Bosh sahifa | Aql qayrog‘i | Eshitish nuqsoni korreksiyasi

Eshitish nuqsoni korreksiyasi

Odatda, sog‘lom bola tilni og‘zaki nutq asosida egallaydi va uning mazkur nutqi ikki analizator (eshitish, nutqiy-harakat) hamda ularning o‘zaro birgalikdagi faoliyati asosida shakllanadi. Karlikda esa o‘zaro bog‘liq bu faoliyat buziladi (nutqiy-harakat analizatori saqlangan bo‘ladi). Uni faoliyatga o‘rgatish esa maxsus va o‘ta nozik korreksion-pedagogik jarayonni talab etadi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni maktab ta’limiga nutqiy tayyorlash bo‘yicha korreksion-pedagogik ish jarayonida quyidagi tamoyillarga tayaniladi:

– berilayotgan tushuncha va tasavvurlar oddiydan murakkabga izchil va mazmunan ketma-ketlik munosabatlarida tuziladi;
– tanlangan nutqiy material eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning kundalik hayotida ko‘p uchraydigan, ehtiyoj yuzasidan ko‘p ishlatiladigan predmet va hodisalardan iborat bo‘ladi;
– tanlangan nutqiy materiallar talaffuz qilish, yuz (lab)dan o‘qilish imkoniyati yengil so‘zlardan tashkil topadi;
– har bir tushuncha va tasavvurlar ko‘rgazmali tarzda berilishi inobatga olinadi;
– tanlangan nutqiy material pedagogik jarayonning tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga qaratiladi;
– voqea-hodisalar hayot bilan bog‘liq holda tanlanadi;
– barcha berilgan, tanlangan nutqiy materiallar tilni muloqot vositasi darajasida egallashga qaratilib, korreksion yo‘naltiriladi.
Me’yordagi bola yozma nutqni og‘zaki nutq asosida, karlar esa og‘zaki nutqni daktil nutq va imo-ishorali belgilar asosidagi tushunchalar orqali o‘zlashtirgan lug‘at boyligi hisobiga egallaydi. Surdopedagog so‘zni daktillaganda, albatta, og‘zaki aytadi. Bunda defektologning qo‘li og‘izga yaqin masofada harakatlanishi muhim. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bir vaqtning o‘zida lab, yuz, til va barmoqlar harakatini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastlab, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar, asosan, barmoq harakatlariga e’tiborini qaratadilar. Biroq bu yetarli emasligini ma’lum vaqt o‘tgandan keyin his qila boshlaydilar. Surdopedagog eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar daktil nutq sifatida egallagan ayrim so‘zlarni faqat og‘zaki aytishga o‘tadi, lab (yuz)dan o‘qish malakalarini shakllantiradi. Bunda bolalar nafaqat barmoqlar, balki til, lab, yuz harakatlariga e’tibor bera boshlaydilar.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni maktabga tayyorlash bosqichida nutq vositasi bo‘lgan bolalar daktilema va harf munosabatini tez hamda oson o‘zlashtiradi. Daktil nutqdan foydalanish yozuvga o‘rgatish uchun ham sharoit yaratadi. Chunki bola daktil nutq orqali so‘z tarkibini egallaydi.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni maktabga tayyorlashning birinchi bosqichida predmet obrazi daktil shakldagi so‘z orqali tushuntiriladi. Masalan, “tur”, “ol”, “ber”, “non”, “choy” va kundalik zaruratlar bo‘yicha murojaatlar uchun muhim so‘zlarni eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar daktillab aytadi va qabul qiladi. Chunki bu davrda bolada na og‘zaki, na yozma nutq shakllangan bo‘ladi. Surdopedagog so‘zni daktillash bilan birga parallel ravishda og‘zaki aytadi. Ushbu davr eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni nutqiy muloqotga tayyorlash (mayda qo‘l motorikalari, nafas, ko‘rish, nutqiy harakat organlarining faoliyatlarini to‘g‘ri taqsimlashga o‘rgatish) davri deb belgilanadi.
Ikkinchi bosqichda talaffuz ustida ish olib borilgach, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarda muayyan malakalar shakllanib, atrofdagilar nutqini barmoqlar, yuz, lab harakati yordamida qabul qilishga o‘rgatish ishlari boshlanadi. Bunday bolalarga mazkur davrda murojaatlarni daktil-og‘zaki ravishda amalga oshirish talabi qo‘yiladi. Ushbu davr bolalarning nutqiy muloqotga (nutqiy eshituv, so‘zlarni to‘g‘ri yoki bu holatga yaqin (tilga maxsus o‘qitish metodikasida so‘z konturi deb yuritiladi) talaffuz qilish) ko‘nikish davri deb belgilanadi.
