Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Boladagi ijodkorlik

Boladagi ijodkorlik

Bola tarbiyasini eng avvalo ona qornidaligidanoq tarbiyalash maqsadga muvofiqdir. Farzand dunyoga kelgan kundan boshlab uni tashqi muhit ta’siriga asta-sekin o‘rgatib boriladi. Bunda onaning alohida bolaga diqqat-e’tibori talab etiladi. Shuningdek, bolaning ulg‘ayib kim bo‘lishini hech kim oldindan aytib bera olmaydi. Ammo bizning qo‘limizda uning rivojlanishi uchun hamma shart-sharoitni yaratib berish imkoni bor.
Bola har kuni o‘zi uchun nimanidir kashf etadi, bu borada bizning vazifamiz–qo‘llab-quvvatlash va ko‘maklashish, uning bolalarcha qiziqishini so‘ndirmaslikdir. Eng muhimi, ishni bola yurishni boshlagan paytdanoq boshlash kerak. Unga “ijod burchagi” yaratib berish lozim. Bu burchak avvaliga oddiygina bo‘ladi, vaqt o‘tishi bilan uni kengaytirib, murakkablashtirib borasiz. Bola katta bo‘lgani sari yangi-yangi ijodiy yangiliklar o‘ylab topsa, uni ham “ijod burchagi”ga qo‘shib qo‘ysa bo‘ladi.
Birinchi, eng oddiysidan boshlang: uyning qulay bir burchagiga ko‘rpacha to‘shab, yumshoq yostiq qo‘yib bering – shu bilan “ijod burchagi” tayyor bo‘ladi. Ko‘rpacha va yostiq ko‘rinishining farqi yo‘q. Buning nimasi ijod ekan, deb o‘ylaysizmi? Bir yoshli bolakay uchun bu – ijod. Avvaliga u uning ustida shunchaki dumalaydi, keyin esa o‘zi uchun yopiq joy qurishga harakat qila boshlaydi. Mana shuning o‘zi ijod ekanini inkor etib bo‘ladimi?
Ehtimol, bolaning o‘z xonasi, o‘yinchoqlari bo‘lsa, burchakning nima keragi bor, deya ajablanayotgandirsiz? Gap shundaki, o‘z xonasi uning shaxsiy joyi emas. U erga onasi va boshqa yaqin odamlari ham qiradi. Har qanday odam hech kim halal bermaydigan, hech kim tergamaydigan, faqat o‘ziga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan bir joy izlaydi. Bola tez orada qanchadir vaqt o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolish, ko‘ngli tusagan ishni qilishi uchun “o‘z uychasi”ga kirib oladigan bo‘ladi. Agar kattalar uning shaxsiy joyini hurmat qilsa va unga o‘zi istaganidek qilib sharoit yaratib olishiga imkon bersa, ayni muddao. “Ijod burchagi” kichkina, lekin parda bilan yaxshi yopilgan, burchagida yumshoqqina divan yoki kreslo va maxsus yoritgich bo‘lsa ham yomonmas.
Yoritgich va devor bor joyda soyali teatr uyushtirish mumkin. Yoritgichni yoqing va qo‘llaringizni qimirlating – devorga soyasi tushadi. Turli hayvonlar shaklini barmoqlaringiz yordamida, qirqilgan shakllar bilan ko‘rsating, dumaloq o‘yinchoqni ko‘rsatib, maqtanchaq va qochoq bo‘g‘irsoqni tasvirlang… Yoritgich va devor yonida butun bir ertakni sahnalashtirish mumkin. Bu bolani hayratga soladi va sizga taqlid qilib, keyinchalik o‘zi “teatr” uyushtiradi. Bu shunchaki ko‘ngil ochish emas. Bir vaqtning o‘zida ham mustaqil fikrlashga o‘rganadi, ham tasavvur olami kengayadi. Devorga bolaning bo‘yiga moslab bir nechta ilgakchalar qilib bering. Bu erga rol o‘ynashda kiyadigan kiyim va maskalarni ilish mumkin: shifokor bosh kiyimi, oshpazlik fartugi, askarlik kiyimi, kapitan furajkasi, yosh artist uchun mikrofon…
Bola o‘sayapti, endi unga stol va javoncha qo‘shib qo‘yishingiz mumkin. Agar javonchaning qavatlari ko‘p bo‘lsa o‘zingizga yaxshi, bolaning ijod qilishi uchun kerakli buyumlarni mavzusiga qarab ajratib qo‘yasiz. Bu tartib o‘rnatishga va ayni paytda bola o‘zini qiziqtirayotgan narsani qiynalmay topishiga imkoniyat yaratadi. Misol uchun, “Rasm chizish” mavzusi (qalam, bo‘yoq, rasm daftar, suv solish uchun idishcha, cho‘tka…), “Shakl yasash” (xilma xil plastilinlar, doska), “Qirqib yopishtirish” (bolalar qaychisi, rangli qog‘oz, elim, qalin qog‘oz, doska). Yana ularga chiroyli qilib mavzularini yopishtirib qo‘ysangiz, bu o‘qishni o‘rganish sari birinchi qadam bo‘ladi.
