Bolalar qog‘oz varag‘ining birinchi qismidagi baliqlarga o‘xshatib, ikkinchi qismidagi akvarium ichiga baliqlarni chizadilar. Tarbiya­chi bolalar ishini kuzatadi. Qiynalganlarga yordam beradi. To‘g‘ri chizayotganlarni rag‘batlantiradi. Nechta baliq chizganini so‘raydi. Mashg‘ulot jarayonida tarbiyachi bolalarning ishtirokiga qarab rag‘bat kartochkalarini berib boradi (yulduzchalarni). Mashg‘ulot oxirida bolalarning rag‘bat kartochkalari sanaladi va o‘rni aniqlanadi. Eng ko‘p rag‘bat kartochkasi to‘plagan bola shohona bezatilgan taxtda o‘tirishga taklif qilinadi. Kamroq yulduzcha yiqqan bolaga toj kiydiradi.
Mashg‘ulot jarayonida “kichik guruhlarda ishlash” metodidan foydalanish, bolalarni tajriba o‘tkazishga jalb qilish ularni erkin harakat qilishga, mustaqil mushohada yuritishga undaydi. Natijada mashg‘ulotdan ko‘zda tutilgan maqsad amalga oshiriladi. Yana ahamiyatli jihati shundaki, ushbu mashg‘ulot orqali O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi tabiatni asrab-avaylash, muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan moddalarning mazmuni bolalar ongiga oson singdiriladi.

Maryam AHMEDOVA,
VXTXQTMOI katta o‘qituvchisi.

Check Also

Pedagogik texnologiya afzalliklari

Ta’lim-tarbiyaning samarasini ta’minlash uchun, albatta, tarbiyalanuvchining yoshini va qiziqishlarini inobatga olishimiz zarur. Chunki bolaga bilim …