Bosh sahifa | Psixolog maslahati | Bolaning xayolot olami

Bolaning xayolot olami

Maktabgacha yosh davri shaxs ruhiyatining rivojlanish negizini tashkil qiladi. Chunki inson hayotidagi muhim ruhiy jarayonlar, psixologik holatlar va individual psixologik xususiyatlarning elementlari aynan shu davrda shakllana boshlaydi. Maktabgacha yosh davridan boshlab, bola tashqi olamni anglaydi, natijada “men o‘zim” fenomeni tarkib topadi. Shunga muvofiq bolada o‘z xulq-atvori, xatti-harakati, “yurish-turishi”ning individual-psixologik ko‘rinishlari shakllanadi. Ruhshunoslarning fikricha, bola shaxsining individual-psixologik xususiyatlarini o‘rganish va tahlil qilish tarbiyachilar, ota-onalar uchun bola xulqida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy illatlarning oldini oladi. Kichkintoyning individual-psixologik xususiyatlarini hamda emotsional holatini tashxis qilishning usullaridan biri – fao­liyat mahsulini o‘rganish, ya’ni bola chizgan tasvirlarni tahlil qilish.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar bir necha bosqichda rasm chizadilar:
•    “aji-buji”, ya’ni tushunarsiz-mantiqsiz tas­virlar;
•    predmetlarning tasodifiy belgilari asosida chizilgan suratlar;
•    ma’lum bir ma’noga ega bo‘lgan tasvirlar.
Amerikalik psixolog K.G.Yung bola tomonidan chizilgan mantiqsiz tasvirlarni ruhiyatning emotsional tuzilmasini turli obrazlar orqali aks ettiruvchi “xayoliy tafakkur qilish” jarayoni deb hisoblaydi. I.Y.Valitovaning fikricha, bola tasvirlagan rasmlar orqali uning kognitiv rivojlanganlik darajasini aniqlash mumkin. Chunki bola tasavvuridagi predmetli olamning qog‘ozdagi aksi uning idroki, tafakkuri, xayolining mahsulidir.
Pedagogik-psixologik manbalarning tahlilidan ma’lum bo‘lishicha, kichkintoyning tushunarsiz-mantiqsiz tasvirlarni chiza boshlashi uning ruhiyatidagi quyidagi o‘zgarishlardan dalolat beradi:
•    kognitiv-motivatsion sohada dunyoni bilishga intilishning ortishi, predmetlarni idrok qilish, mayda qo‘l-motorikasining rivojlanishi orqali tasavvur, tafakkur va u bilan bog‘liq ravishda nutqning shakllanishi kuzatiladi;
•    ijtimoiy sohada ijtimoiy munosabatlarga kirishish, o‘zaro hamkorlikda ishlash ko‘­nikmalari shakllana boshlaydi;
•    emotsional sohaning boyib borishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Grafik tasvirlar predmetli olam bilan o‘zaro ta’sir natijasida yuzaga kelgan taassurotlar yig‘indisidir. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning grafik tasvirlar miqdori chegaralangan, deyarli ma’lum bir namunalarga asoslanadi. Masalan, uy, quyosh, gul kabilarni tasvirlash tendensiyasi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida yuqoriroq. Bunday grafik tasvirlar asosan, kichkintoyning kattalar bilan shaxslararo munosabatlarini o‘ziga xos tarzda aks ettiradi. Bola tomonidan tasvirlangan “uy” ko‘p narsani anglatishi mumkin. Psixolog Z.Freydning ta’kidlashicha, bola tomonidan tasvirlangan uy himoyalanish ehtiyojini va qo‘rquvni, shaxslararo munosabatlardagi muammolarni hamda shaxsning ayni damdagi emotsional holatini anglatadi. Eddi Klessmann va Xanalori Aybaxlar o‘zlarining “Qalb yashaydigan maskan” nomli asarida “agar bolangiz uyni deraza, eshiklarsiz tasvirlasa, oilada bolaga g‘amxo‘rlikning yetishmayotganligi sababli unda ijtimoiy muhitga nisbatan ishonchsizlik hissi shakllanganligini, kichkina eshiklar “o‘z men”iga hech kimni kiritishni istamasligini, bu holat qat’iyatsizlik, o‘ziga ishonchning sustligini anglatadi. Aksincha, katta eshiklar kimgadir tobelikni, katta qulf osilgan eshiklar esa dushmanlik va o‘zini o‘zi himoyalash tendensiyasining yuqoriligini va nihoyatda hashamdor uy o‘z-o‘ziga bahoning haddan tashqari yuqoriligini, juda kichkina uy oiladagi shaxslararo munosabatlarda bolaning tan olinmasligini ko‘rsatadi”, deb ta’kidlaydilar.
Bola tomonidan tasvirlangan gullar ham yorqinligi, hajmi va gulning joylashgan holati (ya’ni tasvirlangan gul yerda o‘syaptimi, gultuvakda turibdimi) hisobga olinadi. Yorqin va kattaroq chizilgan gullar undagi ichki xavotirning kuchliligini anglatadi. Bu holat bolaning jazolanishdan, ijtimoiy muhit tomonidan tan olinmay qolishidan qo‘rqishi bilan bog‘liq.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolada mustaqillikka intilish tuyg‘usi vujudga keladi, kattalarning maqtovi va olqishini eshitish ishtiyoqi tug‘iladi. “Ota-ona-bola” munosabatlaridagi mana shu ehtiyojning to‘la qondirilmasligi ichki xavotirlanish tendensiyasini oshiradi va bu holat kelgusida shaxslararo munosabatlardagi noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Tasvirlangan gul yerda o‘smayotgan yoki zamindan uzilib qolgan bo‘lsa, bu bolaning o‘zini o‘zi idora qilolmayotganini anglatadi.
