Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Ertakka yashiringan matematika

Ertakka yashiringan matematika

Maqsadlar.
Tarbiyaviy: bolalarni turli buyumlarning belgilari (kattaligi, shakli, ketma-ketligi, rangi) bo‘yicha guruhlashga, qiyoslashga, namunali va og‘zaki ko‘rsatmalarga asoslanib top­shiriqni bajarishga o‘rgatish.
Ta’limiy: mashg‘ulotda pedagogik metodlardan biri – “Zinama-zina” texnologiyasini qo‘llash orqali bolalarning bilimlarini oshirish.
Rivojlantiruvchi: ertaklar orqali yangi so‘z­larni faqat tushunibgina qolmasdan, balki ularni talaffuz qilishga undash, so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatish, rasmlarga nisbatan maqsadli munosabatda bo‘lishni o‘rgatish.
Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolalar, bugun men sizlarga “Sholg‘om” ertagini aytib beraman. Ertakdagi qahramonlarning rasmini “Zinama-zina” texnologiyasidan foydalanib joylashtiramiz. Buning uchun menga yordam berasizlarmi?
Bolalar: – Ha, albatta.
Tarbiyachi: – Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Bir kuni chol sholg‘om ekibdi.
Sholg‘om-sholg‘om, katta bo‘l,
Sholg‘om-sholg‘om, qanddak bo‘l.
Sholg‘om qanddek shirin, tog‘dek katta bo‘lib o‘sibdi. Chol sholg‘omni tortibdi-tortibdi, uzolmabdi, yordamga kampirni chaqiribdi…
Shu tariqa bolalar tarbiyachi yordamida ertakni davom ettirishadi va tarbiyachi “Zinama-zina” texnologiyasi asosida ertak qahramonlarining rasmini voqealar ketma-ketligi bo‘yicha joy­lashtirib chiqadi.
Tarbiyachi: – Bolalar, sholg‘omning shakli qanday ekan?
Bolalar: – Dumaloq.
Tarbiyachi: – Rangi qanaqa ekan?
Bolalar: – Sariq, zangori.
Tarbiyachi: – Choldan keyin kim keladi?
Bolalar: – Kampir.
Tarbiyachi: – Kuchukdan oldin kim keladi?
Bolalar: – Nevarasi.
Tarbiyachi: – Ertagimiz qahramonlari nechta?
Bolalar: – 6 ta.
Tarbiyachi: – Hayvonlar soni ko‘pmi yoki insonlar?
Bolalar: – Ularning soni teng.
Tarbiyachi: – Ularning soni nechta?
Bolalar: – Hayvonlar 3 ta – mushuk, kuchuk va sichqon. Insonlarning soni ham 3 ta – bobo, buvi, nevara.
TarbIyachI: – Sholg‘omni kim ekkan edi?
Bolalar: – Chol.
Tarbiyachi: – Yordamga oxirgi bo‘lib kim keldi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Mu­shukdan oldin kim edi?
Bolalar: – Kuchuk.
Tarbiyachi: – Mushukdan keyin kim edi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Er­ta­gi­miz­dagi kichik hay­­von qaysi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Endi sholg‘om shaklini rangli qog‘ozlardan foydalanib qirqib olamiz va yopishtiramiz. Buning uchun sariq, yashil rangli qog‘ozlar, yelim va qaychidan foydalanamiz.
Mashg‘ulot yakunida bolalar sholg‘om rasmini rangli qog‘ozlardan qirqib yopishtiradilar.

Galina LOGINOVA,
TSHXTXQTMOI ARM mudiri.
Durdona MAHMUDOVA,
“Maktabgacha, boshlang‘ich  va maxsus ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi.

Check Also

Noan’anaviy rasm chizish usullari (davomi)

Oxiri. Boshi o‘tgan sonda. Barmoqlar bilan rasm chizish Barmoqlar bilan rasm chizish, turli xil tasvirlarni …