Bosh sahifa | Psixolog maslahati | Bolangiz chapaqay bo`lsa…

Bolangiz chapaqay bo`lsa…

Odatda bolaning harakatlari asosan qaysi qo‘lda ekanligini 7–9 oyligidan bilsa bo‘ladi, ammo bu 2-3 yoshgacha ham cho‘zilishi mumkin. Ba’zan 5–6 yoshgacha ham bola ikki qo‘lini faol harakat qildirishi kuzatiladi. Biroq farzandingizning chapaqay ekanligi keyinchalik ma’lum bo‘lsa, aslo uni o‘ng qo‘lda ishlashga majbur qilmang. Chunki, mutaxassislar chapaqay bolalarni o‘ng qo‘lga o‘rgatish ko‘pincha besamar ekanligini ta`kidlab, buni tadqiqotlar bilan isbotlashdi. Tarbiyachilar va o‘qituvchilar bolani yozish, chizish va berilgan vazifani o‘ng qo‘lda bajarishga o‘rgatishi mumkin, ammo bu uning uchun juda katta qiyinchilik tug‘diradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra yer sharining atigi 10 foizini chapaqaylar tashkil etar ekan. Ularning harakatlari, yozuvlarini kuzatish juda qiziq. Bunday bolalarni qahramon deb atash mumkin va ularni ota-onalar, ustozlar ham birdek to‘g‘ri qabul qilishlari lozim.

Djaparova Maryam, Termiz shahar Ko‘p Tarmoqli markaziy poliklinikasining oliy toifali bolalar shifokori:
Chapaqaylik tug‘ma bo‘ladimi yoki keyinchalik shakllanadimi degan savollar odamlar orasida ko‘p uchrab turadi. Bunga esa har ikkisi ham deb, javob berish mumkin. Chapaqaylikning birinchi ko‘rinishi tug‘ma, nasldan naslga o‘tgan, ya’ni irsiy, ikkinchi ko‘rinishi esa yuqorida aytib o‘tilganidek keyinchalik orttirilgan bo‘ladi, ya’ni bola travma olganda, onaning homiladorlik vaqtida patalogik holatlarni boshidan o‘tkazganida yoki tug‘uruq vaqtida miya markazlarining shikastlanishi ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari kamdan kam hollarda o‘ng qo‘lning jarohatlanishi ham chapaqaylikka olib keladi. Bola o‘ng qo‘li jarohati tufayli chap qo‘lini harakat qildirishga majbur bo‘ladi va bunga o‘rganib qoladi.

Chapaqaylar orasida daholar va katta miqdorda mablag‘ ishlab topuvchilar ko‘p uchraydi. Chapaqaylar orasida shaxsida o‘rtamiyonalik xususiyati borlar kam uchraydi. Xo‘sh, ular o‘naqay bolalarga qaraganda psixologik jihatdan qanday farqlanadilar? Chapaqay bolalarning ko‘ngli nozik bo‘ladi, shu sababli 3 yoshdagi inqiroz davri ham chapaqay bolalarda qiyinroq va uzoqroq o‘tadi. Ular san’atga oshufta bo‘lishadi. Ularni ko‘proq rassomlik, dizaynerlik, qog‘ozlardan turli buyumlarni yasash, musiqa va raqs qiziqtiradi. Ba’zilari biologiya, ayrimlari esa matematikani zo‘r qiziqish bilan o‘rganadilar, asosiysi ularda dunyoni qanday yaralganini bilishga bo‘lgan qiziqish juda kuchli bo‘ladi. Ota-onalar chapaqay bolalarini sport turlari(tennis, sport gimnastikasi, boks, xokkey va hokazolar)ga berishdan aslo cho‘chimasinlar, bolaning chapaqay ekanligi bu sohada uning muvaffaqiyatga erishishiga hech qanday to‘sqinlik qilmaydi.

Chapaqay bolalarda makon va manzil aniqligida adashishlar kuzatiladi. Chapaqaylar ham boshqa bolalar singari qiziquvchan bo‘lishadi, ammo ular boshqalarga nisbatan juda ko‘p savol berishadi. Aynan bir film, kitob, voqea-hodisa, ertak va matnlarga qayta-qayta e’tiborini jalb qiladi. Bu chapaqaylarning fahm-farosati, aqli yetmaydi degani emas, bu shunchaki bola o‘z diqqatini mantiqiy jihatdan zanjirga tizish niyatida bo‘ladi. Berilgan vazifa va topshiriqlarni bajarayotganda chapaqaylarning o‘ng yarim shari ishlaydi. Ular haqiqatni qiynalib anglaydi, chunki uning mantiqiy fikrlashiga miyasining chap yarim shari javob beradi, – deydi pediatr Djaparova Maryam.

Chapaqay bolalar miyasining har ikki miya yarim sharlari ham rivojlangan bo‘ladi va chapaqaylarning fikrlash foizi o‘naqaylarga qaraganda o‘rtacha 11 marta ko‘proq bo‘ladi. Chap qo‘lda yozadigan bolalarning tarbiyasi va ta’limida ham alohida qarashlar mavjud. Mutaxassislar bunday holatlarda bolaning hayotini oddiyroq va osonroq qilish uchun o‘zlarining quyidagi maslahatlarini beradilar.

