Bosh sahifa | Dastur ijrosi amalda | BOLA KULSA YORISHAR OLAM

BOLA KULSA YORISHAR OLAM

Bolaning tabassumi oftob yanlig‘ iliq, uning har bir harakati, intilishi atrofidagilar uchun olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. Shu bilan birga uning kamoloti jamiyat taraqqiyotiga daxldorligi bois mas’uliyatli bu vazifaga bugun hukumat miqyosidagi masala sifatida qaralib, takomillashtirilmoqda.
Maktabgacha ta’lim-tarbiya davri bolaning ruhiy va jismoniy rivojlanishida asosiy ahamiyatga ega palla. Zero, ayni shu paytda uning butun hayoti davomida asqatuvchi ko‘nikma va bilimlar beriladi, shakllantiriladi. Ammo bolalar orasida alohida yordamga muhtoj qatlam ham borki, ular bilan ishlashda malaka va mehr uyg‘unligi zarur. Aslida, alohida yordamga muhtoj psixik nuqsonli (ruhiy rivojlanishi sustlashgan va aqliy rivojlanishda orqada qolgan) bolalarga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish, ularning huquqlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish hamda jamiyatda ularning o‘z o‘rnini topishi uchun zarur ko‘nikma va bilim berish g‘oyat mashaqqatli masala.
Ayni shu vazifalarni sidqidildan bajarib kelayotgan mutaxassislar faoliyat yuritayotgan poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 431-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi ana shunday 68 nafar bolajonga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, mazkur muassasa imkoniyati cheklangan tug‘ma kasalliklar va kamchiliklari bo‘lgan psixik nuqsonli (aqliy va ruhiy rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan) 3–7 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarga ta’lim-tarbiya berish, sog‘lomlashtirish, ijtimoiy hayotga tayyorlash masalalari bilan shug‘ullanadi va tashxislariga qarab maktablarga yo‘naltiriladi. IMTM 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalar unda kunduzgi va kecha-kunduzgi 8 guruhda davlat, rus tillarida ta’lim oladi.
Joriy yil 2-may kuni ayni shu IMTMda “Psixik rivojlanishda nuqsonli bo‘lgan bolalarni maktabga tayyorlash” mavzusida Uchtepa tuman maxsus uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Uchtepa tuman MTB ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul, tuman IMTM xodimlari, MTM logopunktlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Seminarni 431-sonli IMTM mudirasi Dilnoza Musayeva ochib berdi. Shundan so‘ng muassasa tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilarining raqslari havola etildi. IMTM defektologlarining slayd orqali uslubiy tavsiyalari va tarbiyalanuvchilar bilan amaliy chiqishlari namoyish qilindi. Bundan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalari va multimedia materiallaridan foydalangan holda bolalarni ilk matematik tasavvurlarga o‘rgatish mazmuni va uning usullaridan qay tarzda foydalanish mashg‘ulotlar yordamida ko‘rsatib berildi. Ikkinchi o‘zbek tayyorlov guruhi defektologi M. Xolmuxamedova o‘z tarbiyalanuvchilari bilan son-sanoqli o‘rganish usullarini namoyish qilgan bo‘lsa, birinchi o‘zbek tayyorlov guruhi defektologi D. Rustamova o‘z tarbiyalanuvchilari bilan fazoda mo‘ljal olishni o‘rgatish usullarini amaliyotda ochib berdi. Rus tayyorlov guruhi defektologi L. Mugatbarova boshchiligidagi geometrik shakllarni o‘rgatishga bag‘ishlangan mashg‘ulot ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
– Psixik nuqsoni bor bolaga ta’lim-tarbiya berish qancha erta boshlansa, uning samarasi shuncha vaqtli namoyon bo‘ladi va bolaning butun hayot tarziga ijobiy ta’sir qiladi, – deydi mudira Dilnoza Musayeva. – Muassasamizda to‘rt yil davomida olib boriladigan korreksion tibbiy-pedagogik-psixologik mashg‘ulotlar natijasida tarbiyalanuvchilarda jismoniy, nutqiy, ruhiy va aqliy o‘sishida, fikrlash hamda tafakkurining rivojlanishida katta natijalarga erishyapmiz. Namoyish etilgan mashg‘ulotlarimizda bolalarga tevarak-atrofni tanishtiramiz, nutqini o‘stirib, oddiy matematik tasavvurlarini shakllantiramiz. Bundan tashqari, tarbiyalanuvchilarga o‘yin o‘rgatish, ritmika, yakka tarzda mashg‘ulotlar, tasviriy faoliyatni shakllantirish, qo‘l mehnati, didaktik rolli o‘yinlar, jismoniy tarbiya hamda qurish-yasash ishlari ham olib boriladi.
