Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Bola o‘ynab dunyo taniydi

Bola o‘ynab dunyo taniydi

Bolani mehnatsevarlik va jamoa oldida o‘z burchini his qilish ruhida tarbiyalash hozirgi kunning eng muhim masalalari hisoblanadi. O‘yinlar maktabgacha yoshdagi bolalarning asosiy ish faoliyati hisoblanadi.
Bola o‘ynar ekan, tevarak-atrofdagi voqea, harakatlarni kuzatadi. Ko‘rganlarini o‘yinga kiritadi va shu o‘yin vositasida olamni o‘rganadi. O‘yinlar orqali kichkintoylarning idroki, diqqati rivojlanadi, xotirasi, tafakkuri o‘sadi. O‘yin jarayonida bolalar yangi bilim, malakalarini egallaydilar, qobiliyatlarini o‘stiradilar. Bola turmushdagi, mehnat sohasidagi, tabiat hodisalari va jonivorlar hayotidagi har xil narsalarni taqlid qilib o‘ynar ekan, bu hodisa va harakatlarning ma’nosini anglab boradi. Asta-sekin hayotiy tajriba ortadi, qiyinchiliklarni yen-gishga o‘rganadi va bola mustaqil, erkin fikrlay boshlaydi. Bolalarda harakat ko‘nikmasi hosil bo‘ladi va tasavvuri tobora ortib boradi. O‘yinni tashkil qilish va o‘tkazishda ijroning barchasi kichkintoylarning tashabbuskor bo‘lishi, faol ishtirok etishiga yo‘naltiriladi. Shularni inobatga olib, ota-onalar va tarbiyachilar bolalarni rag‘batlantirib turishlari kerak.
O‘yinlar bolalarni tevarak-atrofdagi hayot bilan tanishtirish vositasidir. Bunday tanishtirish odatda o‘yinlar o‘ynashga kirishishdan ancha oldin boshlanadi.
Bola uy ro‘zg‘or ishlarini qanday bajarayotgani, shifokor kasalni qanday davolayotgani, sotuvchi mahsulotlarni sotayotgani, xaridorga uzatayotgani va “rahmat”, “marhamat” so‘zlaridan foydalanayotganini kuzatib boradi. O‘yin orqali esa bolalar ko‘rganlarini aks ettiradilar.
Kichkintoylar katta yoshli kishilarning mehnati va o‘zaro munosabatlari bilan tanishib borar ekan, shifokor bo‘lib yoki sotuvchi rolini bajarib, ona bo‘lib yoki sartarosh, binokor rolini bajarib o‘ynagan vaqtda o‘z-o‘ziga, o‘zi xohlaganicha harakat qilib o‘ynaydi.
Bolalar o‘ynayotganda gapirar ekanlar, bunda ular albatta kattalarning gapiga taqlid qiladilar, shunday ekan, kattalar o‘z harakat va muloqotlarida e’tiborli bo‘lishlari lozim.
O‘yinlar bolalarga katta quvonch baxsh etadi. Kichkintoylarga o‘yinlarning yuqorida sanab o‘tilgan o‘ziga xos tomonlari, bola psixologiyasida go‘daklikdan ulg‘ayguncha o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Bolajonlar o‘z o‘yinlaridan ayrim narsalar to‘g‘risida eslarida saqlab qolgan xotiralarni tiklaydilar, hayotlari davomida bajargan harakatlarida bularni aks ettiradilar. Jajjilarga o‘yin qonun qoidalarini ota-ona, maktabgacha ta’lim muassasalarida esa tarbiyachilar o‘rgatishadi.
Tarbiyachi tomonidan yaratilgan muhit bolani o‘rganishga yordam beradi. Tarbiyachi bolalarni turli o‘yinlar bilan tanishtirar ekan, o‘yin qonun qoidasini tushuntiradi. Tarbiyachi bilan olib borilgan o‘yinlar bolalarga juda katta foyda keltiradi. Ular bolalarning o‘yinini qo‘llab-quvvatlab, yo‘naltirib turadi. Bolalar har xil rollarni – haydovchi, shifokor, binokor, sartarosh yoki ona rolini faol ravishda bajarib, bir-biriga xushmuomalada bo‘lish, do‘sti to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, kundalik turmushda foydalaniladigan buyumlarni ehtiyot qilish, asrash va shu kabi odatlarni, his-tuyg‘ularni mustahkamlaydilar. Bolalar o‘z o‘yinlarida aks ettirayotgan tevarak-atrofdagi ayrim narsalar hamda voqea hodisalar to‘g‘risida bir-birlari bilan gapla­shib, o‘z bilimlarini o‘rtoqlashar ekanlar, lug‘at boyliklarini oshiradilar, mustaqil fikrlaydilar, ma’noli gaplar tuzib gapirishga o‘rganadilar.
Demak, o‘yinlar voqelikni bola tomonidan aktiv ravishda o‘rganib, bilib olish vositasi ekan, biz kattalar beg‘ubor qalb egalari bo‘lgan bolajonlarimizga namunali xulqimiz, savodli nutq hamda madaniyatli tarbiyamiz bilan o‘rnak bo‘lishimiz kerak.

Umida G‘AFUROVA,
MTMXQTUMORO‘MM metodisti.

Check Also

Pedagogik texnologiya afzalliklari

Ta’lim-tarbiyaning samarasini ta’minlash uchun, albatta, tarbiyalanuvchining yoshini va qiziqishlarini inobatga olishimiz zarur. Chunki bolaga bilim …