Bolaga har doim qaysi qo‘li o‘ng, qaysinisi chap ekanligini eslatib turing
Chapaqay bola qaysi qo‘li o‘ng, qaysi qo‘li chap ekanligini tushunmaydi yoki ahamiyat bermaydi. Shu sababli uning chap qo‘liga yorqin rangdagi munchoqlar bilan bezatilgan bilakuzuk yoki soat taqib qo‘ying. Shunga o‘xshash bezakli taqinchoqni u bilan birga yasang. Bu uning diqqatini tezda jamlashga yordam beradi.

Bolaning diqqatini chapaqay ekanligiga hadeb qaratavermang
Farzandingizga uning chapaqayligini eslatavermang, bu uning tengdoshlari orasida ajralib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chapaqay bola bundan uyalishi mumkin, shu sababli farzandingizga chapaqayligi ajralib ko‘rsatadigan odat emasligini, u kabi chapaqaylar dunyoda ko‘pligi(masalan, otasi, akasi, amma yoki xolasi), dunyodagi juda ko‘p mashhur(Leonardo Da Vinchi, Lyuis Kerroll, Charli Chaplin, Yuliy Sezar, Iogann-Sebastyan Bax, Lyudvig Van Betxoven, Albert Eynshteyn)lar ham chapaqay bo‘lganligini misol qilib keltiring.
Ustozidan bolangizga partaning chap tomonidan joy berishini iltimos qiling, ana shunda farzandingizning yozuviga yonidagi o‘quvchining o‘ng qo‘li halaqit bermaydi.

Bolangizga har ikki qo‘lini barobar ishlatishini eslatib turing
Chapaqay bolangizga har ikki qo‘lini ham faol harakat qildirishga o‘rgatib turing. Bunda to‘p bilan o‘ynash, musiqa asboblarini chalish va har ikki qo‘l harakatini talab etadigan boshqa o‘yinlar yaxshi foyda beradi.

Kichkintoy chapaqayni shoshiltirmang
Chap qo‘l bolalar biror vazifa yoki yumushni bajarishga shoshilmaydi, hotirjamlikni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun boladan noroziligingizni oshkor etib, uni shoshiltirib baqirganingizdan foyda yo‘q. Bundan chapaqaylar chaqqon bo‘lib qolmaydi. Aksincha asabiylashadi, sizdan jahli chiqadi, natijada vazifani bajarish uchun diqqatini jamlay olmaydi.

Bilimni takrorlash va uni mustahkamlash
Mutaxassislar tomonidan chapaqay bola uchun bilimlarni tizimga solish juda muhimligi isbotlangan. Ya’ni o‘naqay bolalar biror sezilar-sezilmas farq va qarashlarni o‘tkazib yuborsa ham, mavzuni to‘liq tushunadilar, ammo chapaqaylar bunday vaziyatda mavzuni o‘zlashtira olmasligi mumkin. Shuning uchun ularga bilimni bosqichma-bosqich, takrorlash va uni mustahkamlash orqali tushuntirish kerak.
Bilimlar makonini to‘g‘ri tashkil eting
Bunda bolangizning xohish istaklarini hisobga olgan holda dars stoli tayyorlang. Uning ustidagi kitob va o‘quv qurollarini, stol chirog‘ini o‘ng tomonga qo‘ying.

Bolani qoida va chizmalar ustida ishlashga o‘rgating
Chizmalar va qoidalarni tahlil qilish chapaqaylar uchun mushkulroq, shu sababli jarayonda oddiy va tushunarli chizmalardan foydalaning.

Uyda maktabda o‘tilgan vazifalarni albatta takrorlang
Maktab hayoti barchaga ma’lum. Ba’zi hollarda o‘qituvchilar o‘quvchilarning har biri bilan har doim ham individual (yakka) tarzda shug‘ullanolmaydi, bu esa chapaqay bolalarning biror mavzuni to‘liqligicha tushunmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday paytda ota-onalar farzandining uyda ham maktabda o‘tilgan mavzularni qayta-qayta takrorlashlariga ko‘maklashishlari lozim.

Husnixat, yozuv jarayoniga e’tibor bering
Amaliy jihatdan chapaqay bola uchun yozishni o‘rganish qiyin. Ba’zan qator oxirini ham yakunlamasligi mumkin. Bu biror matnni ko‘chirishda ham kuzatiladi. Shuning uchun bolaning o‘qish va yozishiga jiddiy e’tibor qarating.

Kitob o‘qishiga yordamlashing
Bunda farzandingiz qo‘lidagi kitobni o‘qiyotganida qatorlardan adashmasligi uchun xatcho‘p yoki chizg‘ichdan foydalanishingiz mumkin. Chunki chapaqaylarning qatorlarda adashishi ko‘p kuzatiladi.

Sevara MUSAYEVA tayyorladi.