Bosh sahifa | Munosabat | Bolangizga nima uchun telefon berasiz?

Bolangizga nima uchun telefon berasiz?

Gadjetlar asrida bolalarni telefon-u, smartfonlardan uzoq ushlash qiyin. Shunday bo‘lsa-da, ulardan foydalanishda ma’lum tartiblarni joriy qilish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga bolalarni ko‘niktirib borish mumkin. Ko‘pincha, ota-onalarning o‘zi bolaga gadjetlarni tutqazib qo‘­yib, uni o‘ynashga odatlantirashadi-yu, keyin boladan uni olib qo‘yolmay xunob bo‘lishadi. Bolani qanday qilib kompyuter-u smartfon o‘yinlaridan sovutish mumkin deb savol beruvchi ota-onalarga mutaxassislar qa’tiy ravishda “Bolangizga shu vositalar bilan ovunishni o‘r­gatmang” deb javob berishgan. Bolalarga ota-onalarning o‘zi gadjetlar bilan ovunishni taklif qilishining sabablari esa juda oddiy: 10 daqiqa tinchlik istash xohishi, xotirjam ovqatlanish va ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot… Afsuski, bu sabablarni inkor etib bo‘lmaydi. Aslida bola jilla qursa maktabga borgunga qadar gadjetlardan foydalanishga odatlanmasa, aqliy rivojlanishi yaxshiroq amalga oshadi.
Bola bir yoshga qadar interfaol alifbolarsiz ham (masalan, gapirishni o‘rgatadigan) o‘zini yaxshi his qiladi. Turli o‘yinchoqlar olib berish­ni, bolaning ular bilan munosabatga kirishishini 3 yoshga to‘lganida boshlagan ma’qul. Kompyuter bilan aloqasini esa birinchi sinfdan boshlash to‘g‘riligini mutaxassislar qayd etishgan. Erta yosh davrida bolaning o‘yinchog‘-u turli vositalardan ko‘ra ota-onasi bilan birga o‘ynagani, sayr qilgani uning ijtimoiylashishida, ri­vojlani­shida katta ahamiyatga ega.

Bolaning gadjetlarga bog‘lanib qolmasligi uchun psixologlar bir qator choralarni ishlab chiqqan. Texnologiyalar rivojlanib, hayotimizga kirib kelgani sari bu tadbirlar mazmuni ham o‘zgarib, kengayib bormoqda. Quyida shu tavsiyalarning ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

  • uch yoshga qadar planshet va boshqa turdagi gadjetlarni bola qo‘liga tutqazmang;
  • agar bolangizga gadjet bersangiz, foydalanish vaqtini chegaralang;
  • 7 yoshgacha bolaning kompyuter o‘yinlarini o‘ynashiga qat’iy “nuqta” o‘rnating. 7 yosh­dan keyin bola bilan kelishing, o‘yin uchun aniq chegaralangan vaqtni belgilab oling. Dam olish kunlari esa bu vaqtni biroz uzaytirsangiz bo‘ladi;
  • bo‘sh vaqtdan unumli foydalaning: bolangiz bilan birga sayr qiling, sport mash­g‘ulotlariga qatnashing;
  • kafe, park kabi ko‘ngilochar joylarga borganda, bolaga gadjet bermang. Unutmang, bolangiz boshqacha – tabiiy ko‘rinishda ham dam olishi kerak. Boladagi obrazli tafakkur atrof-olamni kuzatish natijasida yanada boyib boradi. Uning atrof manzaralarini kuzatishiga diqqat qarating;
  • bolani “kompyuter metodlari” yordamida rag‘batlantirmang. Bola “besh” oldi degani, bor kompyuter o‘yna degani emas. Bolaga rahmat va ijobiy munosabatni texnika emas, odamlar ko‘rsatmog‘i lozim.
  • texnika ta’siridan qo‘rqasizmi, demak, un­dan qoching! Undan foydalanishni ta’­qiqlang. Buning iloji yo‘qday ko‘rinishi mumkin, lekin bu usul ham bolaga ta’sir qiladi.

Yana bir asosiy qoida shuki, hali maktabga ham chiqmagan bolangizga gadjet berar ekansiz, “Nima uchun beryapman?” degan savolingizga javobingiz bo‘lsin. Shundagina bolangizni gadjetlardan ongli ravishda foydalanishga odatlantirishingiz mumkin.

Tillaniso ESHBOYEVA tayyorladi.

Check Also

Yaxshi o‘rnak ham tarbiya vositasi

Farzand – hayotimiz guli. Ular – bizning kelajagimiz. Shu bois kelajagimizning porloq bo‘lishi dilbandlarimizning qanday …