Bosh sahifa | Onalar maktabi | Bolangizga qanday munosabatdasiz?

Bolangizga qanday munosabatdasiz?

Farzandining kelajagi haqida o‘ylash ota-onaga xos xislatdir. Har bir inson farzandlari bilan qanday munosabat o‘rnatish, ularni yax­shi inson sifatida tarbiyalash haqida bosh qotirishi tabiiy. Quyida bolalaringiz bilan qanday munosabatda ekanligingizni aniqlash imkoniyatini beruvchi test keltirilgan. Buning uchun ushbu 10 ta savolning har biriga: “ha”, “yo‘q”  yoki “gohida” javoblaridan birini tanlang.

  1. Ertalab bolangizning kiyinishiga yordam berasizmi?
  2. Siz uni yaxshi kiyintirishga intilasizmi?
  3. Yo‘lni kesib o‘tayotganda uning qo‘lidan ushlab olasizmi?
  4. Siz unga: “Katta bo‘lsang, otangdek bo‘­­lasan” degan jumlani tez-tez takrorlab turasizmi?
  5. Unga tengdoshlaridan yaxshiroq bo‘li­shi kerakligini uqtirib, ta’kidlab turasizmi?
  6. Farzandingizning oldida o‘qituvchilari, tarbiyachilari haqida yomon fikrlarni aytasizmi?
  7. Bolalarning o‘zaro janjal va kelishmov­chiliklariga aralashasizmi?
  8. U bilan bo‘lgan muloqotda “bizning dav­rimizda bunday bo‘lgan edi”, “biz bunday qilar edik” kabi iboralarni qo‘llaysizmi?
  9. Siz undan kim bilan do‘stlashayotganligi va nimalar bilan shug‘ullanayotganligi haqida doimo aytib turishini talab qilasizmi?
  10. Bolangizga o‘rtoqlarinikiga mehmonga borishidan ko‘ra, ularni o‘z uyingizga taklif qilishni tavsiya qilasizmi?

Savollarga berilgan har bir
“Ha” javobiga – 3 ball,
“Yo‘q” javobi uchun – 1 ball,
“Gohida” javobiga – 2 balldan beriladi va jami baholar hisoblab chiqiladi.

NATIJALAR IZOHI:
10 dan 15 ballgacha. Bolani taqiqlashlar yoki har doim yonini olish orqali pand-nasihatlar bilan tarbiyalab bo‘lmasligi sizga yaxshi ma’lum. Siz bolangizning katta bo‘layotganligini tushunasiz, mustaqil bo‘lishiga yordam berasiz, sizga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasligini xohlaysiz.

16 dan 23 ballgacha – Siz qizingiz yoki o‘g‘lingizga hayotdagi o‘z yo‘lini mustaqil topishiga, shuningdek, ularni sizning fikringizga qarshilik qilishlariga ham yo‘l qo‘ymaysiz. Maktab – sizning fikringizcha, ortiqcha dahmaza. O‘qituvchilar bilan fikringiz har doim ham mos tushavermaydi. Shuning uchun ham ular bilan o‘zaro munosabatingiz yaxshi emas. Siz bolangizning ulg‘ayayotganligiga ko‘nika olmaysiz va bunga ishongingiz kelmaydi. Farzandingizga bir oz erkinlik bering. Bu unga ham, sizga ham juda kerak.

24 dan 30 ballgacha – Siz bolangizning ustozlari bilan ham, uning o‘rtoqlari bilan ham yaxshi munosabat o‘rnata olmaysiz. Buning sababi farzandingizga juda ham bog‘lanib qolganligingizdadir. Siz faqat uning uchungina yashayapsiz. Hayotingizning birdan-bir ma’nosini faqat unda ko‘rasiz. Bolaga nisbatan bunday munosabatda bo‘lish uni tarbiyalashning to‘g‘ri yo‘li emas. Bolani to‘g‘ri tarbiyalash uchun dastavval oilada to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Siz bunday tarbiya usulidan tezda voz kechishingiz va bolaning erkin nafas olishi uchun imkoniyat yaratishi­ngiz lozim. Tez orada buning natijasini ko‘rasiz: bolangiz ancha boshqacha bo‘lib qoladi, sizning esa bo‘sh vaqtingiz ko‘payadi.

Dilbar ABDULLAYEVA.

Check Also

O`yinchoqning o`yinchoqdan farqi

Bola hayotida o‘yinchoqlarning o‘rni va ahamiyati juda katta. Ular farzandlarimizning rivojlanishi, kamol topishi va mustaqil …