Bosh sahifa | Psixolog minbari | Bolaning tafakkur dunyosi

Bolaning tafakkur dunyosi

Yosh avlodning barkamol, yetuk, salohiyatli inson bо‘lib kamolga yetishida ona tili va uning imkoniyatlaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham maktabgacha ta’lim muassasalarining eng muhim vazifalaridan biri milliy adabiy til asosida bolalar nutqini shakllantirish va rivojlantirishdan iboratdir.
Mantiqiy fikrlash — tafakkur rivojlanishining  bir turi hisoblanadi. Bu bosqichni egallash uzoq va murakkab jarayondir. Mantiqiy fikrlashni rivojlantirishni maktabgacha yoshdan boshlash kerak.
Bola tug‘ilishidanoq tafakkur qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Boladagi tafakkur asta-sekinlik bilan, bilim va tajribaning ortishi, ya­shash sharoiti va oladigan ta’lim-tarbiyasining ta’siri ostida o‘sib boradi. Kichkintoy dastlab tashqi olamni va uydagi narsalarni sezish, idrok qilish orqaligina bilib, ulg‘aygani sayin narsalar o‘rtasidagi o‘xshashlikni payqay boshlaydi. Masalan: 6-7 oylik bola yolg‘iz qolgan paytida stol oldiga emaklab kelib, dasturxonni tortib o‘ziga kerakli narsani olmoqchi bo‘ladi, so‘ngra karavot oldiga borib xuddi shunday yo‘l bilan choy­shab yoki ko‘rpani tortib oladi.
Bolalar kattalar yordamida bilim va tushunchalarni egallab oladilar. Bolaning 1 yoshdan oshib tili chiqqach, o‘ziga yaqin narsalarning nima uchun kerakligini tushunadi.
Bu yoshdagi bolalar idrok qilayotgan narsalarini aks ettira olmaydi. Masalan: 1,5 yoshli bola olmani, koptokni, yumaloq sharni umumlashtirib, “olma” deydi.  Bola bog‘cha yoshida juda tez rivojlana boshlaydi. Bolalar tafakkurining o‘sishida nutqning roli juda katta. Chunki tafakkur nutq vositasi bilan amalga o­shiriladi. Tafakkurning realligi nutqda ko‘rinadi. Maktab­gacha yosh shaxsni shakllantirish uni jamiyat shaxsiga aylantirishning eng muhim davri hisoblanadi. Bolaga ta’lim berish mexanizmi to‘g‘ri tashkil etilsa, bola yiliga 300 tagacha so‘z hajmidagi lug‘at minimumini o‘zlashtiradi, tovushlar va tovush birikmalarini to‘g‘ri talaffuz qilishni egallaydi. Salomlashish va xayrlashish, taklif qilish, minnatdorchilik bildirish, kechirim so‘rash, savolga va iltimosga javob qaytarish, tabriklash, tanishish, hamdardlik izhor qilish imkonini beruvchi an’anaviy muloqot formulalarini o‘zlashtirishi mumkin.
Bundan tashqari, u:
– o‘ziga nisbatan tarbiyachi va atrofdagi kattalar murojaatini tushunishi;
– o‘rganilayotgan tilda o‘yinni boshqarishni boshlashi;
– oddiy hikoya tuzishi, ertak mazmunini aytib berishi, uni umumiy tarzda so‘zlab berishda ishtirok etishi;
– yilning turli faslida tabiatda va inson hayotida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni kuzatish va ular haqida so‘zlab berishi, ayrim milliy an’analar va urf-odatlarni bilishi;
– bir nechta she’rlar, topishmoqlar, maqollar, qo‘shiqlarni bilishi va ulardan foydalanishi kabilarni o‘zlashtiradi.
Maktabgacha yoshdagi katta bolalar nutqini rivojlantirishda tengdoshlar bilan dialog qilish birinchi o‘ringa o‘tadi. Bola o‘z tengdoshini kattalardan afzal ko‘ra boshlaydi. O‘yin jarayonidagi o‘rtog‘iga qaratilgan nutq kattalar bilan bo‘lgan dialogga qaraganda ancha mazmunliroq bo‘ladi. Sherik bilan dialog – muvofiqlashtirilgan predmetli va nutqiy faoliyat tusiga ega bo‘ladi. Bolalar endi qo‘shnilari e’tiborini jalb qila oladilar, o‘zlari ham uning ishlari va bildirgan fikrlari bilan qiziqadilar.
Bizga ma’lumki, til bilan tafakkur o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. Manbalar tahlili shuni tasdiqlaydiki, mashg‘ulotlar jarayonida bolalarni mantiqiy fikrlash va tafakkurini rivojlantiruvchi mavzularni tanlash bilan birga, so‘z boyligini rejali tarzda izchil kengaytirib borish zarur.
Bolalar nutqini to‘g‘ri rivojlantirish va mantiqiy fikrlash uchun:
– nutq o‘stirishga doir tevarak-atrof obyektlarini oldindan ajratish va ular bilan tanishtirish;
– eslab qolish, mantiqan fikrla­sh,  so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish, ahamiyatini tu­shunish zarur bo‘lgan so‘zlarning taxminiy ro‘yxatini tuzish;
– bolalarni borliq bilan tanishtirish;
– tashqi olamni bevosita idrok etish, buyumlarni kuzatish, ushlab ko‘rish, tatib ko‘rish, u bilan harakat qilishga o‘rgatish;
– eshitgan, kuzatgan hodisalarni to‘g‘ri anglashga o‘rgatish zarur.
