Bosh sahifa | Tajriba minbari | Bolaligim – poshsholigim

Bolaligim – poshsholigim

(yoxud Yaponiya maktabgacha ta’lim muassasalariga bir nazar)

Yapon ayollari azaldan hech qayerda ishlamay, uyda farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish­gan. Bugungi kunga kelib esa mamlakatning zamonaviy ayollari ishlash istagini bildirib, farzandlarining ta’lim-tarbiya olishi uchun maktab­gacha ta’lim muassasalariga berishmoqda.
Yaponiya maktabgacha ta’lim tizimi uch yildan iborat bo‘lib, bolalar 6 yoshga to‘lgach boshlang‘ich maktabga borishadi. Kichkintoylar davlat tasarrufida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga 3 yoshdan qabul qilinadi.
Yaponiyada yasli tipidagi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilgan bo‘lib, u yerga bolalar 3 oyligidan qabul qilinadi, lekin bu holat yaponlarda ma’qullanmaydi. Chunki go‘dak farzandini maktabgacha ta’lim muassasalariga berish uchun juda muhim asos bo‘lishi lozim. Farzandini 3 oyligidan bog‘chaga bergan ayollar jamiyatda tanqid ostida qoladi, kunchiqar mamlakatda atrofdagilar fikri birinchi o‘rinda turadi.
Yaponiyadagi maktabgacha ta’lim muassasalari ko‘p mamlakatlar kabi ikki turdan iborat:
–    Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari.
–    Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari to‘liq kunlik bo‘lib, haftada olti kun ishlaydi. Bola muassasaga ota-onasi kun davomida to‘rt soatdan ortiq ishlayotgan bo‘lsagina qabul qilinadi. Bundan tashqari, mamlakatda davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining ish vaqti yarim kunga qisqartirilgan turlari ham faoliyat olib boradi.
Yaponiya ta’lim tizimining maqsadi – intilish va izchillikdan iborat. Ta’lim sohasi bo‘yicha kuchli raqobat mavjud. Jumladan, universitetlarni tamomlagan talabalarga berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom vazirlikda yoki mashhur, obro‘li, katta maoshli firma, korxonalarda ish joyi bilan ta’minlashga kafolat beradi. Bu esa martabaning o‘sishi va moddiy jihatdan ta’minlik garovi hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalar bolalarini yaxshi shart-sharoitlarga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlab, boshlang‘ich maktab va oliy o‘quv muassasalarida o‘qitish uchun harakat qilishadi.
Maktabgacha ta’lim majburiy emasligiga qaramay, 98 foiz bolalar mazkur tizim faoliyatidan foydalanishadi. Mamlakatdagi maktab­gacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarni yozish yoki o‘qishga emas, asosan, guruhlarga ajratilgan holda jamoa qiziqishlari bilan ish olib borishga o‘rgatiladi.
Guruhlarda bolalar soni 8-10 nafardan iborat, yasli guruhlardagi bolalar soni esa ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Bitta tarbiyachi 3-4 nafar bolaga biriktirilgan holda ishlarni tashkil qiladi.
Har bir maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun maxsus kiyim, bosh kiyimi va sumkalari (ryukzak) mavjud. Kichkintoylarning ota-onalari nafaqat maktabgacha ta’lim muassasasidagi tadbirlarda, balki muassasa hayotida faol qatnashib turishi belgilangan. Har kuni guruhga bir bolaning otasi kelib o‘z kasbi haqida so‘zlab beradi yoki onasi biron bir taomning tayyorlanishini aytib, ko‘rsatib beradi. Bu jarayonda nafaqat bolalar, hattoki ota-onalar ham tarbiya olishadi. Bundan tashqari, maktab-gacha ta’lim muassasasida har bir bola haqida ma’lumotlar doimiy ravishda tarbiyachi va ota-onalar tomonidan to‘plab boriladi. Masalan, bolaning bugungi kayfiyati, sog‘ligi, xohishlari haqida ma’lumot ota-onalar tomonidan ertalab tarbiyachiga yozma ravishda beriladi, kechqurun esa uning qiziqishlari, ishtahasi, uyqusi va boshqa jihatlari haqidagi ma’lumotlarni guruh tarbiyachisi bolaning ota-onasiga yetkazadi. Bu chora pedagoglar qo‘shimcha ijtimoiy mexanizmini nazorat qilishida va ota-onalar bilan maktabgacha ta’lim muassasasi orasidagi o‘zaro munosabatni, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam beradi hamda bu orqali ota-onalar farzandlariga ko‘proq e’tibor berishlari talab etiladi.
O‘quv yili Yaponiyada 1-apreldan boshlanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab-lar va boshqa ta’lim muassasalarida tantanali ochilish marosimlari o‘tkaziladi. Maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari ham tarbiyalanuvchilarni oliy ta’lim muassasasining talabalari kabi bayramona kutib oladi. Yaponiyada barcha ta’lim muassasalari bir xil reja asosida o‘qitiladi. O‘quv yili uch semestrdan iborat bo‘lib, semestrlar orasida maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, universitetlarga ta’til beriladi. Mashg‘ulotlar ta’til vaqtida o‘tkazilmaydi. Ta’tilda muassasa tarbiyalanuvchilari maktabgacha ta’lim muassasasining cho‘milish havzasida (basseyn) suzish, tarbiyachisi bilan suhbatlashish, o‘ynash uchun kelishadi.