Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Bola uchun padagogik muhit yaratish

Bola uchun padagogik muhit yaratish

Jamiyat a’zolarining ijtimoiy faolliklarini shakllantirishda uzluksiz ta’limning ilk bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’limning o‘rni beqiyosdir. Zero, psixologik xususiyatlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalar turli mazmundagi faoliyat jarayonlarida ishtirok etishga moyil bo‘lishadi. Barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalash jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan biri sifatida e’tirof etilayotgan bir sharoitda maktabgacha yoshdagi bolalarning mustaqil ijodiy faoliyatini tashkil etish va bu borada rivojlantiruvchi pedagogik muhitni yaratish o‘ziga xos dolzarblik kasb etadi.
Ma’lumki, maktabgacha yosh davri bola shaxsining rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar har bir yosh bosqichida o‘zini o‘rab turgan muhitdan aynan o‘zini qiziqtirgan hayotiy malakani oladi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida rivojlantiruvchi pedagogik muhitni tashkil etishda kichkintoylarning qobiliyati, imkoniyati va iste’dodini namoyish eta oladigan madaniy-ma’rifiy markazni shakllantirishiga alohida ahamiyat berish kerak. Bolalarning muntazam foydali va qi­ziqarli mashg‘ulot bilan band bo‘lishini ta’­minlaydigan pedagogik muhitni yaratish ta’lim muassasasi pedagogik jamoasidan ijodkorlik bilan birga mehnatni ham talab etadi.
Kichkintoyni rivojlantiruvchi muhit mazmun-mohiyatiga ko‘ra, aqliy, jismoniy va psi­xologik rivojlanishini ta’minlash hamda takomillashtirish lozim. Guruh tarbiyalanuv­chi­larining o‘zlari tashkiliy ishlarning qatnashchisi bo‘lishi mumkin. Har bir yosh guruhida rivojlantiruvchi pedagogik muhitni tashkil etish­da barcha jihozlarning sohalar bo‘yicha tartibga solinishiga e’tibor qaratish kerak. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning yoshi, psixologik va fiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda quyidagi markazlarni tashkil etish maqsadga muvofiq:

— san’at;
— qurilish;
— pazandalik;
— sahnalashtirish;
— adabiyot;
— matematika;
— musiqa;
— ochiq maydoncha;
— qum va suv;
— tabiatshunoslik.

Ta’lim muassasalarida rivojlantiruvchi pedagogik muhit negizida faollik markazlarini tashkil etish uchun quyidagi talablarni inobatga olish lozim:

— gigiyenik talablar – maktabga­cha ta’lim muassasasi hududida va guruh xonasida ularning shaxs sifatida rivojlanishi va ijobiy his-tuyg‘ularini shakllantirish­da xavfsizlik va qulaylikni ta’minlash;
— psixologik va pedagogik talablar – mash-g‘ulotlarni bolalarning yosh xususiyati, rivojlanganlik darajasi, qiziqishi va imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil etish hamda “Bolajon” tayanch dasturi talablarining sifatli va mazmunli bajarili­shini ta’­minlash;
— estetik talablar – guruh xonasining jihozlanishida kichkintoylar uchun mo‘ljallangan jihozlar imkon qadar yorqin va tabiiy ranglarda bo‘lishi, bularning barchasi bolalarning badiiy didini shakllantirib borishi zarur.

Bu borada rivojlantiruvchi pedagogik muhitning asosiy xususiyatlari:

— qulaylik va xavfsizlikning ta’minlanganligi;
— bolalarning sensor taraqqiyotini ta’minlash;
— kichkintoylarni mustaqil faoliyatga jalb eta oli­sh;
— bolalarga hayotiy tajribalarni amalda qo‘l­lash imkoniyatining mavjudligini alohida ko‘r­satib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Durdona SHARAFUTDINOVA,
TDPU magistri.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …