Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma to‘qiyotgan bolani jazolash ko‘pincha aks ta`sir ko‘rsatganini ta’kidladi. “Bolalar ikki yoshidan boshlab yolg‘on gapirishni o‘rganadi”, − deydi doktor Varmelink. Uning fikricha, bola o‘sayotgani tufayli aldash qobiliyatini o‘zlashtirishi muhim ijtimoiy hodisa sanaladi. Shuningdek, kichkintoylar insonlarning his-tuyg‘ularini o‘rganishi va ular yolg‘on so‘zlashdan oldin turli xil qarashlarga ega bo‘lishi mumkinligini anglashi lozim.
Lankaster universiteti psixologiya fakultetidan Lara Varmelink “qanday qilib yolg‘on gapirish va buni ishonarli bajarish”ni o‘rganishda oqsalishar kuzatilib, katta yoshli bolalarda muammolar yuzaga kelishini ta’kidlagan.Tadqiqotga berilgan izohlarga qaraganda, bola yolg‘on gapirganda jazolash, ularni rostgo‘y bo‘lishga undashning eng samarasiz uslubi hisoblanadi. Kanadalik olimlarning o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, agar bola jazolanishdan qo‘rqsa, kamdan kam hollarda rost gapiradi.
Doktor Varmelink The Conversation (Muloqot) nomli ilmiy saytda yozishicha, bolalar ikki yoshdan, ya’ni o‘zining qilgan xato ishini inkor qilishidan boshlab yolg‘onga o‘rganadi. Uch yoshdan esa “beozor” yolg‘onni qanday ishlatish tajribasiga ega bo‘ladi. Bunday aldovlardan yon-atrofdagilarga foyda keltirish yoki xushmuomala bo‘lish maqsadida foydalanadi.
Masalan, bola onasining tug‘ilgan kuni uchun sovg‘a tayyorlaganda unga oldindan aytib qo‘ymaslikka yoki xolasi unga sovg‘a berganda, yoqmasa ham minnatdorlik bildirishga o‘rganadi. Mana shunday yolg‘onlarni ishlatish muhim ijtimoiy malaka sanaladi. Varmelinkning ta’kidlashicha, bolalar “qachon aldash va qanday qilib so‘zlarni ishonchli qilib yetkazish mumkinligini” ham o‘rgana oladi. Chunki ular asta-sekin boshqa insonlar qanday o‘ylashi va his qilishini anglab boradi.
Monrealda Makgil universiteti (McGill University) tomonidan o‘tkazilgan yana bir tadqiqotda bolalardan bir daqiqa o‘yinchog`ini qoldirib, xonani tark etishi so‘raldi. 4−8 yoshgacha bo‘lgan 372 nafar bolaga o‘yinchoqqa qaramaslik aytildi va keyinroq ularning vazifani bajargan yoki bajarmagani so‘raldi. Ma’lum bo‘lishicha, jazolanishdan qo‘rqayotgan bolalar yolg‘on gapirishga moyil bo‘ladi. Aksincha, rost gapirish kattalarga ma’qul kelishini bilgan yoki to‘g‘riso‘zlikdan o‘zini yaxshi his qiladigan bolalar ham uchraydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, agar siz farzandingizni to‘g‘riso‘zlikka o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, xatosini tan olishini istasangiz, ularni rost gapirib baloga qolmasligiga ishontirishingiz, uning rostgo‘yligi sizni xursand qilishini aytishingiz lozim.
Adolat NURULLAYEVA tayyorladi

Check Also

O`jar sichqoncha

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga hayvonlar tovushiga taqlid qilishni o’rgatish va ularning nima bilan oziqlanishi haqida ma’lumot …