Bosh sahifa | Ekologik ta'lim | BOLADA EKOLOGIK TARBIYANI SHAKLLANTIRISH

BOLADA EKOLOGIK TARBIYANI SHAKLLANTIRISH

Farzandlarimizni ma’naviy va jismoniy jihatdan yetuk hamda barkamol etib tarbiyalashda ekologik tarbiyaning o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, ta’lim jarayoni o‘zaro uzviy bog‘langan ma’naviy, iqtisodiy, psixologik, texnologik taraqqiyot ta’siriga bo‘ysunadi. Bu jarayon dunyoqarashi keng, iqtidorli, erkin va sog‘lom fikrlovchi shaxslarni voyaga yetkazishning bosh omilidir. Aynan sog‘lom bola Vatan istiqboli uchun jonkuyar bo‘ladi. Tug‘ilib o‘sayotgan zaminining tabiati, ota-bobolarining azaliy merosi va madaniyatini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga intiladi.
Maktabgacha yoshdagi bola ong-shuurida ushbu qadriyat kurtaklarini shakllantirish, rivojlantirish, egallagan malakasini mustahkamlash, bilimini boyitish tarbiyachilardan katta mahorat talab etadi. Ekologik ta’limning ilk vazifalarini bajarishga bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini keng qo‘llash orqali erishish mumkin. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar jalb etiladigan faoliyatlar uyg‘unlashtirilgan holda tashkil etilsa, maktab ta’limiga puxta zamin tayyorlanadi. Muassasada tashkil etiladigan tasviriy faoliyat, nutq o‘stirish, matematika, badiiy adabiyot bo‘yicha o‘yin-mashg‘ulot, sayr va kuzatuvlar, tevarak-atrof bilan tanishtirish, mehnat topshiriqlari bajarish ekologik ta’lim vazifalarini uyg‘unlashtirish bolalar bilim tushunchalarining tizimli bo‘lishini ta’minlaydi.
Bolalar bilan olib borilayotgan ushbu ta’lim-tarbiya ularda quyidagi malakalarning shakllanishiga yordam beradi: tinglash, jismonan rivojlanish, mustaqil harakat qilish, dadil fikrlash, badiiy-estetik saviyasini o‘stirish va mas’ullikni oshirish.
Olingan natijalardan ma’lum bo‘ldiki, bolalarni tabiat bilan tanishtirish bo‘yicha dastur vazifalarini to‘laqonli bajarish uchun faqat atrof-muhit bilan tanishtirish mashg‘ulotlarining o‘zi kifoya qilmaydi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda shakllanishi zarur bo‘lgan o‘quv malakalari yetarli darajada bo‘lishi uchun ularning faoliyat turlarini nafaqat almashtirib turish, balki kompleks tarzda qo‘llanishiga e’tibor qaratish zarur.
Tajribadan yana shuni xulosa qilish mumkinki, bolalar faoliyati qanchalik rang-barang, o‘zaro farqli bo‘lsa, ularning tafakkuri shunchalik faollashadi, esga tushirish, xulosa qilish va o‘z fikrini izchil, dadil bayon etishga sharoit yaratiladi.
Bolalarning tabiatga oid bilim, malaka, ko‘nikmalarini ularning har qanday faoliyati davomida hosil qilish, faollashtirish, mustahkamlash mumkin: jismoniy tarbiya va badantarbiya mashqlari, harakatli o‘yinlar, tasviriy faoliyat, badiiy adabiyot, matematik tasavvurlarni o‘stirish, tevarak-atrof bilan tanishtirish, til o‘rgatish, nutq o‘stirish, tajribalar o‘tkazish mashg‘ulotlaridan tashqari, sayr, kuzatuvlar, suhbatlar jarayonida ham bu vazifa hal etilishi mumkin va zarur.
Bolalarning o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun savol-javoblar, topshiriqlar bajarish, testlar o‘tkazilishi maqsadga muvofiq. Maxsus tayyorlangan kitobchalar mazmuniga bolalar faoliyatining turli ko‘rinishlarini mujassamlashtirgan savol va topshiriqlarni kiritish mumkin. Ushbu kitobchalardan ota-onalar uchun ham foydalanish qulay. Bu bolalar yoshi, ta’lim vazifalari, faoliyat turlarining almashib turishini nazarda tutib tayyorlanadi
Umida TO‘LAGANOVA, Yunusobod tuman maktabgacha ta’lim, bo‘limi tasarrufidagi 47-sonli MTM tarbiyachisi