Bosh sahifa | Qadriyatlar sabog‘i | Buyuklarga ehtirom

Buyuklarga ehtirom

Zal bayramona bezatilgan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur rasmlari va asarlari, o‘sha davr ruhiyatini beruvchi buyumlar.

BOSHLOVCHI:
—    Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh yer osti.
Lekin do‘stlar she’r ahli aro,
Jahongiri kam bo‘lar rosti.
Besh asrkim nazmiy saroyni,
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.

Darhaqiqat, avlodlarga meros qoldirgan ulkan ijodi ila Alisher Navoiyni butun dunyo biladi. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyati ham ushbu chamanda o‘z o‘rniga egadir. Biz bugun bu ikki buyuk shoir ijodiga nazar tashlash va nazm gulshaniga sayr qilish uchun to‘plandik.
Marhamat, Navoiy va Bobur bobolarimizning she’riyatidan bahramand bo‘ling deya, sizni “Nazm va navo” gulshanimizni tomosha qilishga taklif etamiz.
Bolalar Alisher Navoiy ruboiylaridan yod aytadilar.

JASMINA:
—    Kim qilsa imoratki, qadr topgay,
Chun ismi tarixlarda boqiy qolgay.
Ne choqqacha ul binoki ma’mur bo‘lib,
Ani ismi el tiliga mashhur bo‘lgay.

SHOHJAHON:
— So‘zdurki nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdurki berur jonga xabar jonondin.
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

GO‘ZAL:
—    G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiq-u, mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikandek oshiyon bo‘lmas emish.

E’ZOZA:
—    Onalarning oyog‘i ostidadur,
Ravzayu jannatu jinon bog‘i
Ravza bog‘i visolin istar esang,
Bo‘l onaning oyog‘i tufrog‘i.

BOSHLOVCHI: — Hazrat Alisher Navoiy buyuk alloma, benazir shoir, sadoqatli do‘st hamda dono vazir bo‘lganlar. Uning hayoti va ijodi bitmas-tuganmas xazinadir.
Bolalar Alisher Navoiyning “Xamsa” asari dostonlarini olib chiqadilar.

UMIDA: — G‘azal mulkining sultoni Ali­sher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Hirot shahrida tavallud topgan.

SHOHJAHON: — Alisher yoshligidan g‘a­zallar yozishga qiziqqan.

GO‘ZAL: — Navoiy dunyoga mashhur besh dostonni o‘z ichiga olgan “Xamsa” asarini yaratgan. Bular:
“Hayratul – abror”
“Farhod va Shirin”
“Layli va Majnun”
“Sab’ayi sayyor”
“Saddiy Iskandariy”

ZUHRIDDIN: — Navoiy o‘z asarlarida Vatanni sevishni, ota-onani hurmat qilishni, do‘stlik va odamiylikni ulug‘lagan.

SHAHRIYOR:
—    Orazin yopg‘och ko‘zimdin sochilur
har lahza yosh,
Bo‘ylakim paydo bo‘lur, yulduz nihon
bo‘lg‘och quyosh.
Navoiyning ushbu ikki misrali baytini mavlono Lutfiy o‘zining barcha g‘azaliga almashmoqchi bo‘lgan.

MAHBUBA:
—    Asrlar taqdirin oldindan ko‘rgan,
Adolat uyiga poydevor qurgan,
Ellarga quyoshdek maqbul kitobi,
Jahonga nur sochar “Xamsa” oftobi.
Bog‘chaning jajji qizlari ijrosida “Munojot” raqsi.

BOSHLOVCHI: — Hind xalqining buyuk davlat arbobi Javoharlal Neru “Bobur — dilbar shaxs” deya ta’riflaganda naqadar haq edi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z hayoti mujassam bo‘lgan buyuk “Boburnoma” asarini avlodlarga meros qoldirdi. Bobur asarlarida Vatan sog‘inchi, insonlarga yaxshilik hissi, mehnat rohati asosiy o‘rinda turadi.
Bolalar Bobur ruboiylaridan yod aytadilar.

SANJAR:
—    Ko‘ngli tilagan murodiga yetsa kishi,
Yo barcha murodlarini tark etsa kishi.
Bu ikki ish muyassar o‘lmasa olamda,
Boshin olib bir sorig‘a ketsa kishi.

UMIDA:
—    Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.

ANVAR:
— Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi,
Shod etmas emish ko‘ngilni mehnatda kishi.
Ko‘nglim bu g‘ariblikda shod o‘lmadi oh,
G‘urbatda sevinmas emish albatta kishi.

BOSHLOVCHI: — Bobomiz Alisher Navoiy o‘zining ilk devoni “Badoye-ul bidoya”ga yozgan debochasida adabiyot tarbiya vositasi ekanligiga urg‘u berib, har qanday badiiy asar ma’rifiy fikrlar va pand-nasihatdan xoli bo‘l­masligini qayd etgan. Shoir merosi ma’naviy-axloqiy tarbiyaning maktabidir. Endi Navoiy bobomiz hikmatlaridan tinglaymiz. Marhamat, bolajonlar!

SHAHZODA:
—    Xushdurur bog‘i koinot guli,
Barchadin yaxshiroq hayot guli.

SUHROB:
—    Bu gulshan ichra yo‘qdir, baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur qolsa yaxshiliq bila ot.

SHODIYONA:
—    Musofir bo‘l, ammo Vatan ichra bo‘l,
Tila xilvat-u, anjuman ichra bo‘l.

SAMIRA:
—    Oz-oz o‘rganib, dono bo‘lur,
Qatra-qatra yig‘ilib, daryo bo‘lur.

BOSHLOVCHI: — Navoiy yoshligidan she’­riyat ixlosmandi bo‘lib, ijod qila boshlagan. Hozir uning bolaligi haqida hikoya qiluvchi “Navoiy va bulbul” rivoyatining sahna ko‘rini­shini tomosha qilamiz.
“Navoiy va bulbul” — bolalar ishtirokidagi sahna ko‘rinishi.

BOSHLOVCHI: — Buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur taqdir taqozosi bilan o‘zga yurtlarda yashasa-da, hamisha o‘z yur-ti — ona shahri Andijonga intilib, uni sog‘inib ya­shagan. Hozir namoyish etiladigan “Yurt so­g‘inchi” nomli sahna ko‘rinishida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning vatanga bo‘lgan sog‘inchi o‘z ifodasini topgan.
“Yurt sog‘inchi” bolalar ishtirokida sahna ko‘rinishi.

BOSHLOVCHI: — Alisher Navoiy va Mirzo Bobur g‘azallarini xalqimiz sevib tinglaydi. Ular ijodidan bahramand bo‘lish har bir yosh avlodga zavq bag‘ishlaydi.
Tarbiyachilar ham bolalarga qo‘shilib, Navoiy va Mirzo Bobur g‘azallaridan qo‘shiqlar kuylaydilar.

BOSHLOVCHI:
—    Kim qilsa imoratki, qadr topgay,
Chun ismi tarixlarda boqiy qolgay,
Ne choqqacha ul binoki ma’mur bo‘lib,
Ani ismi el tiliga mashhur bo‘lgay.

Hazrat Ali­sher Navoiy va Mirzo Bobur bobomiz qurgan she’riyat “imorat”i barcha imoratlardan ustundir. Bu “imorat” asrlar davomida o‘z tarovati bilan avlodlarni ma’naviy yuksaklikka chorlab turaveradi.
Biz yoshlar buyuk bobolarimiz xotirasiga hamisha hurmat va ehtiromdamiz!

Laylo FARMONOVA,
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi
1-MTM tarbiyachisi.

Check Also

Mustaqillik maydoniga sayohat

Tayyorlov guruhlari uchun amaliy mashg‘ulot Maqsad: bolalarga kаttalarni, keksalarni hurmat qilish, qadrlash, ardoqlash kerakligi haqida …