Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Boladagi tashkilotchilik qobiliyati

Boladagi tashkilotchilik qobiliyati

Yurtimizda barkamol avlod tarbiyasi, ma’rifatli va yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Jamiyatning ma’naviy salomatligini ta’­minlashda ta’lim-tarbiya jarayonining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ilk rivojlanish davrida bolani tarbiyalash­ga yetarli e’tibor qaratish, uning barkamol inson bo‘lib yetishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ko‘zlangan maqsadga erishishda yordam beradi.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarda axloqiy-irodaviy sifatlar: mustaqillik, faollik, tartiblilik, javobgarlik, mas’uliyatlilik kabilarni shakllantirish ularning muvaffaqiyatli o‘qishiga, hayotiy ko‘nikmalarning shakllanishiga turtki beradi.
Ta’lim-tarbiya jarayonida har bir bolani shaxs sifatida tan olish, uning yosh xususiyatlari, qiziqishlari, ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish hozirgi kunning talabi hisoblanadi.
Kichkintoylar faoliyatining har bir turi (o‘yin­lar, mashg‘ulotlar, mehnat) maktabgacha yosh­dagi bolaning axloq madaniyatini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirish uchun eng qulay imkoniyatlar yaratadi.
Faoliyatning har xil turlari tarbiya jarayonida shakllanadi. Bola u yoki bu faoliyatni o‘zlashtirish bilan bir vaqtda shu faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan bilim, ko‘nikmalarni egallab oladi. Buning asosida bolada har xil shaxsiy qobiliyat va xususiyatlar shakllana borib, uning faolligi kichkintoyni tarbiyaning obyekti va subyektiga aylantiradi. Kichkintoyning rivojlanishida faoliyatning yetakchi rol o‘ynashi ana shu bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya orqali amalga oshiriladigan faoliyatlarni bolalar birdaniga o‘zlashtira olmaydilar, ularni tarbiyachi rahbarligida sekin-asta egallab boradilar. Faoliyatlarni muvaffaqiyatli egallab olishlari asosan oilada, bolalar bog‘chasida ta’lim-tarbiya ishining qay darajada tashkil etilishiga bog‘­liqdir. Kishi hayotining birinchi yilidanoq faoliyatning oddiy turlari undagi shaxsiy qobiliyatlar, xususiyatlar, tevarak-atrofga ma’lum bir munosabatning shakllanishida asos bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, kattalarning bola bilan bo‘ladigan hissiy-predmetli munosabatlari kich­kintoyda ilk ijtimoiy talabni vujudga keltiradi, dastlabki tasavvur va harakatlar, taassurotlar shakllanadi. Harakat usullarini egallab borish orqali bolada faollik rivojlanadi.
O‘yinda – axloqiy ong va xulqiy xatti-harakatlar, jamoaviylik, tashkilotchilik ko‘nikmalari, do‘stona munosabatlar, o‘yin qoidalariga rioya etish, sherigiga bir maqsadga intilish yo‘lida hurmatda bo‘lish ko‘nikmalari rivojlanadi.
Bola birdaniga o‘zlashtirishga kirisha olmay­di. Ijtimoiy tajribalarni faol egallash uchun, avvalo, yetarli darajada nutqni egallashi, ma’­lum malakalar, uquvlar va sodda tushunchalarga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi. Jajjilar bularga asosan o‘yin faoliyati orqaligina erisha oladi. O‘yin kichkintoy hayotida uning harakatga, atrofidagi hayot taassurotlarini tushunishga bo‘lgan intilishini qondiradigan muhim faoliyat turidir. O‘yin bola hayotini qiziqarli mazmun bilan to‘ldiradi, uning xulq-atvorini shakl­lantiradi va yo‘lga soladi. Qiziqarli o‘yin ta’sirida bolaning qanchalik o‘zgarib ketishiga bir nazar tashlaylik: kamgap bola so‘zga che­chan, odamovi bola ancha dilkash, qo‘rs bola esa xushmuomala bo‘lib boradi. Sho‘x bola o‘yinga berilganda boshqa sharoitlarda bajara olmagan faoliyatni osonlik bilan amalga oshiradi. Bog‘cha yoshidagi bolalarning o‘yinlari atrofdagi narsa va hodisalarni bilish quroli bo‘lishi bilan birga, yuksak ijtimoiy ahamiyatga ham ega, boshqacha qilib aytganda, o‘yin  qudratli tarbiya quroli hamdir. Bolalarning o‘yin faoliyatlarini kuzatsak, o‘yin jarayonida ularning barcha shaxsiy xususiyatlari (xarakter, iroda, kimning nimaga ko‘proq qiziqishi, qobiliyat, temperamenti) yaqqol namoyon bo‘li­shini ko‘ramiz. Shuning uchun kichkintoylarning o‘yin faoliyatlari ularni individual ravish­da o‘rganish uchun juda qulay vositadir.
Katta bog‘cha yoshida sujetli-rolli o‘yinlar o‘z mavzusining boyligi va xilma-xilligi bilan farqlanadi. Bu o‘yinlar jarayonida bolalarda tashkilotchilik ko‘nikmasi rivojlana boshlaydi.

Check Also

Baliq chuqur soyni, toza suvni istar

(Bolalarga suv haqida tushuncha berish orqali ularga baliqlar va “sun’iy soylar” – akvariumlar chizishni o‘rgatish …