Darhaqiqat, seminar asnosida tarbiyalanuvchilarning umumiy nuqsonlarini korreksiyalashda tibbiy davolash profilaktika ishlari ham keng yo‘lga qo‘yilganiga amin bo‘ldik. Albatta, bu tibbiy xodimlar tomonidan amalga oshirilar ekan.
Anjuman so‘ngida tumandagi beshta IMTM va boshqa MTM defektolog hamda logopedlari uy vazifasi tarzida tayyorlab kelgan mashg‘ulotlarini havola etishdi. Bu soha vakillarining o‘zaro tajriba almashishi, malaka oshirishida qo‘l keladi deyish mumkin. Mashg‘ulotlarga doir savol-javoblar esa sohaning rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.
Yunusobod tumanidagi 560-sonli jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ko‘p ixtisosli maxsus maktabgacha ta’lim muassasasida ham “Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida korreksion-pedagogik va sog‘lomlashtirish ishlariga zamonaviy yondashuv” mavzusidagi MTM mutaxassislari uchun navbatdagi Toshkent shahar seminari o‘tkazilmoqda.
Mazkur seminar o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘ydi: maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning natijaviyligini ko‘rsatish, uzluksiz metodik xizmat yo‘nalishida ilg‘or ish tajribasiga ega bo‘lgan MTMlar tajribasini mutaxassislar orasida ommalashtirish, zamonaviy loyihalarni targ‘ib qilish, korreksion ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlari samaradorligini namoyish qilish hamda soha mutaxassislariga amaliy yordam berish.
Ochiq eshiklar kuni doirasida tayanch-harakat, aqliy, eshitish va og‘ir nutqiy nuqsonlarga ega bo‘lgan bolalar bilan samarali ishlash usullarini qamrab olgan 5 ta guruhli va 3 ta yakka holdagi mashg‘ulotlar va sog‘lomlashtirish jarayonlari ko‘rsatilib, kelgan mutaxassislar orasida tajriba almashish yo‘lga qo‘yildi va bu bilan uzluksiz malaka oshirish jarayonlari ta’minlandi.
Defektologlar tarbiyalanuvchilarning nuqsonlarini har tomonlama korreksiyalash ustida guruhli va yakka tartibda ish olib boradi. Bu seminar doirasida o‘tkazilgan “Прогулка в весенний сад” mavzusidagi defektolog va tarbiyachi hamkorligida dizartriya tashxisiga ega tarbiyalanuvchi bilan individual tarzda bo`lgan mujassam mashg‘ulotda ko‘rgazmali tarzda namoyish qilib berildi. Ushbu mashg‘ulot tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga molik bo‘ldi. Axborot texnologiyalari, qumterapiyasi, sensomotorika kabi ko‘plab usullarni bir mashg‘ulotda mujassamlashtirish mumkinligiga guvoh bo‘ldik. Bunday samarali ta’lim usullarini barcha MTMlarda ommalashtirish maqsadga muvofiq, – deydi Sirg‘ali tumani 352-IMTM mudirasi Go‘zal Ahmedova. – Bu bola rivojlanishiga ijobiy ta’sir qilmasdan qolmaydi, albatta.
Shunisi e’tiborga molikki, muassasa 2014-yilda to‘liq rekonstruksiya qilingan bo‘lib, bir guruh “Sog‘lomlashtirish xonasi”ga moslashtirilgan. Bu yerda ichki suv havzasi, psixokorreksiya jarayonlari uchun sensor xona, uqalash muolajalari va davolovchi jismoniy tarbiya uchun xonalar joylashgan. Bu orqali bolajonlarning jismonan chiniqishi, vaqtini yanada maroqli o‘tkazishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Seminar davomida uqalash hamshirasi boshchiligida “Noan’anaviy uqalash samarasi” mavzusida tayanch-harakatlanish a’zolarida nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilar bilan davolovchi jismoniy tarbiya mashg‘uloti ham o‘tkazildi.
Seminar ishtirokchilari ushbu zamonaviy ixtisoslashtirilgan muassasa faoliyati bilan tanishish bilan birga, Yunusobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan MTMlarda olib borilayotgan korreksion ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish jarayonlari bilan yaqindan amaliy tanishdilar va soha vakillari bilan fikr almashdilar.
Mohira OTABOYEVA,
Adolat NURULLAYEVA