Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Bola ruhiyatidagi inqiroz

Bola ruhiyatidagi inqiroz

Uning sabablari nimalardan iborat?

Hozirgi kunda texnologiyalarning jadal sur’­atlar bilan rivojlanib borayotgani nafaqat jamiyat hayoti, balki o‘sib kelayotgan avlod ta’lim-tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Voyaga yetayotgan bolalar o‘rtasida psixologik inqiroz bilan bog‘liq qiyin vaziyatlar ham yuzaga kelmoqda. Albatta, bunday holatlar bola shaxsining jismoniy, ruhiy va aqliy rivojlanishiga keskin ta’sir etishi mumkin.
Bu kabi noxush holatlar yuzaga kelishining oldini olish uchun, avvalo, bolaning ruhiy xususiyatlari rivojlanish mexanizmini metodologik jihatdan tushunib olish lozim. Bunda ikki omil, ya’ni tabiiy va ijtimoiy omillarni nazarda tutish kerak. Chunki shaxs aynan mazkur omillar ta’sirida kamol topadi. Ular shaxsning shakllanishida o‘ziga xos tarzda yuz beradi. Boshqacha aytganda, inson taraqqiyoti bir tekis kechmaganidek, bolada o‘ziga xos ruhiy zo‘riqish, tanglik, inqiroz holatlari uchrab turishi tabiiy. Ruhiy holatlar esa bola shaxsining keyingi taraqqiyoti uchun asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi voqelik sanaladi. Shu nuqtayi nazardan oladigan bo‘lsak, shaxs ichki dunyosida tanglik holatining yuzaga kelish sabablari, mexanizmlari, omillarini aniqlash hamda uning inson taraqqiyotidagi o‘rnini baholash muammoning nechog‘lik dolzarbligini belgilab beradi.
Inqiroz, ya’ni “krizis” so‘zi yunoncha “krisis” atamasidan olingan bo‘lib, “qaror”, “burilish nuqtasi”, “natija”, ziddiyatli, keskin o‘zgarishlarning og‘ir o‘tish davri sifatida talqin etiladi. Shaxs psixologik inqirozi esa tashqi ta’sirlar natijasida ichki emotsional holatning buzilishi bilan bog‘liq jarayondir. Shu bois yosh inqirozi yangi yosh bosqichiga o‘tishda yangi sifat, xususiyatlarining paydo bo‘lishi hamda mavjudlarining o‘zgarishlari bilan tavsiflanadigan nazariy tushuncha sifatida ko‘rsatiladi.
Hozirga qadar insonlarda kechadigan bun­day ruhiy inqirozlar qator ruhshunoslar ish­la­rida keng talqin etilgan. Jumladan, L.S.Vi­gotskiyning ta’kidlashicha, bola ruhiyati ta­raq­qiyotida barqaror davrlar inqirozli davrlar bilan almashinib turadi. Inqirozlar bolaning ikki yoshlik davri tutashgan joyda uning xulq-atvoridagi eski xususiyatlar yo‘qolib, yangilari shakllana boshlashi bilan yuzaga keladi. Shu sababli L.S.Vigotskiy maktabgacha tarbiya yo­shidagi inqirozni “yetti yosh inqirozi” deb atagan hamda uning bu davrda bolaning xarakteri va xulq-atvoridagi noaniq o‘zgarishlarni yuzaga keltirishini ta’kidlagan. Bolaning bunday xulq-atvori undagi bolalarcha soddalikning yo‘qoli­shiga olib keladi. Mazkur davrdagi inqiroz belgilari sifatida jarohatlovchi kechinmalardan himoya qilish funksiyasini bajaradigan bolalarcha tantilik, g‘ayritabiiy harakatlar (masalan, sabab­siz janjal qilishi) yoki uning masxarabozligida namoyon bo‘ladi.

Check Also

Maktabgacha yoshdagi bolalarning o‘ziga xos xususiyatlari

Ota-onalar har bir bola ruhiy rivojlanishda o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi va bu xususiyatlar ularning …