Bosh sahifa | Ruhiyat manzili | Bola va rang

Bola va rang

Dastlab faqatgina oq va qora ranglarni ajrata oladigan murg‘ak farzandlarimiz 3 oylik bo‘lish­ganda qizil va sariqni, keyinroq yashil va ko‘k ranglarni qabul qila boshlashadi. Qarabsizki, asta-sekin ular ranglar olamidagi barcha sirlarni egallab olishadi. Jajji qo‘lchalariga qalamni olib o‘zlaricha nimalarnidir qog‘ozga solishadi. Agar farzandingiz o‘yin davomida yoki rasm chizishda foydalanayotgan qalam, flomaster, rangli qog‘oz va bo‘yoq rangiga yaxshilab e’tibor bersangiz uning fe’l-atvori to‘g‘risida ko‘p narsani bilib olishingiz mumkin. Bolaning ayni paytdagi kayfiyati – quvonchi, dardi, jahldorligi u tanlayotgan ranglarda o‘z aksini topadi. Bundan tashqari, kich­kintoyni qurshab olgan ranglar uning ish­chanligini, faolligini, muloqotga kirisha olishini ta’minlab beradi. Rang tanla­shiga qarab bolalar bir necha xilga bo‘linadi.
“Sariq” rangni yaxshi ko‘ruvchi bolalarda ko‘p­roq ijodiy sohalarga moyillik bo‘ladi. Ular bolaligining ilk bosqichlarida yolg‘iz o‘ynashni afzal ko‘rishadi. O‘yinchoqlaridan turli xil personajlar yaratib, ular bilan vaqt o‘tkazishadi. Bunday bolalar keyinchalik qiziqarli hamda ko‘ngil yozuvchi faoliyat turini tanlashadi. Hamisha nimagadir i­shonadi, nimadandir umid qiladi. Ular bugundan ko‘ra ko‘proq kelajak bilan yashashadi. “Sariq” rangni xush ko‘radigan bolalar ko‘p narsani oldindan his qilish qobiliyatiga ega.
“Qizil” rangni sevuvchi bolalar ochiq va faoldirlar. Ular odatda, o‘z guruhida yetakchilik qili­shadi. Bo‘ysunish ular uchun emas. “Qi­zil”larga biror ishni buyursangiz, bajarishmaydi yoki teskarisini qilishadi. Yaxshisi, bolada buyurilgan ishga ishtiyoq va qiziqish uyg‘otishga harakat qilgan ma’qul. Bunday vaziyatlarda ota-onadan sabr-toqat, uddaburonlik talab etiladi. Kuch ishlatish ularning yanada jahldor bo‘lishiga olib keladi. Agar shunday bolalar noto‘g‘ri tarbiyalansa, keyinchalik ulardan jamiyatga xavf soluvchi jinoyatchilar yetishib chiqi­shi mumkin.
Chaqqon, bir joyda o‘tirmaydigan, o‘yin­choqlarini sindiradigan bu rangni yoqtiruvchilar tarbiyasi bilan shug‘ullanish ham ota-ona, ham tarbiyachi uchun mushkul ish. Katta bo‘lishgach ham ularning ishga layoqati yuqori bo‘ladi, shuhrat pillapoyasidan ko‘tarilib, mol-davlatga egalik qilishadi. Mashhur hukmdorlar, siyosatchilar va harbiylar “qizil”lardan bo‘lishgan.
“Binafsha” rangini yaxshi ko‘radigan bolalar xatti-harakatlarida artistlarga xoslik seziladi. Ularga deyarli har doim tuyg‘ular, istak hamda munosabatlardagi qarama-qarshiliklar azob beradi. Bunday kichkintoylar ta’sirchan bo‘lib, hammadan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlash, rag‘batga muhtoj bo‘lishadi.
“Yashil” rangni xush ko‘ruvchi bolalar tirish­qoq, harakatchan, moddiy foyda olishga moyil bo‘lishadi. Ular asosan, pragmatik bo‘lishsa-da, barchasiga o‘z jismoniy harakatlari tufayli erishi­shadi. Shu bilan “qizil”lardan farq qili­shadi. “Yashil”lar o‘z qarashlari hamda xatti-harakatlarini ochiq namoyon qilishadi. Ularning eng zaif tomoni – asab tizimidir. Bunday bolalarning jahlini chiqarish oson. Agar siz aybingizni tan olib, bunday bolalarga nisbatan munosabatingizni qat’iy bildirsangiz, u tezda “ortga chekinadi”. Bundan tashqari, ular juda mehnatkash, yaqinlari uchun tinim bilmay ishlashi mumkin. Yashil – jonli tabiat, o‘t-o‘lanlar rangi. Shuning uchun “yashil”lar tuproqda ter to‘kishni, nimalarnidir o‘stirishni xush ko‘ri­shadi, ular tabiat ne’matlaridan foydalanishni va asrab-avaylashni yaxshi bilishadi.
“Ko‘k” rangni yoqtiradigan bolalar “qi­zil”­lar­ning tamoman teskarisi hisoblanadi. Psixoterapevt, nevropatolog hamda pediatrlar “qizil” bolalar, hatto kattalarni ham ko‘k rang bilan tinchlantirish, “ko‘k”larni esa qizil rang bilan o‘ziga ishonchini tiklashga ko‘maklashish mumkinligini unutmasliklari lozim. Demak, “ko‘k”larning fe’l-atvori: xotirjam, yuvosh, ishni shoshilmay bajarish­ni yoqtirishadi, hamma narsani puxta o‘ylash, tahlil qilishga harakat qili­shadi. Bundaylarni hech ikkalanmasdan yurak amri bilan emas, balki aql bilan ish bajaradiganlar toifasiga kiritish mumkin. Bejiz ko‘k rangni sokin osmon yoki dengizga o‘xshatishmaydi. Bu – tartib, qonun, aql degani.
“Ko‘k”lar kamdan-kam o‘z tengdoshlari orasida yetakchi bo‘ladilar. Ammo shunga qaramay, ular o‘z fe’lidagi qat’iyatlilik hamda manmanlik, injiqlik hissining yo‘qligi bilan atrofdagilar orasida hurmat qozonishadi. Ular xudbin bo‘lmasa-da, yordam so‘ramaguningizcha o‘zlari ko‘mak qo‘lini cho‘zishmaydi. Tabiatan “ko‘k”lar qiyin vaziyatlarda ham yordam so‘ramaslikka harakat qilishadi. Har qanday qiyinchilikni, yo‘qotishni sabr bilan yengadilar.
Ota-onalar va pedagoglar sovuqqonlik, berahm­lik hamda qattiqqo‘llik “ko‘k”lar fe’lidagi ajralmas qism deya ta’kidlashadi. Bunday bolalar to‘g‘ri tarbiyalansa, ulardan tartib-intizom qadrlanadigan joylarda yaxshi rahbar yoki rahbariyat topshiriqlari va jamoa qoidalariga qat’iy rioya qiluvchi xodim yetishib chiqadi. “Ko‘k”lar faqat bitta kasb yoki yo‘nalishda yaxshi mutaxassis yoki ijrochi bo‘lishadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ranglarda kich­kintoyimizning fe’l-atvori, kayfiyati va hatto qobiliyati ham o‘z aksini topadi.

Adolat NURULLAYEVA tayyorladi.