Bosh sahifa | Ko‘zgu | Bolalarda idrok va fikrlashning rivojlanishi

Bolalarda idrok va fikrlashning rivojlanishi

Maktabgacha bolalik davri o‘ta murakkab psixik rivojlanish jarayonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Jumladan, psixik faoliyatning sezgi va idrok kabi elementlari ham ayni shu bosqich­da shakllanadi. Sezgining rivojlanishi bir qancha psixofiziologik xususiyatlarning rivojlanishi bilan bog‘liq holda kechadi. Bolalarda o‘yin jarayoni ta’sirida ko‘rish orqali analiz va sintez qilishning murakkab turlari paydo bo‘la boshlaydi. Xususan, idrok qilinayotgan obyektni xayolan bo‘laklarga bo‘lib, ham alohida olib, ham bir butunlikka birlashtirib fikrlash qobiliyati yuzaga keladi.

Idrok maktabgacha yoshdagi bolalarda quyidagicha shakllanadi:
1-bosqich. O‘yin jarayonida hali unchalik tanish bo‘lmagan predmetlarga nisbatan asta-sekin amaliy harakatlar shakllanadi. Bunda asosiy vazifani kichkintoyning qo‘llari bajaradi. Atrof-olamidagi real hayotni boriday qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

2-bosqich. Hissiy jarayonlar. Predmetlar bilan bo‘ladigan bevosita moddiy muloqotlar orqali ularni oddiy qabul qilish boshlanadi.
L. S. Vigotskiy insonning psixologik rivojlani­shi mohiyati aynan mana shu interiorizatsiyada ekanligini ta’kidlagan edi.

3-bosqich. Idrok yopiq, yashirin holga o‘tadi. U tashqi belgilarini yo‘qotib, butunlay ichki, bola psixik faoliyatining to‘laqonli elementiga aylanadi.
Idrokning shakllanishida mehnatning o‘rni juda ahamiyatlidir. Maktabgacha yoshdagi bolalarda mehnat ijtimoiy-unumli tarzda bo‘lib, rasm chizish, musiqa, o‘qish bilan shug‘ullanish, turli xil qog‘oz, plastilindan narsalar yasash shaklida bo‘ladi. Bunda kattalar bolalar bilan uzluksiz munosabatda bo‘lishlari shart. Masalan, doira, to‘rtburchakni idrok qilishni boshlagan bola tarbiyachi bilan birgalikda qog‘ozdan doira shaklida oy, kulcha, to‘rtburchak shaklidagi stol, kitoblarni yasar ekan, bolada idrok qilish jarayoni faollashadi, olgan tajriba va bilimlari esa mustahkamlanadi.