Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | Bolalarda huquqiy ongni shakllantirish

Bolalarda huquqiy ongni shakllantirish

Mamlakatimizda yosh avlodning huquqiy ong va madaniyatini shakllantirish hozirgi davrning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Chunki huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish g`oyasi yosh avlodda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishni taqozo etadi.
Ma’lumki, mustaqillikka erishgan kunimizdan boshlab yurtimizda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish asosiy maqsad qilib qo`yilgan. Zero, demokratik huquqiy davlat yuksak darajada rivojlangan huquqiy ong va huquqiy madaniyatga tayanadi.

Bolalarda huquqiy madaniyatni yuzaga chiqarish uchun, avvalo, huquqiy ongni shakllantirish zarur. Huquqiy ong shaxsning barcha kechinmalari, fikr, g`oya va qarashlarini tashkil etadi. Bu esa o`z navbatida ikki tarkibiy qismdan iborat. Birinchisi, huquqiy ruhiyat – inson ongiga hissiy hodisalar bilan ta`sir ko`rsatuvchi tuyg`ular, kechinma va holatlar. Ikkinchisi, huquqiy mafkura – huquqiy borliq to`g`risida nisbatan shakllangan qarashlar, tushunchalar, e’tiqod, konsepsiyalar va nazariyalardir.
Huquqiy ong, dastavval, oila va maktabgacha ta`lim muassasalarida rivojlantirib boriladi. Oilada burch, mas’uliyat va hurmat hissi tarbiyalab borilsa, maktabgacha ta`lim muassasalarida burch, mas’uliyat bilan birga Konstitutsiyaning ilk saboqlari ham beriladi. Huquqiy ong maktabgacha yoshdagi bolalarda “men” konsepsiyasi vujudga kelishi bilan bog`liq. Bu “Bolajon” tayanch dasturida ham ta’kidlangan.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, maktabgacha yoshdagi bolalarda huquqiy ongni 3 bosqichda shakllantirish mumkin:
1) “men” konsepsiyasining vujudga kelishi. Bu o`z-o`zini anglash, o`z his-tuyg`ulari va kechinmalarini ifoda etish, o`ziga nisbatan ishonch, mustaqil faoliyat ko`rsatishga intilishdan iborat. Ma’lumki, maktabgacha yoshdagi bolalarning asosiy faoliyatlari o`yinlardan iborat. Bolalarga jahli chiqqanida, qo`rqqanida o`zini tutish, unga ko`rsatilgan yordamga minnat¬dorchilik bildirish, o`rtog`ining iltimosini qabul qilish, boshqalarning so`zlarini diqqat bilan tinglay bilish, noroziligini boshqalarni xafa qilmasdan ifodalashga o`rgatish kabi jihatlarni ham aynan o`yinlar orqali singdirish imkoni mavjud;

2) vatanparvarlik tuyg`usini shakllantirish. Bu jarayonda bolalarda tug`ilib o`sgan joylariga nisbatan muhabbat, o`z shahar, qishloq, mahalla va ko`chasi haqidagi bilimlarini kengaytirish, o`zlari yashayotgan joylardagi tarixiy obidalar, madaniy boyliklar, me’moriy yodgorliklarning nomini bilish¬i va bu bilan Vatanimiz – O`zbekiston umumiy uyimiz ekani haqida tasavvur uyg`otishni o`z ichiga oladi. Qolaversa, davlatimiz ramzlari – gerb, madhiya va bayroq haqida bilimlarini shakllantirish asosida amalga oshiriladi;

3) bolalarga qonunchiligimiz asosi– Konstitutsiya haqida bilimlar berish. “Konstitutsiya saboqlari” to`g`risida ilk tushunchalar o`rta guruh, ya`ni 4–5 yoshdan boshlab berib boriladi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, biz maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan shug`ullanuvchi ota-ona va tarbiyachilarga quyidagilarni tavsiya etamiz:
– bolaga ko`proq e`tibor bering;
– unda shakllanadigan yangi ko`nikma va malakalarni nazorat qiling;
– vazifalarni oxirigacha bajarishiga yordam bering;
– his-tuyg`ularini anglashga harakat qiling;
– bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishini nazorat qiling.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz ertasi, kelajagi – bugun biz tarbiyalaydigan yosh avlodning qanday ta`lim-tarbiya olishi, komil inson bo`lib shakllanishi hamda o`z haq-huquqlari, burchlarini ham bilishlari bilan uzviy bog`liq.
Gulnoz ERMATOVA,
Navoiy davlat pedagogika instituti
“Maktabgacha ta`lim” kafedrasi katta o`qituvchisi

Check Also

Mustaqillik maydoni-tinchlik ramzi

O`zbek xalqining milliy g`ururini ko`klarga ko`targan, uning dunyo sahnasidagi o`rnini mustahkamlashda asosiy omillardan biri bo`lib …