Ertaklar ibrati

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni jismoniy, aqliy, ijtimoiy, hissiy jihatdan kamol toptirish va ularning sog`lig`ini muhofaza qilish, erkin fikrlash, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, axloqiy va ma’naviy jihatdan barkamol qilib maktab ta’limiga tayyorlash har tomonlama pedagoglarning mahorati, bilimi va tajribasiga bog’liq.
Pedagoglar maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini mustaqil fikrlashga ertaklar vositasida o’rgatishi mumkin. Ko’pincha mashg`ulotlarda muammoli vaziyatlar savol to’g’ri qo’yilmagani sabab qiyinchilik bilan hal etiladi. Bunday holatda boshqa yo’llarini izlab topish kerak bo’ladi. Ba’zi ertak qahramonlari bo’y-basti, gavdasi bilan farqlanib turadi, lekin hal qiluvchi vaziyatda aql yoki ayyorlik, jasurlik yoki uddaburonlik ustun keladi. Xalq ertaklarida shunga o’xshash ko’plab epizodlarni ko’rish mumkin. Masalan, birovlar uchun qo’ygan qopqoniga o’zi tushgan salbiy qahramonni eslaylik. Bunday misollar bolalarni osongina boylik to’plash uchun bosilgan noto’g’ri qadam qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi, har qanday vaziyatda chuqur mushohada qilib, keyin ish tutish kerakligiga o’rgatadi. Yuzaga kelgan turli masalalarni oqilona hal etish uchun inson tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni idrok etishi, o’z aqli va fikriga tayanib xulosa chiqarishni bilishi zarur.
Eksponatlarni tomosha qilishni muzey xodimining hikoyasisiz tasavvur qilish qiyin. Hikoyani tinglagandan so`ng har bir eksponat tinglovchi ko`z oldida jonlanib, tilga kirgandek bo`ladi, bu esa uning tasavvurida jo’shqin va unutilmas iz qoldiradi. Ertaklarni jozibador va ta’sirli o’qib berish ham xuddi shunga o`xshaydi, jarayon pedagogdan yuksak mahoratni talab etadi. Tajribali tarbiyachilarning fikricha, oddiydek ko’ringan ertaklar bolalar bilan muhokamadan so’ng butunlay boshqacha natija beradi. Ochilmagan qirralar, nazardan chetda qolgan vaziyatlar batafsil yoritiladi.
Tarbiyachi ertakni aytib berish jarayonida ishni shunday olib borishi kerakki, bolalar ertak qahramonlari bilan birgalikda muammoli vaziyatlarni hal etib, asosiy qahramonlar munosabatlarini tahlil qilsin. Xalq ertaklarida hayotiy munosabatlar, muammoli vaziyatlarni oqilona yechish usullari o’z aksini topadi, voqealar rivoji turli ko’rinishlarda ro’y beradi. Unda qiyofani o’zgartirish, vaqtni orqaga qaytarish va boshqa real hayotda mavjud bo’lmagan ishlarni amalga oshirish mumkin. Qizig’i shundaki, bolalar ertakning davomini kutilmagan tarzda yakunlab, ehtimoldan yiroq bo’lgan xulosalarni aytishlari mumkin. Ularning kattalarni hayron qoldiradigan xulosalari aynan ertakni eshitib bo’lganlaridan keyingi bahs-munozaralarda yuzaga keladi. Ertaklar esa o’z sirli jilosini yo’qotmaydi, bolalar shunday muhokamalarni o’z ota-onalari bilan uyda tahlil qiladi, ertak mazmuniga mos rasmlar chizadi, o’zlarining yangi ertaklarini to’qiydi.
Bolalarni mustaqil fikrlashga o’rgatish uchun ertakni o’zlashtirish jarayonida ularning mavzuga oid rasmlar chizishi, ertakdagi voqealar rivojini o’zlari xohlagandek davom ettirishga urinishi juda muhimdir. Bu mustaqil fikrlashga o’rgatish dasturining asosiy qismlaridan sanalib, bolalar ertaklardan ijodiy fikrlashni o’rganadilar.
Nutq o’stirish mashg’ulotlarida ertak o’qish, dastlab, bolalarning ertak bilan tanishuvidan boshlanadi. Bolalar ayrim, masalan, “Sholg’om”, “Ur, to’qmoq”, “Zumrad va Qimmat” kabi ertaklarni yaxshi biladilar. Lekin ular ushbu ertaklarni yana bir marta jon deb eshitadilar. Mana, ertak o’qildi, endi uni tushunib olish uchun savol-javoblarga o’tish navbati keldi. Ertak mazmunini voqealar rivoji, sabab-oqibatlari vositasida ongli ravishda tushunish butunlay boshqacha natija beradi. Eng muhimi, bolalar ertaklarning mag`zini tushunib yetmasdan ko’r-ko’rona yodlab olmasliklari kerak. Ertak o’qib bo’lingach:
– voqealar ketma-ketligini tiklovchi;
– bog’lanishlar rivojlanishining sabab-oqibatlarini aniqlovchi savollar beriladi. Yoki ertakni bolalar ongida qaytadan tiklash uchun uning mazmuniga mos rasmli ko’rgazmalar kerak bo’ladi. Ularning hajmi ertak qahramonlariga mos bo’lishi lozim.
