Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Bolalarni maktabga tayyorlashda innovatsion yondashuvlar

Bolalarni maktabga tayyorlashda innovatsion yondashuvlar

Respublikamizda dastlabki ta’lim elementlari maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlanadi. Ularning bosh vazifasi bolalarni maktabga yaxshi va samarali tayyorlash hisoblanadi. Ma’­lumki, bo‘lajak maktab o‘quvchilarining kerakli kompetensiyalarini shakllantirish muammosi pedagoglar singari, psixologlar uchun ham yangilik emas. Maktabda ta’lim olish­ga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘p yillar davomida chet el va o‘zbek tadqiqotchilari tomonidan o‘rganilgan. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishi­cha, maktabga tayyorlash komponentlari jismoniy, aqliy, motivatsion, erkin-emotsional, muloqotga tayyorgarlikdan tashkil topadi.
I.Y. Kulagina tadqiqotlarida esa ikkita, psixologik-pedagogik tayyorgarlik aspekti, shaxsiy intellektual tayyorgarlik aspekti mavjudligini ilgari suradi.
Amaliyotdan ma’lum bo‘lishicha, maktabga tayyorgarlikka belgilangan talab darajasini shakl­lantirish va obyektiv baholash ota-ona va tarbiyachining faol ishtirokisiz bo‘lmaydi. Buning uchun esa ularga maktabgacha yoshdagi bolalarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida aniq bilim, dastlabki maktab ta’limini berishda (o‘qitishda), maktabga tayyorgarlikni shakllantirish usullari va mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida bilimlar berish zarur.
Maktabgacha ta’lim tizimi zimmasiga qo‘yiladigan vazifalardan biri bolalarning kognitiv o‘sishlarini muvaffaqiyatli ta’minlash bilan birgalikda, kelgusida maktab ta’limini belgilangan davlat ta’lim standartlari darajasida o‘zlashtirishlariga yordam berishdan iborat. Bu vazifani samarali amalga oshirish, albatta, maktabgacha ta’lim muassasasi va oila o‘rtasidagi uzviy hamkorlikka bog‘liq.
Bolalarni maktabda ta’lim olishiga tayyorlash maktabga kirishdan ancha oldin boshlanadi va bu maktabgacha ta’lim muassasasi bola u­chun odatiy faoliyat ko‘rinishidagi mashg‘ulotlar: o‘yinlar, rasm chizish, loyihalash va bosh­qalar asosida amalga oshiriladi. Bola qaysi faoliyat bilan shug‘ullanmasin, doimo unda kognitiv element uchraydi (qatnashadi) va yangiliklarni bilishga, mustaqil biron bir narsani qurishga yoki yasash­ga harakat qiladi. Lekin bolani o‘quv jarayoniga tayyorlashni shakllantirishda bu asosiysi emas. E’tiborni maktabgacha ta’lim tayyorlov guruhiga va birinchi sinf o‘quv mazmuni ko‘p jihatidan o‘xshashligiga qaratish lozim. Shu o‘rinda maktabgacha ta’lim muassasasi bitiruvchilarining maktab sharoitiga moslashuvi kuzatilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, birinchi yarim yillik o‘quvchi uchun maktabda eng qiyin davr hisoblanadi.
Kattalarning “endi sen katta bo‘lib, maktabga bording” deya ta’kidlashlari, uni zanjirning ilk halqasida ekanini, uning ma’nosida juda ko‘p vazifalar borligini anglab yetadi va aynan shu yerda stress va injiqliklar boshlanadi.
Shu sababli bolaning har tomonlama rivojlanishi va uning maktabga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘­­rishi maktabgacha ta’lim muassasasi va ota-onalar hamkorligiga bog‘liq. Zero, oila bola rivojlanishining birinchi va eng muhim omilidir.
