Maktabgacha yoshdagi bolaning rivojlanishini to‘g‘ri baholash uchun aniq bir yo‘nalishni belgilab olish muhimdir. Kichkintoyni baholashdagi asosiy vazifa – motivatsion bo‘lib, bu uni o‘z faoliyati natijasini yaxshilashga, xulqini o‘zgartirishga undashi kerak. Baholash doimo baholovchining munosabatini, ya’ni kattalarni faoliyat eksperti yoki muammoli vaziyat ishtirokchisi sifatida namoyon etadi.
Kattalar o‘zlarining baholari orqali bolaning faolligini aks ettiradi, ular uchun qandaydir ko‘zgu rolini bajaradi. Ularning bahosi bolaga o‘zining faolligi, xulq me’yorlari va “o‘zligi”ni namoyon etishida to‘g‘ri yo‘nalish olishi uchun yordam beruvchi vosita hisoblanadi. Bu usul kichkintoyning o‘z-o‘ziga baho berish qobiliyati shakllanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bolaning xulqi va faoliyatini baholashdagi mezon hisoblanadi.
Bolaning faoliyati alohida harakatlardan tashkil topgan bo‘lib, biror bir natijaga erishish uchun yo‘naltirilgan maqsad va kuchlarga qaratilgandir. Shuning uchun kichkintoyning faoliyati baholanayotganda birinchi navbatda harakatlari, intilishi va uning natijasini inobatga olmoq darkor.
Kichkintoyning faoliyatini baholashda fidbek — qayta aloqa usulidan foydalanishimiz mumkin. Fidbek (qayta aloqa), bu – biror bir mashg‘ulot yoki trening ishtirokchilariga ularning qaysi harakatlari kerakli natijaga erishishida yordam beradi va ular bundan keyingi jarayonni qanday davom ettirishlari kerak, shuningdek, qaysi harakatlar natijaga erishishda to‘siq bo‘ldi va keyingi faoliyatda qay biridan voz kechish kerakligi haqidagi ma’lumotdir.
Qayta aloqa yana maksimal natijaga erishish uchun rejalashtirishni ham o‘z ichiga oladi.
1. Bolaning faoliyatiga nisbatan qayta aloqaning birinchi shakli quyidagilardan tashkil topadi:
- bolaning faoliyatini ta’riflash (sen bajarding);
- intilishini ta’riflash (sen …… ga intilding);
- bola faoliyatining natijalarini ta’riflash (sen quyidagilarga erishding).
Masalan, “Sen meni diqqat bilan eshitding va chiziqlarni kataklarga men aytgandek chizding. Shuning uchun sening rasming to‘g‘ri va chiroyli chiqdi”.