Bosh sahifa | Yangi pedtexnologiyalar | Bolalarga qum bilan chizish san’atini o‘rgatish

Bolalarga qum bilan chizish san’atini o‘rgatish

Maktabgacha bo‘lgan davr – bolaning uni o‘rab turgan olam bilan tanishish va bilish davri hisoblanadi. Bu oraliq vaqt uning atrofga bo‘lgan e’tibor va qiziquvchanligining rivojlanishi bilan sodir bo‘ladigan dastlabki ijtimoiy hayotga aralashishidan iborat. Ilmiy izlanishlarning ko‘rsatishicha, bola nafaqat narsalarning tuzilishi, shakli, ko‘rinishi va miqdorini, balki uni o‘rab turgan borliqning go‘zalligini ham tezlik bilan o‘zlashtirish qobiliyatini ancha erta egallab olarkan. Shu sababli maktabgacha yosh­dagi bolalarda ijodiy qiziqishni yuzaga chiqarish hamda ularda ijodkorlik va go‘zallik hissini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Tasviriy san’atning turli xil noan’anaviy usul­lari mavjud bo‘lib, ular – klyaksografiya (siyoh dog‘ bilan chizish), monotopiya, momiq paxta cho‘p bilan chizish, o‘yma andozaga rasm solish orqali chizish va boshqalar. Ammo bugungi kunda bolalar va kattalarda asosiy qiziqish uyg‘otayotgan usullardan biri – qum bilan chizish san’atidir va bu bejizga emas. Qumning muloyimligi va uning rasm solish uchun mosligi odamni o‘ziga maftun qiladi. Bolalik chog‘ida qum maydonlarida, daryo qirg‘oqlarida beixtiyor qo‘l va kaftlari bilan qumda rasm chizmagan bola bo‘lmasa kerak. Qum bolani eng ko‘p o‘ziga jalb qiladigan tasviriy san’at materiali hisoblanadi. Qum bilan chizish – maktabgacha yoshdagilarning tasviriy san’at fao­liyatidagi yangi va shu bilan birga, oddiy ko‘rinishi bo‘lib, amaliy jihatdan barcha uchun mavjud va hech qanday maxsus tayyorgarlik talab qilmaydi. Bu pedagog uchun bolaning ichki his-tuyg‘ularini tushunishida yana bir yo‘l hamdir. Rasm chizishning ushbu turi – ijodiy faoliyatning no­odatiy usullaridan biri hisoblanadi. Ajablanarlisi shundaki, bir siqim qum yulduzli osmon, o‘rmon yoki tog‘ kabi go‘zal manzaralarga aylanmoqda. Ushbu tasviriy san’at turi “Sand Art” – “Qum san’ati” deb ataladi. Qum – bo‘­yoq vazifasini bajarib, faqatgina bu “yorug‘lik va soya” qonun-qoidasi asosida ishlaydi hamda inson hissiyoti, tafakkuri va g‘oyasini ajoyib tarzda ko‘rsatib beradi. Bu san’at turi estetik ongni rivojlantirish va dunyoni bilishning eng muhim vositalaridan biri hisoblanib, mustaqil, erkin ijodiy faoliyat bilan chambarchas bog‘­liqdir.
Rasm chizishda qo‘l va barmoqlar asosiy yordamchi ekanligini yaxshi bilamiz. Bundan tashqari, o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘i yosh bolalarga hattoki qalamdan ko‘ra yaxshi bo‘ysunadi. Ijodiy tasavvurni namoyon qilish uchun nafaqat ko‘rsatkich, balki boshqa barmoqlardan ham qanday foydalanish kerakligini o‘rganish asosiy vazifalardan biridir. Qum bilan chizish mahoratini o‘zlashtirish bolaning ichki dunyosini rivojlantirishga va uni boyitishga imkon yaratadi. Ijodning ushbu turi ruhiy holatni tuzatish vositasi sifatida yosh rassomga ko‘rgazmali tasavvurdan uzoqlashgan holda, qo‘rquvni yengib o‘tishga, an’anaviy materiallarni tasvirlash orqali his-tuyg‘u va ruhiy ke­chinmalarni rasmga tushirishga yordam beradi, unda erkinlik, mustaqillik va o‘z kuchiga ishonish hissini paydo qiladi. Qum bilan chizish mahoratini egallab olish, o‘z navbatida, bolalarning yara­tuv­chanlik faoliyatini ijodiy xislat bilan ta’minlaydi. Bularni hisobga olgan holda, bolalarga qum bilan chizishni o‘rgatishga mo‘ljallangan “Qumli fantaziya” nomli ijodiy va badiiy dastur doirasida ish olib boruvchi to‘garak tashkil etish mumkin.

Check Also

Portfolio – imkoniyat izlash

Portfolio yig‘ish zamonaviy baholash usullaridan biri hisoblanib, bu usul bola shaxsiga yo‘naltirilgan metodlardan biridir. “Portfolio” …