Bosh sahifa | Uslubchi kundaligi | Bo‘lay desang sog‘lomjon…

Bo‘lay desang sog‘lomjon…

Ilk davrdagi rivojlanishning asosiy manbayi o‘yin hisoblanib, bolaning mukammal rivojlanishi o‘yin orqali amalga oshiriladi. Sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalashning yo‘l-yo‘riqlari, o‘ziga xos usullari mavjud. Ayniqsa, bolani yoshligidan sport bilan shug‘ullantirish ularning sog‘lom va baquvvat bo‘lishi bilan birgalikda irodali bo‘lishiga yordam beradi. Bu esa bolaning ilk yoshidan boshlab o‘yin orqali amalga oshiriladi.
Ayniqsa, harakatli o‘yinlar bola tayanch harakat tizimining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, bolaning iroda sifatlarini rivojlantirishga yordam beradi. Harakatli o‘yin jarayonida bola chaqqonlik, tartiblilik, mustaqillik, qat’iyatlilik, sabr-toqat, chidamlilik kabi xususiyatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda, unda o‘yin qoidalariga rioya qilish uchun mas’uliyatni his qilish, intizomli bo‘lish, intiluvchanlik kabi sifatlarni shakllantiradi. Binobarin, o‘yinda ma’lum bir obrazlarni bajarishi bolaning his-tuyg‘ulariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Chunki o‘yin davomida bolada har xil xohish-istaklar tug‘ila boshlaydi. Bu narsa kerakli vaqtda o‘z xohishlarini jilovlashga, o‘yin qoidalariga qat’iy amal qilishga o‘rgatadi.
Harakatli o‘yinlarda bajariladigan turli xatti-harakatlar, ya’ni yurish, yugurish, sakrash, ir­g‘i­tish, uloqtirish, tirmashib chiqish kabi mashq­lar bola harakatlarini rivojlantirish va takomillashtirishda katta ahamiyatga ega. Harakatlarning shakllanishi bilan birga ularning jismoniy qobiliyatlari ham rivojlanib boradi. Harakatli o‘yinlar bolalarning chiniqishiga yordam beradi.
O‘yin diqqatni jamlashni, uning mazmunini anglashni talab qiladi. Kichkintoylarga o‘yin aqliy faoliyatni, ong va sezgi a’zolarini rivojlantirishda yordam beradi. Tarbiyachi-murabbiy o‘yinlarni o‘rgatish jarayonida o‘yinning talab etilgan qoidalari asosida uni olib borishi va ijobiy natijalarga erishishiga e’tibor qaratishi lozim. Tarbiyachi kichkintoylarga yangi o‘yinni o‘rgatish jarayonida uning mazmuni, vazifalari va qoidalarini tushuntirib beradi. O‘yinga ongli munosabatda bo‘lish, uni to‘g‘ri o‘rganish, harakatlarini o‘rtoqlariga taqqoslab tahlil qilish (refleksiya) ko‘nikmalari shakllanib boradi. Murabbiy o‘yinni qiyinchiliklarni yengish bilan bog‘lagan holda, uni sekin-asta murakkablashtirib borishi lozim. Bu bolaning irodasini mustahkamlaydi.
Murabbiy o‘yinni o‘tkazishga kirishishdan oldin uning aniq vazifalarini belgilab chiqadi, bu vazifalar bolalarning yoshiga, ya’ni ularni bajarishga kuchi yetadigan bo‘lishini inobatga olishi kerak. O‘yinni tashkil qilish va o‘tkazish­da imkon boricha bolalarning tashabbuskor bo‘­lishiga erishish va o‘yinda faol ishtirok etishlari uchun ularni rag‘batlantirish qiyinchilik va to‘siqlarni yengishda yaxshi samara beradi.

Check Also

Pedagogik texnologiya afzalliklari

Ta’lim-tarbiyaning samarasini ta’minlash uchun, albatta, tarbiyalanuvchining yoshini va qiziqishlarini inobatga olishimiz zarur. Chunki bolaga bilim …