Quyoshning tasviri oilaviy munosabatlarda ko‘proq “ota” obrazini ifodalaydi. Quyoshning qanchalik aniq va yorqin tasviri ota-bola munosabatlarining ijobiy ekanligini anglatsa, aksin­cha quyoshning tasvirini noaniq va nurlari­ning zaifligi ota-bola munosabatlaridagi to‘­siqlar va muammolardan darak beradi. Bu holatni otalarning ko‘proq oilaning iqtisodiy ta’minotiga e’tibor qaratib, farzandi uchun “vaqt ajratmayotganligi” bilan izohlash mumkin. Agar farzandingiz quyosh va gullarni noreal tarzda tasvirlayotgan bo‘lsa “Menga ham e’tibor qilinglar!” deyayotganligini unutmang.
Psixoanalitiklar bola chizgan rasmdagi o‘t-maysaning tasviri orqali kichkintoyning onaga munosabatini tahlil qilib beradilar. Bizga ma’lumki, har bir bola tomonidan chizilgan rasmda o‘t-maysa albatta tasvirlanadi. Bu holat bolaning ona bilan ko‘proq emotsional muloqotda bo‘lishini anglatadi. Psixoanalitiklar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, onasi tomonidan emotsional rad etilgan bolalar tabiat rasmini chizganda ham o‘t-maysalarni chizishni eslaridan chiqarib qo‘yar ekanlar.
Ular chizgan rasmlarini tahlil qilishda qalamning bosib ishlatilganligi ham muhim. Chunki kuch bilan bosib tasvirlangan rasm bolaning o‘ziga yetarli darajada qaysar, serjahl, egoizmga moyilligini, tasvirlarning aniq bo‘lishi maqsadga erishish yo‘lidagi qat’iylikni, tashabbuskorlikni, yengil bosim bilan chizilgan rasmlar esa bolaning ishonuvchan, hissiy taassurotlarga boy ekanligini hamda shaxslararo munosabatlarda konstruktiv munosabatlarga intilishning yuqoriligini anglatadi. Rasmlarni chizishdagi o‘ziga ishonchsizlik bolada ichki xavotirlilik yuqoriligini anglatadi. Grafik tasvirlarda to‘l­qinsimon obrazlarning ko‘p bo‘lishi, bolaning affilyatsiya, ya’ni muloqotga bo‘lgan ehtiyojining yuqoriligini bildiradi.
Kichkintoyning grafik tasvirlarida geometrik figuralar ko‘p uchrasa, masalan kvadrat shaklining uchrashi uning mehnatsevar, tirishqoq, boshlagan ishini oxirigacha yetkazishga bo‘lgan ehtiyojining yuqoriligi, qat’iyatli, maqsadga intiluvchan ekanligiga ishora. Bunday bolalar emotsiyaga tez beriluvchan, fikrlash doirasi keng bo‘lganligi bois, ma’lumotlarni tez o‘zlashtiradilar va muammolarni konstruktiv hal etishga urinadilar, har qanday sharoitda aniqlikni xush ko‘radilar.
Bola tasviridagi uchburchak shakli liderlikka moyillikni anglatadi. Ular harakatchan, oldilariga qo‘ygan maqsadga har qanday yo‘l bilan ham erishadilar, bu kichkintoylarda muvaffaqiyatga intilish motivatsiyasi yuqori, ko‘pincha boshqalar uchun ham qaror qabul qilishga uringanliklari tufayli shaxsdagi ichki va tashqi nizolarga sabab bo‘ladilar. Ayrim hollarda shaxsdagi ichki va tashqi nizolar destruktiv oqibatlarga olib keladi. Natijada bolada agressiya, jizzakilik, qaysarlik xususiyatlari ortib ketadi.
Tasvirdagi aylanalar ijobiy shaxslararo munosabatlar timsoli. Aylanani ko‘p tasvirlaydigan bolalar “kichkina mahmadonalar” bo‘lib, empatiya, ijtimoiy pertsepsiya yuqori darajada rivojlangan bo‘ladi va ular shaxslararo munosabatlarda nizolardan qochadilar. Bunday bolalar emotsional ta’sirlanuvchan bo‘lganligi bois, ularni “aybdor” qilish juda oson. Bu toifaga kiruvchilarda obrazli tafakkur ustunroq bo‘ladi.
Ijtimoiy turmush tarzimizda bolaning bunday tasvirlari xuddi oddiy holdek tuyulib, ko‘­pincha e’tiborsiz qoldiramiz. Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda, bunday grafik tasvirlar o‘ziga “yordamga chaqiruvchi signal” vazifasini o‘tashi mumkin. Shu boisdan ota-onalar, pedagog-psixolog va tarbiyachilar bolalar bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagilarga e’tibor qaratishi tavsiya etiladi: bola bilan ijobiy emotsional aloqani yo‘lga qo‘yish; hamkorlikda ishlash; borliqni bilishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish; chizilgan suratda yashiringan muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish; kichkintoylar bilan individual ishlash orqali ulardagi iqtidorning rivojlanishiga ko‘makla­shish lozim.

Shoista SODIQOVA,
TDPU “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi dotsenti.
Nargiza ATABAYEVA,
TDPU “Psixologiya” kafedrasi o‘qituvchisi.