Bosh sahifa | Psixolog maslahati | Bolamning ko`ngliga yo`l topaman!

Bolamning ko`ngliga yo`l topaman!

Har bir bola o‘zgacha bir olam. Uning qalbiga yo‘l topish, tushunish, kichkintoyni chin ko‘ngildan yaxshi ko‘rishni hamma ham uddalay olmaydi. Biz kattalar har doim ham ularning xohish-istaklarini to‘g‘ri anglay olyapmizmi?
O‘yin maydonchasi… Qaysidir bola o‘yingohda maza qilib o‘ynamoqda. Boshqasi o‘zi bilan o‘zi ovora. Yana biri esa tengqurlari bilan suhbatlashmoqda. Mashhur amerikalik psixolog Jon Grey bu holatni bolalarning quyidagi temperament ko‘rinishi bilan izohlaydi: ta’sirchan, faol, reaktiv, zehnli. Albatta, bu sifatlar bir-birini to‘ldiradi. Ammo qaysidir bir xislatning bolada ustunlik qilayotganini ilg‘ash qiyin emas. Vaqt o‘tgan sayin ana shu temperament bolada sayqallashib borayotganini kuzatish mumkin. Xo‘sh, bunda asosiy e’tiborni nimalarga qaratish zarur?

Ta’sirchan bola: odatda, bunday bolaga xushmuomalalik xos bo‘lsa-da, u bilan ko‘proq suhbatlashish, tinglash lozim. Shuningdek, bolaning kechinmalariga sherik bo‘lish kerak, aks holda, uning kichik muammolari kattalasha boradi va qo‘rqitib qo‘yadi. Agar farzandingizning shunday sifatlari bo‘lsa, uni sho‘xlik qilishdan chegaralab qo‘ymang, oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Bunday vaziyatda ota-onadan talab etiladigan narsa kichkintoyni tinglash va ko‘ngilsiz voqealar faqat u bilan emas, boshqalarda ham sodir bo‘lishi mumkinligini aytishdir. Farzandingiz bog‘cha yoki maktabda nimadandir ko‘ngli to‘lmayotgan bo‘lsa, sizda ham ishxonada shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lganini qayta-qayta takrorlang.

– Bolangizga uni tushunayotganingiz, dardiga sherik ekaningizni bildirib turing. Unutmang, ta’sirchan bolalarga o‘z tuyg‘ularini tizimga solishi uchun vaqt kerak. Hammasi o‘tib ketgach ham aslo oldingi muammolariga qaytmang, eslatmang, – deydi pediatr Nargiza Gafurova.
• Ta’sirchan bola e’tibortalab bo‘ladi. Unga yangi do‘stlar orttirishda yordam bering;
• Bu toifadagi bolalarni rag‘batlantirish uchun kechinmalariga diqqatliroq bo‘ling;
• Bolangizni qo‘llab-quvvatlang, bu uning hayotiy qarashlarini yanada o‘stiradi.

Faol bola: bu toifadagi bolalar o‘z nomi bilan faol, kirishuvchan bo‘ladi. Ularga yo‘nalish berish kifoya. Bunday bola diqqat markazida bo‘lishni yoqtiradi, unga ishonishlarini doimo bilishni, sezishni istaydi. Tabiatan faol bolani bir joyda tutib turish qiyin, bunday vaziyatda uni qiziqarli biror mashg‘ulot bilan shug‘ullantirish mumkin. Ular hamma narsani bilishga oshiqadi, shu sababli faol bolalar bilan tez-tez qiziqarli voqealar sodir bo‘lib turadi.

Faol bola atrofidagilar uning xato va kamchiliklarini kechirishini istaydi. Agar uning harakatlarini ma’qullamasangiz, sizdan ochiqchasiga ranjiydi va ichimdagini top toifasidagi bolaga aylanib oladi.
• Faol bolalarni biror sport turiga qiziqtirish, murabbiy orqali uning harakatlarini chegaralash lozim;
• Sizga ko‘mak berib bo‘lgach, bu toifadagi bolalarni sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishi, o‘yinchoqlarini o‘ynashiga ruxsat berish bilan rag‘batlantirish mumkin;
• Yana ular orasida kamgaplar ham uchraydi, ammo vaqt o‘tgan sayin bu odat yo‘qolib ketadi.

Reaktiv bola: bunday bolalar mehribon, mehnatsevar va kirishuvchan bo‘ladi. Reaktiv bola hamma ishda o‘zini sinab ko‘rishga harakat qilsa-da, bir ishni oxirigacha yetkazmaslik odati bor. Bunday vaziyatda ularga uzun ma’ruza o‘qishning keragi yo‘q, chunki ular buni tinglamaydi. Shunchaki bola uchun qiziqishlarini hisobga olgan holda yangi bir yo‘nalish ko‘rsatish lozim.
Reaktiv bolaning qaysarliklariga javob berish uchun, avvalo, uni chalg‘atishga harakat qiling. Bunday bolalar ertak va qiziqarli hikoyalar tinglashni yaxshi ko‘radi. Shunday ekan, ular bilan bemalol murosa qilsa bo‘ladi.
• Bunday bolalar yangilikka intiluvchan bo‘ladi, turli yo‘nalishda faoliyat olib borishni, tasavvurlari ham doimo yangilanib turishini istaydi, shu sababli ularni muzey va istirohat bog‘i, ko‘rgazmalarga tez-tez olib borish kerak;
• Unutmang, multfilm, bolalar uchun yaratilgan filmlarni tomosha qilish va sport bilan shug‘ullanish ham yaxshi samara beradi;
• Reaktiv bola hayotni sevuvchi, ammo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Uning ko‘nglini topsangiz, bir zumda intizomli bolaga aylanadi va temperamentida o‘tkir zehnlilik belgilari paydo bo‘la boshlaydi.

Zehnli bola: bu toifadagi bolalar har bir voqea-hodisaning xotimasi qanday bo‘lishiga qiziqadi. Shu sabab ular uchun bashorat juda muhim. Kattalar bu toifadagi bolalar uchun rejali kun tartibini tuzishi kerak. Zehnli bola o‘z nomi bilan idrokli. U biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi, yangi muhitga o‘rganib ketishi uchun vaqt kerak. Bu borada ularni shoshiltirish yaramaydi.
Bolada biror mashg‘ulot yoki ishga qiziqish uyg‘otish uchun avvalo, unga o‘sha yumushni kuzatishi kerakligini ayting. Agar u istasa, o‘yinga qo‘shiladi yoki bolalarning mashg‘ulot bajarishini jimgina kuzatib turadi, xolos. Bu uning toifasiga xos odatdir.
• Bu toifadagi bolalarni rejali kun tartibi asosida tarbiyalash tavsiya etiladi. Kunlik rejani albatta kichkintoy bilan maslahatlashgan, uning xohish va istaklarini hisobga olgan holda birgalikda tuzing;
• Biror vazifani bajartirish uchun esa, unga “Agar shu ishni tezroq yakunlasang, sevimli o‘yiningni o‘ynash uchun senda ko‘p vaqt qoladi”, deb tushuntiring;
• Bu toifadagi bolalar ko‘nikuvchan bo‘lgani bois oson muloqotga kirishadi. Hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘lsa, ular o‘zini xotirjam sezadi. Ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi kichkintoyda faol bolaga xos xususiyatlarning osongina paydo bo‘lishiga olib keladi.

Sevara MUSAYEVA tayyorladi.