Bosh sahifa | Psixolog minbari | Bilingv-bolalar

Bilingv-bolalar

(Ikki tilda so‘zlovchi bolalarda nutqning rivojlanish xususiyatlari)

Bilingvizm – bu ikki xil tilda gapira olish degani. Bilingv-bolalar ikki xil tilda bemalol o‘z fikrini bayon qila olishadi va bir tildan ikkin­chisiga osonlik bilan o‘tishadi. Ikki tilda gapirish­ni quyidagi yo‘llar bilan o‘rganish mumkin:

  • ota-ona ikki tilda gapiruvchi oilada katta bo‘layotganda;
  • bolaga ilk yoshlaridan chet tili o‘rgatilganda.

So‘nggi yillarda yer yuzida ikki xil millat vakillarining o‘zaro turmush qurayotgan holatlari ko‘payayotgani sababli bilingv-bolalar soni ham ortib bormoqda. Psixologlarning fikriga ko‘ra, bilingv-bolani voyaga yetkazish uchun kichkintoy eng kamida 40 foiz vaqt davomida ikkala tilni ham eshitishi lozim. Bundan tash­qari, olimlar ikki xil tilni bilish zehn, xotira, tezkor anglash, tushunish, matematik amallar va mantiqni tez va yaxshi o‘zlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlashdi. Bilingv-bolalar matematika, fizika, chet tillari va adabiyotni bosh­qalarga qaraganda tezroq o‘rganishadi.
Bilingv-bolalar gapirishni bir tilda so‘zlovchi tengdoshlariga qaraganda kechroq boshlaydilar. Bu har ikkala tilda ham lug‘at boyligini oshirish bilan izohlanadi. Endi tili chiqqan kichkintoyning so‘z boyligi yetarlicha bo‘lsa-da, ulardan kam foydalanadi. U vaziyatdan kelib chiqib u yoki bu tildan so‘z tanlab oladi. Bolajonning so‘z boyligini orttirish uchun ota-onalar bir nech­ta qoidalarga amal qilishiga to‘g‘ri keladi. Muloqot jarayonida ota ham, ona ham faqat bir tilda so‘zlashi kerak. Masalan, ona faqat o‘zbek tilida, ota esa ingliz. Ikkala tilni aralash qilib gapirish bolani chalg‘itadi. U mana shu mening ona tilim ekan deb o‘ylab tillarni mukammal o‘zlashtira olmaydi.
Xato gapirgani uchun bolani urishish kerak emas, uni xotirjamlik bilan tuzating. Psixologlar ikki tilni chalkashtirish kichkintoyda 4 yoshlarigacha davom etishini ta’kidlashadi. Shundan so‘ng esa bola ikki zabonda ham to‘g‘ri va ravon gapira boshlaydi. Agar bola bir tilni yax­shi o‘rganib, ikkinchisida oqsayotgan bo‘lsa ota-­ona farzandi bilan ikkinchi til ustida shug‘ullanishi lozim. Buning uchun unga o‘sha tilda ertaklar o‘qib berish, qo‘shiq va teledasturlar qo‘yib berish, ko‘proq shu tilda suhbatlashish foyda qiladi.
Ikki tilni bilish, shubhasiz, miyani harakatga keltiradi, o‘z-o‘zini nazorat qilish qobiliyatini rivojlantiradi. Bu esa unda ko‘plab aqliy sifatlarning shakllanishiga turtki bo‘ladi. Zamon talabidan kelib chiqib so‘nggi yillarda bolalarga chet tillarini o‘rgatish urfga kirmoqda. Chet tillari maktabgacha ta’lim muassasalarida ham bolalarning yoshidan kelib chiqib o‘rgatilmoq­da. Ingliz tiliga ixtisoslashgan MTMlar soni ham kun sayin ortib bormoqda. Psixologlarning fikricha, bola ikki tilda ham mukammal so‘zla­shi uchun ularni o‘rganishni eng kamida uch yoshda boshlashi lozim. Agar bola chet tilini 11 yoshdan boshlab o‘rgansa, u hech q­a­chon bilingv bo‘la olmaydi.
Bilingvizmni tadqiq qiluvchi olimlar yana bir qiziq faktni aniqlashdi. Bolaligidan ikki xil tilda gapiruvchi insonlar qariganda o‘zlarining aqliy qobiliyatlarini yaxshi asrab qolishadi, ularning xotirasi ham boshqalarga qaraganda ancha kuch­li bo‘ladi. Bu bilingvlarning suhbat vaqtida bir tildan boshqasiga oson o‘tishlari hisobiga tafakkur va nutq uchun javob beruvchi miya markazlariga navbatma-navbat dam berishi bilan izohlanadi.
Bilingv-bolada bir til asosiysi sifatida ajralib chiqadimi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, albatta. Bilingvizmning ahamiyati ham shunda. Bola ikki tilni ham yaxshi o‘zlashtirgan, u bir tildan ikkinchisiga oson o‘ta oladi. Kichkintoylar tillarni bir-biridan yaxshi ajrata olishadi. Ammo u suhbat vaqtida bir so‘zni agar uning boshqa tildagi muqobili aytishga oson bo‘lsa unga almashtirishi mumkin. Shunday holatlarda bola nutqi sekin tuzatib borilsa, u to‘rt yoshlardan so‘ng “aralash” gaplardan butunlay voz kechadi.

Check Also

Bolaning tafakkur dunyosi

Yosh avlodning barkamol, yetuk, salohiyatli inson bо‘lib kamolga yetishida ona tili va uning imkoniyatlaridan foydalanish …