Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Bolalarni mustaqil fikrlashga o`rgatish

Bolalarni mustaqil fikrlashga o`rgatish

Maktabgacha ta’lim muassasasi sog‘lom, har tomonlama yetuk bolalarni tarbiyalash uchun zarur tashkiliy-uslubiy, psixologik-pedagogik shart-sharoitlar yaratadi, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlashda ota-onalarga yordam beradi. Bola 6–7 yoshga yetguniga qadar oilada, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiya oladi. Shu sababli maktabgacha ta’lim muassasasi ham maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiyasida mas’uliyatli bo‘lishi lozimligini anglagan holda, bu jarayonda qo‘llaydigan vazifalarni Davlat talablariga muvofiq tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi.
Maktabgacha ta’limning vazifalari:
 bolalar hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash;
 bola shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilimga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish;
 bolaning intellektual, ruhiy va jismoniy rivojlanishini ta’minlash;
 rivojlanishidagi nuqsonlarning oldini olish yoki tuzatish;
 bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
 ularni maktab ta’limiga tayyorlash.

Mamlakat kelajagi bugun ta’lim-tarbiya olayotgan farzandlarning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib yetishishlariga bog‘liq. Shu bois ta’lim-tarbiya sohasiga, jumladan, maktabgacha ta’lim tizimiga juda katta e’tibor berilmoqda. Ta’lim jarayonida bolada fikr uyg‘otish, munosabat shakllantirish murabbiydan katta kuch, mehnat, bilim va mahoratni talab etadi. Erkin fikrlashga yo‘naltirish esa, yaratuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgani uchun ham aqlan, ham ruhan ikki barobar zo‘riqish demakdir. “Jamiyatda har bir insonni erkin fikrlaydigan etib tarbiyalash kerak. Agar bolalar erkin fikrlashga o‘rganmasa, berilgan ta’lim samarasi past bo‘lishi muqarrar. Mustaqil fikrlash ham katta boylikdir”, – degan edi mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov.
Bu mas’uliyatli vazifalar hozirgi zamon murabbiyidan, ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim beruvchi shaxslardan o‘z kasbiy kompetentliligini doimiy tarzda oshirib borish, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan har bir bolaning intellektual imkoniyatlarini inobatga olgan holda foydalanish yo‘llarini bilishni taqozo etadi. Ta’lim jarayonida bolalarni mustaqil fikrlashga yo‘naltirish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalardan oqilona foydalanish, nafaqat bilimlarni o‘zlashtirish samaradorligi va sifatini oshirish, balki ma’naviy kamolotni ta’minlash garovi hamdir.
Bolalarning fikr doirasi, ongli dunyoqarashini o‘stirishda ularni erkin tinglovchidan erkin ishtirokchiga aylantirish nihoyatda muhimdir. Ishlash jarayonida ko‘p o‘ylash, izlanish va ijod qilishga to‘g‘ri keladi. Tarbiyachi mashg‘ulotda boshqaruvchi, bolalar esa ishtirokchiga aylanadi. Mashg‘ulotlarda murabbiylar bolalarni erkin ishtirokchiga aylantira olsalargina, ularning shaxsiyatida ma’naviy to‘kislik sifatlarini shakllantirishda ijobiy natijaga erishish mumkin.
Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasalarida nutq o‘stirish mashg‘ulotlari yetakchi o‘quv fani hisoblanadi. Mashg‘ulotlarda bolalar ongini o‘stirish, ularning o‘z fikrini to‘g‘ri, tez va ravon ifodalash hamda mustaqil fikr yuritishga o‘rgatish o‘quv dasturining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lmog‘i lozim. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish asosiy ish turi bo‘lishi, bu ishlar matn ustida ishlash orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu jarayon asnosida nafaqat ta’lim-tarbiya beriladi, ularning nutqi o‘stiriladi, balki mustaqil fikrlashga ham o‘rgatilib boriladi. Nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida mustaqil fikrlash – har bir matn mohiyatiga kirish, mazmunini o‘z imkoniyatlari darajasida tahlil qila olish, unda tasvirlangan voqea-hodisalar va qahramonlarga munosabatini bildirish, mushkul vaziyatda o‘ziga yo‘l topa olish faoliyatidir. Mustaqil fikrlash qobiliyati nutqning qay darajada rivojlanganiga ham bog‘liq. Bolalarni yoshligidan mustaqil fikrlashga o‘rgatish keyinchalik qo‘yilgan har bir muammoni o‘zgalar yordamisiz hal eta olish ko‘nikmasini shakllantiradi.
Har kuni oz-ozdan bo‘lsa ham bolalarni biror mustaqil ish turini bajarishga yo‘naltirish uchun, avvalo, ularni mustaqil faoliyatga ruhan tayyorlash taqozo etiladi. Ruhiyatlarida mazkur topshiriqni bajara olishlariga ishonch hosil qilish lozim. Mustaqil ish turlari tarbiyachi tomonidan puxta o‘ylangan, ma’lum maqsadga asoslangan bo‘lishi kerak.
Bugungi jadal rivojlanayotgan zamonda bolaning iste’dod zaxirasiga mansub xarakter belgilarini barvaqt aniqlash mumkinligi va zarurligi hamda bu xususiyatlar qay darajada bolalarda tarkib topishi, asosan, ota-onalar hamda tarbiyachilarga bog‘liqdir. Maktabgacha ta’lim muassasasining muhiti boladan bo‘lajak olim-u shoirlarni tarbiyalashi yoxud aksincha iqtidor sohiblarini halok qilishi mumkin. Bu bolaning qobiliyati yo‘qligidan emas, balki aynan tarbiyachi va ota-onaning undagi layoqatni o‘z vaqtida aniqlay olmasdan, qobiliyatini rivojlantirib borishiga e’tibor qaratmagani sabab bo‘ladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga ta’lim-tarbiya berishda bugungi kunda “Montessori”, “Venn diagrammasi” kabi pedagogik texnologiyalar majmuyidan keng foydalanilmoqda. Masalan, “Montessori” texnologiyasi orqali bolalarda mayda motorika rivojlantiriladi. Mashg‘ulotlar davomida turli mayda ashyolardan kerakli buyumlar yasash, ko‘zni bog‘lab qo‘yib, turli buyumlarni paypaslab topish kabi usullardan foydalaniladi, “T” texnologiyasi va “Venn diagrammasi”da o‘rtaga tashlangan muammo ikki yoqlama tahlil qilinadi va shu asosga ega bo‘lgan predmetlar ikki turga ajratiladi. Bu texnologiyalar bolalarga berilayotgan mavzuni oson o‘zlashtirishga va mashg‘ulot jarayonida ularning faol ishtirok etishiga imkon beradi. Ma’lumki, har bir bolaning muayyan bir sohaga qobiliyati bo‘ladi. Bu texnologiyalar mana shu qobiliyatni iloji boricha ertaroq aniqlab, to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam beradi. Chunki, bunday pedagogik texnologiyalar qo‘llanilganda, bolalar bir vaqtning o‘zida o‘ylaydi, o‘ynaydi, ham o‘rganadi, o‘rganganini esa tushuntirib beradi.
Hozirgi kunda zamon talablariga javob beradigan yoshlarni tarbiyalashda ta’limning so‘nggi yutuqlaridan unumli foydalanish pedagogdan yuqori mahoratni talab etadi. Shu bilan birga pedagog axborot va pedagogik texnologiyalar haqida chuqur bilimga ega bo‘lmog‘i lozim. Mashg‘ulotlar jarayonida pedagogik texnologiyalardan mahorat bilan foydalanish bolalar qobiliyatini erta aniqlashga, to‘g‘ri yo‘naltira olishga va rivojlantirishga imkoniyat yaratib beradi.

Gulasal BERDALIYEVA,
Sirdaryo viloyati XTXQTUMOI katta o‘qituvchisi

Check Also

Mtmda bola ijodkorligini rivojlantirish

Maktabgacha yoshdagi bolalarga qo‘l mehnati orqali zamonaviy, qiziqarli hamda foydali buyum, o‘yinchoqlar yasashni o‘rgatish maqsadga …