Baroqxon


Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, och ekan-da to‘q ekan, bitta baroq mushuk bo‘lgan ekan. U yakka o‘zi katta chinor tagidagi bir uyda yashar ekan.
Kunlardan bir kun mu­shukning bu yerda yashashini qarg‘a bilib qolibdi va u hamma hayvonlarga aytib qo‘yibdi. Qarg‘adan bu gapni eshitgan tipratikan mushukning uyiga kelibdi-da:
– Baroqjon, Baroqjon, e­shi­gingni och, ikkovimiz birga yashaymiz, – debdi.
– Muncha xunuksan, kelib-kelib sen bilan o‘rtoq bo‘­lamanmi? – debdi mushuk va tipratikanni uyiga kiritmabdi.
Ertasiga Baroqxonning uyiga olmaxon kelibdi.
– Baroqjon, Baroqjon, eshi­gingni och, inoq bo‘lib birga yashaylik, – debdi u ham.
– O‘zing sig‘asanmi, duming sig‘adimi, – deb mushuk olmaxonni ham uyiga qo‘y­mab­di.
Olmaxon o‘sal bo‘lib qaytib ketibdi.
Olmaxondan keyin chopqir quyon kelibdi.
– Baroqjon, Baroqjon, eshi­gingni och, yo‘l­da ochko‘z bo‘ri turibdi, – debdi u. Baroqjon quyonga ham eshigini ochmabdi.
Quyondan keyin aka-uka O‘mbaloq bilan Do‘mbaloq degan ayiqchalar kelishibdi.
– Baroqjon, Baroqjon, e­shi­gingni och, biz O‘mbaloq va Do‘mbaloq bo‘lamiz, sen bilan bir­ga o‘ynagani keldik, – deyishibdi.
Mushuk ularni kiritmabdi. Ayiqchalar un­ga yolvorib:
– Biz uyimizga boraylik desak, yo‘limizdan och bo‘ri yuribdi, jon o‘rtoq, eshigingni och, – deyishibdi.
– O‘zlaring qo‘pol ekansizlar, eshigim zo‘r­g‘a turibdi, tegib ketsalaringiz ag‘darilib tushadi, – deb ayiqchalarni ham uyiga kiritmabdi.
Bir vaqt dumini tarab tulki, labini yalab bo‘ri kelibdi:
– Baroqjon, Baroqjon, seni bir ko‘rishni or­zu qilardik, olg‘ir bobong yo‘lbars bizga qarindosh bo‘ladi, – deb mu­shukdan ruxsat so‘ramay ham o‘zlari uning uyiga kirib keli­shaveribdi. Baroqjonni gapirgani ham qo‘ymay maqtay boshlashibdi.
– Voy-voy, bu gilamlarni qarang-a, bu kiyim-boshlarni qarang-a, idish-tovoqlarni qarang-a, – deb uni taltaytirib yuborishibdi. So‘ng­ra yo‘lbarsning uyini maqtay boshlashibdi. Ularning maqtovini eshitgan Baroqjon o‘ziga-o‘zi yo‘l­barsning uyi mening uyimdan ham chiroyli ekan debdi va ularga:
– Men borib yo‘lbarsning uyini ko‘rib kelay, sizlar mening uyimni poylab o‘tiringlar, – deb yo‘lbars bobonikiga qarab ketibdi. Yo‘lda payt poylab tur­gan ko‘k bo‘ri unga tashlanibdi. Baroqxon jon holatda bo‘rining ko‘ziga chang solibdi, bo‘ri ko‘zining og‘­rig‘iga chidolmay uni qo‘yib yuboribdi. Baroqxon uyiga qay­tib kelsa, tulki bilan bo‘ri uni o‘z uyiga kiritishmabdi. Shunda Baroqxon nima qili­shini bilmay dod solibdi. Uning dod­lab yig‘lashini eshitgan tipratikan, olmaxon, quyon, O‘mbaloq va Do‘m­ba­loqlar yetib kelishibdi. Hammalari bir bo‘lib bo‘ri bilan tulkining jazosini berishibdi. Baroqxon hamma hayvonlarni uyiga o‘zi taklif qilibdi va ularga:
– Jon o‘rtoqlar, qolinglar, birgalikda do‘st bo‘lib yashaymiz, do‘stlikda gap ko‘p ekan, – debdi. Shunday qilib, Baroqxon ular bilan birgalikda bexatar yashabdi va murod-maqsadiga yetibdi.

O‘zbek xalq ertagi