Kitoblar va tabiiy buyumlar (yong‘oq po‘chog‘i, tarvuz va qovun danagi, ajoyib toshchalar, cho‘plar, chig‘anoq va h.k) shuningdek qo‘l ishlari uchun alohida qavat ajrating. Bir necha mustahkam tikilgan daftarlar yoki matodan tayyorlangan ajoyib sumkachalar olib qo‘yib, bittasiga misol uchun, “Hayvonlar”, ikkinchisiga “Jihozlar” yana boshqasiga “O‘yinchoqlar deb yozib qo‘ying. Unga bola jurnallardan, atrof-muhitdan izlanib, har xil rasmlarni qirqib mavzusiga qarab yopishtirishi mumkin. Shu bilan birgalikda qanday qilib quritilgan o‘simliklarni to‘plash mumkinligini ko‘rsating.
Qo‘lda yasalgan kitobcha yanada ma’qulroq. Bir nechta toza qog‘ozlarni ikkiga bo‘ling va bir-biriga tiking. Mavzuni o‘ylab, muqovasiga yozib qo‘ying. Eski jurnaldan rasm qirqib oling. Bolaning o‘zi uni mavzusiga qarab ajratib yopishtirsin. Masalan, “Bizning uy”, “Fasllar”, “Sevimli ertagim qahramonlari” yoki multfilm qahramonlari, “Topishmoqlar”… Yopishtirish uchun yelimli qalam juda qulay. Eng qizig‘i, bola o‘zi ertak to‘qib, o‘sha asosida rasm yig‘adi.
Devorga geografik karta osib qo‘ying – (yulduzli osmon, quyosh va kichkintoyingizni qiziqtirgan boshqa rasmlar bilan). Bolalarda ko‘rish orqali esda saqlab qolish kuchli bo‘ladi, bu keyinchalik asqotadi.
Xuddi shunday chizish uchun taxta va magnitli taxtalar ham lozim (alifbo va har xil shakllar uchun). Eski jomadon ham juda asqotadi. Uning qopqog‘iga rasm chizish va ichida kerakli narsalarni asrash mumkin. Bolalar belgilanmagan joylarda “ijod qilishni” yoqtirishadi.
Bugungi kunda bozorlarda xilma-xil o‘yinchoqlar sotiladi. Albatta, ular bolaga kerak, ammo iqtisodiy imkoniyatlar to‘g‘ri kelmasa, qimmat pulga sotib olish kerak emas. Ularni ham o‘z qo‘limiz bilan yanada yaxshiroq va qiziqarliroq qilib yasashimiz mumkin. Masalan, eski jurnaldan rasm oling va uni bir necha bo‘laklarga bo‘ling. Mustahkam bo‘lishi uchun avval kartonga yopishtirib oling. Bola uni joy-joyiga terib, rasmni butlab o‘ynaydi. Eski o‘yinchoqlarini ikki-uch oy o‘tib yangi ko‘rinishga keltirib, o‘yin tashkil etsangiz, bola o‘zgacha qiziqish bilan o‘ynay boshlaydi.
Bolaning eng yaxshi ishlarini yig‘ishtirib borish uchun alohida jild tuting. Bolaning namunali chizgan rasmlarini yig‘ib, ko‘rgazma tayyorlang. SHuningdek, bola plastilindan yasagan shakllarini qutichalarga solib qo‘ying. Mana sizga bolaning “san’at asarlari” ko‘rgazmasi! Ota-onalar yangi-yangi qimmatbaho o‘yinchoqlar olib berishiga qaramay, bola ularga qiziqishini juda tez yo‘qotishiga hayron bo‘ladilar. Ularni ikki kun o‘ynaydi va yana qanaqadir iplar, cho‘p, banka idishlarga o‘xshagan oddiy narsalarga qaytadi. Buning hech qanaqangi ajablanarli joyi yo‘q. Bolalar narsalarni tekshirib ko‘rishga qiziqadilar. Ular uchun qimmatbaho mashinacha bo‘ladimi, ip bilan qog‘ozmi, farqi yo‘q. Chunki o‘yinda muhimi – tasavvur olamiga sayohat qilish. Aynan ana shunday “noan’anaviy” buyumlarni o‘zi istagan qahramonlar – haydovchi, shifokor va hatto “No‘xat polvon”ga aylantirishi tabiiy.
“Ijod burchagi”ni ajoyib narsalar bilan boyitishda, tashlab yuborishni istamayotgan eski o‘yinchog‘ini ijod burchagidagi qutichaga solib qo‘yishda bolangizga ko‘maklashing. Xullas, ushbu qutichani ijodkorona bezashni o‘ziga qo‘yib bering. 4–5 yoshlarida bola sizni hayratda qoldiradigan darajada chiroyli narsalar yasashni uddalay boshlaydi. Hozircha uning ijod namunalari beo‘xshov bo‘lsa ham tanqid qilmang, aksincha, ruhlantirib, rag‘batlantirib qo‘ying. Bola mustaqil fikr yuritish va ijod qilishga o‘rganadi.

Yulduz MAXMUTAZIMOVA,
Toshkent shahar Bektemir tumani 573-maktabgacha
ta’lim muassasasi defektologi

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …