Bosh sahifa | Tasviriy faoliyat | Bola fantaziyasi va applikatsiya

Bola fantaziyasi va applikatsiya

Bolalarning ijodiy qobiliyatlarini applikatsiyalar orqali shakllantirish barcha maktabgacha ta’lim muassasalari oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Maktabgacha yosh davridayoq bolada kasbga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi. Bu uning kelajakda ma’lum bir sohani to‘g‘ri tanlay olishini kafolatlaydi. Bu orqali bolada qobiliyat shakllanadi.
Pedagogikada qobiliyat deganda shaxsning biror bir soha (kasb)ga oid qiziqishini yuksak kasbiy salohiyat bilan bajarishga asos bo‘luvchi, bu jarayonda yangilikka intiluvchanlikda na-mo­yon bo‘luvchi individual-psixologik xususiyat tushuniladi.
Qobiliyatlar ichida intellektual hamda hamma sohada hal qiluvchi ahamiyat kasb etuv­chi ijodiy-kreativ qobiliyatni tarbiyalash alohida e’tiborga molik. Kreativlik deganda ijodkorlikni belgilovchi, yangi g‘oyalarni namoyon etishga intiluvchanlik, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror chiqara olishga qodirlik tushuniladi. Shuning uchun ham bola shaxsini shakllantirish­ning dastlabki bosqichlaridanoq uning ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratish, unga mos ta’limiy va tarbiyaviy jarayonni ta’minlovchi pedagogik tizim taqdim etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolalarning ijodiy qobiliyatlari, tasavvurlari, fantaziyalarini rivojlantirish uchun applikatsiya mashg‘ulotlari juda katta imkoniyatlarga ega.
Applikatsiya texnikasi maktabgacha yoshdagi bolalar ijodi uchun qulay mashg‘ulot turi bo‘lib, ularning yoshiga ham aynan mos keladi. Tarbiyachi pedagoglar tasviriy faoliyat mashg‘ulotlarida bolalarni applikatsiya texnologiyasida tasvirlashga o‘rgatishda quyidagilarga e’tiborni qaratishlari kerak:

  • bolalarga tayyor, aniq bir rangga bo‘yalgan turli shakllardan foydalanib, tasvirlar tuzishni;
  • rangli qog‘oz va kartonlardan foydalanib shakllarni qirqib olish hamda qo‘lda maydalash orqali tasvirlashga o‘rgatishni;
  • tayyor shakllar yordamida yoki namunali tasvir andoza shablonlari yordamida naqsh elementlari va tasviriy syujetlarni qirqib kompozitsiya yaratish;
  • tabiiy materiallarning rang va tuzili­shi, katta-kichikligidan foydalangan holda pred­met, kompozitsiyalar tuzishni;
  • qiyqim matolarning rang va gullaridan foydalangan holda shakllarni qaychida qirqib olib tasvirlashni;
  • monotipiya texnikasidan foydalanib tasvirlashni;
  • siluet qirqishga o‘rgatishni;
  • qaychida shakllarni mayda bo‘lakchalarga (to‘rtburchak, uchburchak, doiracha, oval va h.k.) bo‘lib tasvirlashga o‘rgatish.

Tasviriy faoliyat mashg‘ulotlarida maktabgacha yoshdagi bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun turli badiiy, tabiiy material­lardan o‘z o‘rnida foydalanib, applikatsiya texnologiyasining xilma-xil usullaridan foydalanish­ga o‘rgatish kerak.
Applikatsiya mashg‘ulotlari bir tomondan tasviriy malakalarni shakllantirsa, boshqa tomondan ularning ijodiy qobiliyatlarini rivoj-lantiradi. Tabiiy material bilan ishlash bolaning ona tabiatga nisbatan mehr-muhabbatini oshiradi, unga yaqinlashishiga katta imkoniyat yaratadi va ilk mehnatlarining shakllanishini o‘z ichiga oladi.

Check Also

Tasviriy savodxonlikni baholash

Maktabgacha ta’lim muassasalarida olib borilayotgan o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samaradorligi bir qator omillarga bog‘liq. Jumladan, …