Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Bola kamolotida mehnatning o‘rni

Bola kamolotida mehnatning o‘rni


Azal-azaldan ota-bobolarimizning karvonlari dunyo kezib, xalqimiz yaratgan hunarmandchilik buyumlari, milliy san’at namunalarini o‘zga xalqlarga tanitib kelganlar. Shu bilan birga, boshqa elatlarning eng noyob va betakror buyumlarini xarid qilib, o‘zaro savdo, madaniy aloqalarning rivojiga munosib hissa qo‘shganlar.
Yurtimiz istiqlolga erishgandan so‘ng milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, asrab-avaylash, yoshlarning hunar egallashlari hamda hunar sirlarini yetkazishda avlodlar davomiyligini saqlab qolish maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, MTMda hunarmandchilik asosida bolalarning mehnatga bo‘l­gan ishtiyoq va layoqatlarini oshirishga e’tibor qaratildi. Maktabgacha ta’­lim muassasalarida hunarmandchilik asosida yuzaga keluvchi faoliyat jarayoni, ya’ni mehnat tarbiyasining ma’lum ko‘nikmalari tarbiyachi ko‘magida shakllantiriladi. MTMdagi mehnat tarbiyasi bolalarni kattalar mehnati bilan tanishtirish va bevosita bu jarayonda o‘zlari ishtirok etadigan faoliyatga jalb qilishdan iboratdir. Tarbiyachi bolalarni kattalar mehnati bilan tanishtirish jarayonida ularda mehnatga ijobiy munosabatda bo‘lish hissini tarbiyalaydi va mehnatni tashkil etishda har bir mehnat faoliyatining mazmunini belgilovchi “Bolajon” tayanch dasturiga amal qiladi. Bolalar bog‘chasidagi mehnatning asosiy turlari bu maishiy-xo‘jalik mehnati, tabiatdagi mehnat, qo‘l mehnati; uni tashkil etish shakllari esa topshiriq, navbatchilik, bolalarning jamoa mehnati hisoblanadi.
Mehnat bolalarning ilmiy bilimlar hamda turli fanlar asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan faoliyat turidir. Ijtimoiy-foydali mehnat shaxsni har tomonlama kamol toptirish, uning muayyan ehtiyojlarini qondirish maqsadini ko‘zda tutadi.
Hozirgi davrda maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘z-o‘ziga xizmat keng yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘z-o‘ziga xizmat bolalarning ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida ularning o‘zlari tomonidan amalga oshiriluvchi mehnat faoliyati hisoblanadi.
Unumli mehnat turlari xilma-xildir. Masalan: bolalarning mehnat haftaligi, xonalarni saranjom-sarishta saqlash, o‘rin-ko‘rpalarni yi­g‘ishtirish, choy va ovqatdan keyin idishlarni olib borib qo‘yishda bog‘cha opalariga yordam berish va boshqalar.
Mehnat tarbiyasi bolalarni mehnatga psixologik va amaliy jihatdan tayyorlashni nazarda tutadi. Zero, mavjud sharoitda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar shaxs kamolotiga juda katta talablarni qo‘ymoqda. Xususan, mehnatga muhim ijtimoiy burch sifatida qarash, ma’lum faoliyatni bajarishda mas’uliyatni his etish, mehnat jamoasiga hurmat, mehnat faoliyatini tashkil etishda tashabbuskorlik, faollik ko‘rsatish, o‘z aqliy va jismoniy qobiliyatini to‘liq namoyon etishga bo‘lgan ichki ehtiyoj, mehnatni ilmiy tashkil etish yo‘lida amaliy harakatni olib borish shular jumlasidandir.
Mehnatga psixologik jihatdan tayyor bo‘lish esa tarbiyaviy ishlar tizimida amalga oshirilib, ularning har biri quyidagi vazifalarni hal etishga yordam beradi:
–    bolalar tomonidan mehnatning ijtimoiy ahamiyati, uni tashkil etish hayotiy zaruriyat ekanligining anglab yetilishiga erishish;
–    ularda mehnat faoliyatini amalga oshirish­ga nisbatan rag‘bat uyg‘otish;
–    bolalarda ijtimoiy mehnat, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish.
Ta’lim jarayonida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalar mehnat tarbiyasida pedagogik faoliyatning yakuniy natijasi emas, balki inson qobiliyatining rivojlani­shi, ya’ni mehnatga bo‘lgan layoqatni rivojlantirishning samarali vositasidir. Bu esa mehnat tarbiyasida an’anaviy usullarni emas, balki bilim olishning faol usullaridan foydalanib, bolalarda tadqiqotchilik hamda ixtirochilik malakalarini rivojlantirish metodlarini qo‘llash­ni nazarda tutadi.
Mehnat tarbiyasi bilan mehnat ta’limi bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan. Mehnat faoliyati ma’lum bilimga ega bo‘lishni talab etadi. Zero, bilim va ko‘nikmalar bolani mehnat faoliyatiga tayyorlaydi. Kichkintoylar mashg‘ulot jarayonida olgan bilimlarini uyda sinab ko‘radilar, umumiy mehnat jarayonida esa olgan bilimlari mustahkamlanadi, shuningdek, ular tashkilotchilik malakalariga ham ega bo‘ladilar. Mash­g‘ulotdan tashqari ishlar jarayonida mehnat tarbiyasi, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Mashg‘ulotdan tashqari darslarning turli shakllari bolaning texnik ijodkorligini rivojlantiradi, u yoki bu sohada bilimga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. To‘garaklarda bolaning qiziqish va qobiliyatlari namoyon bo‘ladi.
Xalqimiz mehnatni bosh tarbiyachi deb ataydi. Sababi inson tarbiyasi asosan mehnatga bo‘lgan munosabatlarga qarab belgilanishi bejiz emas. Mehnat tarbiyasi esa tarbiyaning mag‘zini tashkil etadi. Shu bois, mehnat an’analarining tarbiyaviy ahamiyatini unutmaslik lozim. Mehnat an’analarining tayanchi sifatida yoshlarni hayotga, ijtimoiy mehnat faoliyatida ishtirok etishga tayyorlash ham muhim rol o‘ynaydi. Chunki bu an’analar zamirida shaxsning axloqiy sifatlari – mehnatsevarlik, yerga va tabiatga muhabbat, suvni isrof qilmaslik, saxiylik, qahramonlik kabi jihatlar aks etadi.
Shuningdek, bolada mehnatga bo‘lgan munosabatning ijobiy rivojiga quyidagilar turtki bo‘ladi:
–    oilada kichkintoyni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda milliy qadriyatlar va ularda ilgari surilgan ilg‘or g‘oyalardan tizimli foydalanishni yo‘lga qo‘yish;
–    maktabgacha tarbiya yoshidagi (tayyorlov guruhlari misolida) bolalarni tarbiyalashda oila, ta’lim muassasalari, shuningdek, keng jamoatchilikning ibratli namunasini amalga o­shirish;
–    bolalarda mehnatga bo‘lgan ongli yondashuvni tarbiyalashda ularning yosh individual xususiyatlarini hisobga olish.
Bolalarning mehnatga muhabbat qo‘yib o‘sishida oiladagi ijtimoiy muhitning ham o‘rni juda beqiyos. Ota-onaning jamoat­chilik ishlarida faol ishtiroki (hasharlar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari) va farzandining qo‘l mehnati orqali yasagan buyumlariga munosabati, rag‘bati ularda mehnat tarbiyasining shakllanishiga ta’sir etmay qolmaydi.

Mohinur SHARIPOVA,
TDPU maktabgacha ta’lim yo‘nalishi
2-bosqich magistranti.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …