Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | BOLALARNI HAYVONOT OLAMI BILAN

BOLALARNI HAYVONOT OLAMI BILAN

Axloqiy faoliyatni tashkil etishda qo‘llaniluvchi ko‘rgazmali qurollar, tabiiy shart-sharoitlar, axborotli texnologiyalar, mehnat faxriylari hamda ishlab chiqarish jarayonida faoliyat olib borayotgan shaxslar, ularning hayoti haqidagi hikoyalar maktabgacha yoshdagi bolalar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida axloqiy tarbiyaning sifat va samaradorligini ta’minlaydi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar va boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilari axloqiy tarbiyasini tashkil etishda yuqori samaradorlikning ta’minlanishi uchun xizmat qiluvchi omillar amaliy faoliyat sifatining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Muammo doirasida olib borilgan amaliy faoliyat yakunlari maktabgacha ta’lim muassasalari va boshlang‘ich ta’lim faoliyatining bugungi kundagi holati borasida yakuniy xulosa chiqarishga imkon berish bilan birga, ushbu muassasalar faoliyatini takomillashtirishning samarali yo‘llarini izlab topish lozimligini kun tartibiga olib chiqmoqda.
MTM va boshlang‘ich ta’lim faoliyatini takomillashtirishning eng maqbul yo‘li – yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.
Istiqboldagi vazifa maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim muassasalari faoliyatida ham keng ko‘lamda axborot texnologiyalari xizmatidan foydalanishga erishishdir.
Quyida bolalarning axloqiy sifatlarini shakllantirish yuzasidan mashg‘ulot tavsiya etamiz.
Hayvonot olamiga sayr

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga hayvonot olami haqidagi bilimlarni berish; hayvonlar, jonli tabiatga nisbatan mehr-muhabbat uyg‘otish orqali ulardagi axloqiy sifatlarni tarbiyalash; hayvonot olami haqida tushuncha berish, ularni tasvirlash, hayvonot olamiga nisbatan ongli va axloqiy munosabatda bo‘lishni tushuntirish.
Jamoaviy guruh shaklida o‘tkaziladigan ushbu mashg‘ulotda bayon qilish, suhbat, savol-javob, “Klaster” texnologiyasi usullaridan foydalaniladi. Tarqatma material, hayvonlarning surati aks ettirilgan rasmli kartochkalar mashg‘ulotni tashkil etishdagi asosiy vositalar hisoblanib, tarbiyachi har bir bolaning faol ishtirokini kuzatib boradi. Mashg‘ulotga oid savollar bilan murojaat qilish usuli ham bolalarni faollikka undab, e’tiborini, diqqatini jamlashga xizmat qiladi. Mashg‘ulot so‘ngidagi rag‘batlantirish esa bolalarni kelgusi mashg‘ulotlarga qiziqishini oshirishi tabiiy.
Mashg‘ulotning borishi:
I bosqich
Tarbiyachi: – Bolajonlar, qanday hayvonlarni bilasiz?
Bolalar: – Yovvoyi hayvonlar, uy hayvonlari, qushlar, parrandalar.
Tarbiyachi: – Diqqat bilan rasmlarga qarab ularning turlari va farqlarini bilib olamiz. Ayting-chi, qaysi hayvonlar yovvoyi, yirtqich, qaysilari uy hayvonlari deb ataladi? Bularning qanday zararli va foydali tomonlari bor?
Bolalar ularning nomlari, o‘ziga xos xususiyatlari hamda zararli tomonlarini bilganicha ayta boshlaydi.
II bosqich
Tarbiyachi turli hayvonlar rasmlarini ko‘rsatib, bolalar bilan birgalikda ularni sinflarga ajratadi (klassifikatsiyalash); ya’ni uy hayvoni, yirtqich hayvonlar, parrandalar, qushlar rasmlarini ajratishadi.
III bosqich
Ushbu bosqichda tarbiyachi bolalarga o‘zlariga yoqadigan hayvon rasmlarini tanlab olishini taklif qilib, bolalarni guruhlarga ajratadi.
IV bosqich
Tarbiyachi bolalar tomonidan o‘zlashtirilgan bilimlarni umumlashtiradi.
Tarbiyachi: – Bolalar, siz hayvonlar haqida qanday she’r va ertaklar bilasiz? Ushbu hayvonlarga munosabatingizni bildiring-chi?
– Hayvonlarni qanday parvarish qilinadi? Ularga azob berish mumkinmi?
– Hayvonot olamini qanday asrash mumkin?
– Hayvonlarning inson hayotidagi ahamiyati qanday?
Bolalar o‘rgangan bilimlari asosida savollarga javob topadi. Qaysi guruh faol qatnashsa, o‘sha guruhga bayroqchalar tarqatiladi va qolgan guruh ishtirokchilari rag‘batlantiriladi.
Bolalarda bilim, ko‘nikma va malakalarning o‘zlashtirilganlik darajasi, hayvonot olamiga nisbatan axloqiy, ongli munosabatlarining shakllangani suhbat, muammoli savollar, test, kuzatish orqali aniqlanadi.
Tajriba-sinov natijalariga asoslanib, muammo doirasida bolalarning savodxonlik darajasi uch toifaga ajratib, baholanadi.
1. Yuqori.
2. O‘rta.
3. Past.

“Klaster” metodi asosida tuzilgan sxema bolalarni hayvonot olamini klassifikatsiya qilishga o‘rgatadi.

Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalarga tayangan holda quyidagicha xulosaga kelish mumkin: maktabgacha yoshdagi bolalarning axloqiy tarbiyasini tashkil etish jarayonida hayvonot olamidan foydalanishga yo‘naltirilgan faoliyatning maqbul shakl, metod va vositalarini aniqlash kelgusida tadqiqot muammosi bo‘yicha amaliy faoliyatni samarali tashkil etish, uni yuqori bosqichlarga ko‘tarish imkoniyatini yaratishgagina xizmat qilib qolmay, ayni vaqtda bolalarda axloqiy faoliyatni tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, ularning o‘z mazmunida axloqiy g‘oyalarni ifoda etgan hayvonot olami mohiyatini to‘laqonli anglashiga yordam beradi.
Tadqiqot ishini olib borish jarayonida maktabgacha yoshdagi bolalar va boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarining axloqiy tarbiyasida hayvonot olamidan foydalanishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyatning sifat va samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi maxsus metodik (dastur va ishchi reja) tavsiya ishlab chiqildi.
Mazkur metodika mazmunida maktabgacha yoshdagi bolalarning axloqiy tarbiyasida hayvonot olamidan foydalanishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyatni yo‘lga qo‘yishda samarali deb topilgan shakl, metod va vositalar ham o‘z aksini topdi.

Madina RASULXODJAYEVA, Nizomiy nomidagi TDPU o‘qituvchisi

Check Also

BAHORDA UCHIB KELUVCHI QUSHLAR

Suhbat Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga uchib kelib-ketuvchi qushlar haqida tushuncha berish, ularning tashqi ko‘rinishi, o‘ziga xos …