Bolalarda mustaqil fikrlashni rivojlantirish uchun ba’zan rasmlarni aralashtirib, ularni voqealar ketma-ketligiga mos ravishda joylashtirish topshirig’ini berish ijobiy natija beradi. Bu asar tahlilini amalga oshirish uchun birinchi qadam bo’ladi.
Ko’rgazmali-obrazli ertak mutolaasidan so’ng fikrlash jarayoniga o’tish bosqichida shunday jumboqli savollar berilishi kerakki, ular bolalardagi mustaqil fikrlashni uyg`otish uchun turtki bo’lib xizmat qilsin. Bunda maktabgacha yoshdagi bolalarning o’ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi maqsadga muvofiqdir. Tarbiyachi bolalarning fikrlarini og’zaki bayon qilishi uchun imkoniyat yaratadigan savollar berishi lozim. Masalan, “Chol sholg’omni qayerga ekdi?” savoli o’rniga “Ertak qanday boshlanar edi?” degan mazmunda savol berilsa, bola ertakni xayolida qaytadan tiklashga urinadi. Ertakni boshidan oxirigacha so’zma-so’z hikoya qilish bolalarda qiyinchilik tug’dirishi mumkin. Shuning uchun unga fikrlash hamda nutqini rivojlantirishga sabab bo`luvchi ertakning asosiy ko’rinishlari haqida savollar beriladi.
Noto’g’ri savollar:
1. Sholg’om juda katta bo’lib o’sib ketdimi?
2. Chol yordamga kimlarni chaqirdi?
3. Chol juda aqlli ekan-a?
To’g’ri savollar:
1. Sholg’om ekilganidan keyin qanday hodisa ro’y berdi?
2. Nima uchun cholga yordam kerak bo`ldi?
3. Chol aqllimi yoki nodonmi? (Bola: – Chol aqlli. Tarbiyachi: – Nima uchun sen uni aqlli deb o’ylading? Cholning aqlliligi nimada ko’rindi?)
Bolalar ertak mazmunini chuqur tushunishi, ongida voqealarni qaytadan tiklashi uchun “Nega?”, “Nima uchun?” tarzida savollarni berish maqsadga muvofiq. Bolalarning tabiatan qiziquvchanligi kattalarga ma’lumot berish vazifasini osonlashtiradi. Ularning qiziqish uchqunlarini vaqtida ilg’ab olib, alangalatadigan savollarni berish yetarli bo’ladi.
Javoblar bolalar bilan muhokama qilinib, olgan bilimlari sinov va topshiriqlar yordamida tekshirib boriladi. Masalan, ertak qahramonlarining gavdasiga mos geometrik shakllar qirqib olinadi va ertak aytib berilgandan so’ng bolalarga ushbu qahramonlar ko’rinishiga to`g`ri keladigan shakllarni voqealar rivojiga mos holda joylashtirish topshirig’i beriladi. Shakllarni joylashtirish jarayonida bolalarning xatolarini shu zahotiyoq to’g’rilashga shoshilmaslik zarur. Masalan, bola “Sholg’om” ertagida kuchukchaning gavdasiga mos keladigan shaklni sichqonchaning o’rniga joylashtirib qo’ysa, topshiriq oxirida o’z xatosini anglab yetadi va buni mustaqil fikrlab bajarganidan so’ng shu kabi masalalarga o’ziga xos yondashishni o’rganadi. Bunday topshiriqlar bilan ishlashdan maqsad kichkintoyni mustaqil fikrlashga yo’naltirishdir. Yana bir holatda ular bajargan to’g’ri ishlarni noto’g’risiga almashtirib, olingan bilimlarni sinab ko’rish mumkin. Bolalar o’zlarining haq ekaniga to’liq ishonch hosil qilganda, bunday sinovlar kutilgan natijani beradi.
Albatta, bola ta’lim jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Kattalar muntazam ravishda ular bilan hamnafasdirlar, lekin ular bolaning tabiiy qiziqishlarini so’ndirmaslik, bilim olishga bo’lgan ehtiyojini susaytirmaslik uchun ehtiyotkorona yondashishlari kerak. MTM, maktablardagi o’quv-tarbiya jarayoni bolalarning qobiliyati va layoqatini har tomonlama rivojlantirishga, ular shaxsini shakllantirishga qaratilgan. Pedagogik jarayonning mahsuldorligi pedagogning bolalarni yaxshi bilishiga, ta’lim-tarbiyaning xilma-xil metodlarini qo’llashiga bog’liq. Muhimi, bolalarga topshiriqlarni bajarishda erkinlik berish, o’z kashfiyotlaridan zavq olish, xulosalaridan quvonishga imkoniyat yaratishdir. Mashg’ulotlarda bolaning ijodiy izlanishi, mustaqil harakat qilishi uchun sharoit yaratilsa, fikrlash jarayoni yanada rivojlanadi.
Gulasal BERDALIYEVA,
Sirdaryo viloyati XTXQTUMOI “Pedagogika, psixologiya va
ta’lim menejmenti” kafedrasi katta o’qituvchisi