Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Bolalar nutqini rivojlantirishda qum terapiyasidan foydalanish

Bolalar nutqini rivojlantirishda qum terapiyasidan foydalanish

Olimlar hozirgi kunda bolalar nutqini to‘g‘ri rivojlantirish maqsadida turli izlanishlar olib borib, yangi metodikalar ustida ishlashmoqda. Qum terapiyasi ana shunday usullardan biri. Unga birinchi bo‘lib shvetsariyalik faylasuf va psixolog Karl Gyustav Yung asos solgan.
Logopediyada qum terapiyasidan foydalanish yaxshi samara beradi. Bu mashg‘ulot bola uchun juda qulay. O‘z fikrini so‘z bilan ifodalashga qiynalgan bola, qumdan o‘z tasavvuridagi qahramonlarini yasash imkoniga ega bo‘ladi. Qum terapiyasi bolalarning mayda qo‘l motorikasini rivojlantirib, ularning taktil sezgisiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Barmoqlar uchida joylashgan nerv tolachalarini faollashtiradi.
Kichkintoylarning fantaziyalari, ijodiy qobiliyatlari takomillashib boradi. Bola qum bilan ishlash jarayonida tinchlanadi, hayajonli qayg‘urishlardan, qo‘rquvdan, ruhiy shikastlanishlardan forig‘ bo‘ladi. Qisqa qilib aytganda, qum bolaning ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. O‘yin davomida farzandingiz atrof-olam haqidagi tasavvurlarini so‘z bilan ifodalashga nisbatan chuqurroq aks ettira oladilar. Bola qumdan nimanidir quradi, so‘ng o‘z xohishi bilan qurilgan narsani buzib tashlaydi va yana bosh­qatdan yasaydi. Buzilgan narsa o‘rnini yanada ko‘rkam, chiroyli boshqasi egallaydi. Bu narsani qayta-qayta bajarish asnosida kichkintoyning sekin-asta o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib boradi.
Mashg‘ulotlarda ular o‘zlari yasagan ertak qahramonlari bilan birgalikda ertaklar olamiga kirib boradilar hamda o‘yin orqali yozishga, chizishga, o‘qishga, geometrik shakllarni bilish­ga, ranglarni ajratishga o‘rganadilar.
Qum bilan ishlashning asosiy prinsiplari:
1. Bolalarga qum bilan o‘ynaganda ular u­chun tabiiy muhitni yaratish.
2. Bola o‘zini qulay, erkin his qilishi, xayolot olamini ishga solishiga sharoit yaratib berish.
3. Hissiyotlarini rivojlantirish.
4. Diqqat, xotira, tafakkur jarayonlarini rivojlantirish.
5. Bolalarda o‘zlariga nisbatan ishonchni mustahkamlash.
Pedagogikada bolalar nutqidagi kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida bir necha no­an’anaviy metodlar: fito terapiya, aroma terapiya, musiqa terapiyasidan foydalanilmoqda. Bolalar bilan qum mashg‘ulotlari o‘tkazganda musiqa terapiyasini qo‘llash ham ijobiy natija beradi. Bunda qum idishlaridan foydalanish ma’lum qoidalarga rioya qilgan holda olib boriladi. Qum idish 50-70 diametrli, balandligi 8-10 smli yashiklardan iborat bo‘ladi. Yashik rangining havorang bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Qum oldin yaxshilab tozalanib, elanib, yuvilib, so‘ng 40 daqiqa gaz pechida qizdiriladi. Qum ko‘proq nam holatda o‘ynalgani bois, idishda suv qo‘yiladi. Suv bola o‘ynab bo‘lgandan so‘ng qo‘lini yuvish uchun kerak bo‘ladi.

Feruza RAHIMOVA,
defektolog.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …