Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | “Echki bolalari” ertagi

“Echki bolalari” ertagi

TARBIYACHI: — Endi hammamiz birga echki va uning bolalari haqida she’r aytamiz.
1-BOLA:
—    Dikirlama uloqcha,
Beboshgina uloqcha.
Agar gapga kirmasang,
Suv bermaydi buloqcha.
2-BOLA:
—    Dikir-dikir o‘ynaydi,
Ko‘rib dillar yayraydi.
Onajoni kelganda,
Qorni ochib ma’raydi.
3-BOLA:
—    Hoy, uloqcha-uloqcha,
Tez kel shalpangquloqcha.
O‘t keltirdim yeb olgin,
Tezroq semira qolgin.
TARBIYACHI: — Barakalla, bolajonlar, endi sizlar bilan birgalikda tinglagan ertagimizni sahnalashtiramiz. Tarbiyachi echki bolalari ertagini aytishni boshlaydi.
TARBIYACHI: — Bir kuni ona echki uloq­chalariga o‘t keltirish uchun o‘rmonga ketibdi. U bolalariga eshikni hech kimga ochmaslikni tayinlabdi. Buni poylab yurgan ochko‘z bo‘ri kelib eshikni taqillatibdi. Bo‘ri uloqchalarga ona echki aytgan qo‘shiqni aytib ularni aldamoqchi bo‘libdi.
BO‘RI: — Bolalarim, bolalarim eshikni o­chinglar onangiz keldi, o‘rmondan sutga to‘­lib, qopini o‘tga to‘ldirib.
Uloqchalar bo‘lsa bo‘rini ovozidan tanib eshikni ochmabdilar. Bo‘ri echki bolalarini alday olmaganligini bilib, ortiga qaytib ketibdi. Shundan so‘ng ona echki o‘rmondan kelib eshikni taqillatibdi.
ONA ECHKI: — Bulbuljonim bolam, Sargulijonim bolam, Xamirturush bolam, Kenjatoyim bolam. Eshikni ochinglar, bolalarim, savat to‘la o‘t olib keldim. Yelinim to‘la sut keltirdim. Uloqchalar qo‘shiqni eshitib onasining kelganini bilib, eshikni ochibdilar. Ona echki bolalarini ko‘rib, xursand erkalabdi. Uloq­cha­lar onasiga ochko‘z bo‘ri kelganligini, onasining qo‘shig‘ini kuylaganini, ammo uning ovozi onasinikidek mayin emasligini aytib beribdilar. Ona echki bo‘lgan voqeani eshitib, bolalarining aqlli ish qilganliklarini, agar eshikni ochganlarida uloqchalarni bo‘ri yeb ketishi mumkinligini ularga tushuntiribdi. Uloqchalarni aqllilarim deb suyib, o‘rmondan olib kelgan o‘t maysalar bilan siylabdi.

MASHG‘ULOT YUZASIDAN SAVOLLAR
1.    Ona echki o‘rmonga ketayotganida bolalariga nima deb tayinlab ketdi?
2.    Ochko‘z bo‘ri nima niyatda kelgan edi?
3.    Uloqchalar bo‘riga eshikni ochmay to‘g‘ri qilishdimi?
4.    Ona echki o‘rmondan bolalariga nimalar olib keldi?

Mashg‘ulot yakunida bolalarni rag‘batlantiriladi.

Manzura RAJABOVA,
Uchquduq tumanidagi 1-MTM tarbiyachisi.

Check Also

Fidoyingman, O`zbekiston! (musiqiy mashg`ulot)

(Katta va o‘rta guruh tarbiyalanuvchilari uchun mashg‘ulot ishlanmasi) Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarni milliy ohanglarni idrok etishga …