Mashg‘ulotlar jarayonida tarbiyaning aqliy, axloqiy, mehnat va boshqa turlari bir maromda, ya’ni bolaning yoshiga mos ravishda olib borilishi hamda ahamiyatli so‘zlarni ularning mavzu jihatdan xilma-xilligi, ya’ni sifat tarkibi, ma’nosi bo‘yicha o‘rganishni ta’minlash ham dolzarb masaladir.
Nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida bolalar tafakkurini rivojlantirish uchun nazarda tutish lozim bo‘lgan so‘zlarni mavzu jihatidan guruhlarga quyidagicha bo‘lish mumkin:
– ota-onalar, qarindosh-urug‘lar, tengdoshlar bilan bog‘liq so‘zlar;
– o‘yinchoqlarni anglatadigan so‘zlar;
– hovli, ko‘cha, xiyobon, bog‘, tomorqadagi narsa-predmetlarni anglatadigan so‘zlar;
– hayvonot olami, qushlar, sudralib yuruv­chilar, hasharotlarni anglatadigan so‘zlar;
– jonsiz tabiat obyektlarini anglatadigan so‘zlar;
– inson kasb faoliyatining har xil turlari (kasbi, ixtisosi, ish turlari va boshqa)ni anglatadigan so‘zlar;
– buyumlar, moslamalar, asbob-uskunalar, mashinalar, materiallar va hokazolarni anglatuvchi so‘zlar;
– pedagogika, psixologiya, sotsiologiya, tarix (axloq, ma’naviyat, qadriyat) kabilar bilan bog‘­liq so‘zlar;
– ijtimoiy-siyosiy hodisalar bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlar.
Ta’lim muassasalarining asosiy vazifalaridan biri bolalarning xalq badiiy tilini o‘zlashtirib olishlari natijasida ularning to‘g‘ri og‘zaki nutqini shakllantirishdan iboratdir. Bu umumiy vazifa quyidagi maxsus vazifalardan iborat: nutqning tovush madaniyatini tarbiyalash, lu­g‘atni boyitish, mustahkamlash va faollashtirish, nutqning grammatik to‘g‘riligini takomillashtirish, og‘zaki (dialogik) nutqni shakllantirish, ravon nutqni rivojlantirish, badiiy so‘zga qiziqishni tarbiyalash, savod o‘rgatishga tayyorlash. Bolalar nutqini rivojlantirishni tegishli das­tur asosida amalga oshirish zarur. Ush­bu dasturda atrof-olam haqidagi bilimlar doirasi va lug‘at hajmi, har bir yosh bosqichida bolalarda shakllanishi lozim bo‘lgan nutqiy mahorat va ko‘nikmalar belgilangan bo‘lib, u shaxsning muayyan sifatlarini kirishimlilik, xushmuomalalik, bosiqlik bilan tarbiyalashni ko‘z­da tutishi lozim.
Nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida bola o‘z nutqini tarbiyachining namunaviy nutqi bilan taqqoslashga, boshqa bolalar bilan o‘quv materiallarini bajarishga, ya’ni tarbiyachining tu­shuntirishini, hikoyasini tinglashga, birgalikda rasmlarni, diafilmlarni ko‘rishga, suhbatlashish­ga, didaktik o‘yinlarda ishtirok etishga, birgalikda kuylashga, musiqa tinglashga, ma’lum bir obyektga diqqatni qarata olishga, navbat bilan gapirishga o‘rganadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida olib boriladigan mashg‘ulotlarda bolalar yangi bilimlar (voqea va hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlarga taalluqli so‘zlar, nutqning grammatik shakllari) bilan tanishadilar, tarbiyachining nutqiy ko‘rsatmasi orqali o‘quv ishlarini bajarishga, o‘z ishlariga baho berishga o‘rganadilar. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ilgari hosil qilingan bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlovchi mashg‘ulotlardan keng foydalaniladi. (Masalan, sayohatlari haqida hikoya qilib berish, sport xonasi haqida suhbat, ilgari o‘qib yo hikoya qilib berilgan ertak, hikoyani qayta so‘zlab berish, ilgari yod olgan she’rlarini takrorlash).
Katta guruhga o‘tganda ona yurt, kattalarning mehnati, kitoblar haqida umumlashtiruv­chi (yakunlovchi) suhbat o‘tkaziladi. Bunday mashg‘ulotlar bolalarda mantiqiy tafakkurni, analitik-sintetik faoliyatini shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ko‘proq aralash turdagi mashg‘ulotlardan foydalanish joriy qilingan. Masalan, bir mashg‘ulotning o‘zida bolalarni yangi bilim beruvchi materiallar bilan tanishtiriladi, ilgari hosil qilingan bilim (o‘tilgan materiallar) takrorlanadi va mustahkamlanadi. Nutq o‘stirish mash­g‘ulotlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ayrim vaqtlarda mashg‘ulotni o‘tkazishda bolalar mantiqan fikrlashga qiynaladilar. Mashg‘ulot vaqti chegaralanganligi sababli, har bir bola bilan alohida shug‘ullanish imkoniyati yo‘q. Shuning uchun mashg‘ulotlarda yuqori natijalarga erishish uchun ularni umumiy didaktik talablarga javob beradigan qilib tashkil etish kerak.

Mohigul ESHONQULOVA,
TDPU magistri.

Check Also

Bilingv-bolalar

(Ikki tilda so‘zlovchi bolalarda nutqning rivojlanish xususiyatlari) Bilingvizm – bu ikki xil tilda gapira olish …