Ota-onalar bilan hamkorlikning innovatsion va samarali shakli guruh seminarlari, bahs-munozaralar, davra suhbatlari, ota-onalar uchun treninglar, rolli o‘yinlar hisoblanadi.
Shunday qilib, maktabga nisbatan ijobiy o‘quv motivlarini shakllantirish bolani maktab­ga tayyorlashda oila-maktabgacha ta’lim muassasasining hamkorligi eng muhim birlamchi vazifalaridan biridir.
Bolani maktabga tayyorlashda, albatta, bo‘­lajak o‘quvchining motivatsiyasini hisobga olish zarur. Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiya­chisini bolalarda maktabga nisbatan ijobiy munosabat va o‘qish maqsadini shakllantirish uch maqsad yechimiga qaratilgan:
– bolalarda maktab va bilim olish haqidagi tasavvurni shakllantirish;
– maktabga nisbatan ijobiy emotsional munosabatni shakllantirish;
– o‘quv faoliyati malakasini shakllantirish.
Bu masalani yechishda faoliyat turi, shakl va metodlari:
– maktabga sayohat, maktab haqida qis­qa­cha suhbatlar, maktab o‘quvchilari haqida hikoyalar, she’rlar yod olish, maktab hayotini aks ettiruvchi rasmlar ko‘rish, maktab rasmini chizish va “maktab-maktab” o‘yinini o‘ynash;
– maktab haqidagi hikoya va she’rlar maktab hayotining rang-barang tomonlarini ko‘rsatish uchun tanlanadi. Ya’ni maktabga ketayotganda bolalardagi quvonch, ta’lim mazmuni, do‘stona munosabatlar va  o‘rtoqlariga yordam berish zarurligi, maktabda va darslarda o‘zini namunali tutish qoidalarini bilish;
– maktab ta’limi nuqtayi nazaridan bolalar bilan to‘g‘ri-noto‘g‘ri qiyosiy namunalar asosida suhbat qurish.
Oila maktab yoshidagi bolalar uchun o‘qishdagi maqsadini shakllantirishda hal etuvchi rol o‘ynaydi. Yangi bilimlarga qiziqish, qiziqqan ma’lumotlarining elementlarini (kitob, jurnal, darsliklardan) qidirib topish malakasini oshirish, maktab ta’limining ijtimoiy mohiyatini anglash, “xohlayman” so‘zini “kerak” so‘ziga bo‘ysundira bilish, mehnat qilish xohi­shini ta’minlash va boshlagan ishini oxiriga yetkazish, namunali ish bilan o‘z ishini solishtira bilib, o‘z xatolarini ko‘rish, yutuq sari intilish va xolisona o‘ziga baho berish – bularning bar­chasi maktab ta’limining motivatsion (maqsadli) asosi va oilaviy muhitda shakllanadigan asosiy omildir.
Agar oiladagi tarbiya noto‘g‘ri shakllangan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muassasasining yolg‘iz kuchi bilan ijobiy natijaga erishish qiyin kechadi.
Shu o‘rinda maktab yoshidagi bolalar xulq-atvorining quyidagi xususiyatlariga e’tibor qara­ti­shimiz kerak:
– kattalarni e’tibor bilan eshitadimi;
– topshiriqlarni oxirigacha eshityaptimi, tarbiyachining fikrini bo‘lib, oxirigacha eshitmay topshiriqni bajaradimi;
– kattalar topshirig‘ini aniq bajarishiga harakat qilyaptimi;
– bajarish jarayonida biror nima yodidan ko‘tarilib yoki tushunmasa, savol beryaptimi;
– kattalar avtoriteti (obrazi)ni tan olyaptimi va ular bilan hamkorlikka tayyormi;
Bolani maktabga tayyorlashning eng qulay yechimlaridan biri – ta’lim va tar­biya jarayonini yengillashtirish, yana ham rang-barang, qiziqarli va samarali qilishga yo‘­naltiradigan maktabgacha ta’lim muassasalariga berish sanaladi.

Odina ABOBAKIROVA,
Farg‘ona viloyati XTXQTMOI “Maktabgacha,
boshlang‘ich va maxsus ta’lim”
kafedrasi o‘qituvchisi.

Check Also

Kuylash malakalari

Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga ilk musiqiy ta’lim jarayonlarini o‘rgatish juda muhimdir. Ular qalbida go‘zallikni his …