Uchinchi bosqich o‘zining mazmun-mohiyati va vazifalariga ko‘ra, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni so‘zlashuv ¬– nutq orqali muloqot qilishga tayyorlaydi. Chunki endi bola so‘zni ham o‘qib, ham yozib, daktil-og‘zaki ravishda aytish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda rasmga mos so‘zni kesma harflardan tuzadi, bosma va yozma harflarda yozishga o‘rgatish ishlari rejalashtiriladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning yozuv malakalarini shakllantirish, chiroyli yozishga o‘rgatish bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
To‘rtinchi bosqichda og‘zaki va yozma nutq yetakchilik qilib, umumiy nutqiy harakat (og‘zaki-daktil, grafika) tizimi o‘rnatiladi hamda bu tizim asosida yozma nutq hamda yozuv malakalari amalga oshiriladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar o‘z fikrini yozma ravishda ifodalash bo‘yicha topshiriqlarga tayyorlanadilar. Bunday bolalarda ijodiy matn tuzish va uni yozib ifodalash ko‘nikmalari shakllanadi. Ushbu davr nutqiy axborotni og‘zaki yoki yozma qabul qilish va uzatish, erkin muloqotga kirishish davri deb belgilanadi.
Keltirilgan bosqichlar bir-biridan qat’iy chegaralanmagan, ular o‘zaro bog‘liq jarayonlarni taqozo etadi. Chunki hali daktil nutq puxta mustahkamlanmay turib, og‘zaki nutq (talaffuz) ustida ish boshlanadi. Yozma nutqqa o‘qitish esa og‘zaki nutq ustida ishlash jarayonida boshlanadi. So‘zni daktillab, uning tarkibini tuzish, havoda barmoq harakatlari bilan ifodalash esa o‘z mazmuniga ko‘ra, yozma nutq ko‘nikmalarini mujassam etadi. Ushbu bosqich mazmuni eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarda og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarining shakllangani bilan belgilanadi.
Tavsiya etilayotgan korreksion-pedagogik jarayon mazmunidan kelib chiqib, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar so‘zlashuv nutqini quyidagi mezonlar bo‘yicha shakllantirish maqsadga muvofiq:
– savollar berish, ularni tushunish va javob qaytarish;
– topshiriqni tushunib bajarish (yozish, aytish, harakat asosida);
– atrofdagilarga buyruq shaklida murojaat qilish;
– bajargan ishi yuzasidan og‘zaki yoki yozma axborot berish;
– xohishi, ehtiyoji yuzasidan og‘zaki yoki yozma xabar berish;
– dialogda ishtirok etish;
– fikrini bayon etish, ijodiy matn tuzish (yozish, gapirib berish).
Ushbu me’yorlarning eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar tomonidan bajarilishi nazorat qilib boriladi. Buning uchun maqsadli-muammoli hamda tabiiy vaziyatlar, muloqotga ehtiyoj tug‘diruvchi usullardan foydalaniladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni maktabga nutqiy tayyorlash jarayonida o‘zaro uzviy, bir-birini to‘ldiruvchi dastur va rejalarning amaliyotga tatbiqi ularning so‘zlashuv nutqini shakllantirishda yetakchi vositalardan hisoblanadi. Maktabgacha yoshdagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar “Daktil nutq”, “Tevarak-atrof bilan tanishish” mashg‘ulotlarida yangi so‘zlar bilan tanishsa, “Nutq o‘stirish” mashg‘ulotida shu so‘zlar anglatgan ma’noni nutqiy birliklarni o‘zlashtirish orqali egallaydi. Nutqiy materialning mustahkam egallanishiga erishish uchun ularni kartochkalarga yozish, xattaxta yoki devorga osish, kesma harflar, harakatdagi doskadan foydalanish asosida so‘z va jumlalar tuzish hamda maxsus daftarlarga yozish talab etiladi. Bunda eng muhimi so‘zning talaffuzi, grafik, daktil ifodasining uyg‘un holda savodli o‘zlashtirilib, xotirada o‘rnashishiga erishmoq lozimdir. Biroq dastur so‘zlashuv nutqining og‘zaki va yozma shakliga o‘qitishda nutqiy yordamchi vositalar (imo-ishora va daktil nutq)ga tayanishga ustuvorlikni ko‘zda tutadi. Daktil va imo-ishora nutqdan faqat talab qilingan vaziyatlarda, og‘zaki talaffuzning yaqqol namoyishi bilan parallel ravishda foydalanish maqsadga muvofiq. Har bir jumla va tushuncha o‘zlashtirilib, faol nutqda qo‘llanilishiga erishilgach, yordamchi nutqiy vositalardan foydalanish zarurati yo‘qoladi.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni maktabga nutqiy tayyorlash bo‘yicha korreksion-pedagogik jarayonning samarali amalga oshishi va natijaning kafolatlanishi ularning muloqotga bo‘lgan ehtiyoji hamda nutqiy motivatsiyasiga bog‘liqdir. Korreksion-pedagogik tizimning eshitish idroki buzilgan bunday bolalar yosh xususiyatlari, xususan, aqliy, nutqiy imkoniyatlariga mos kelishi, jarayonning amalga oshirilishida differensial yondashuv, nutqiy ehtiyoj va motivatsiyani kuchaytirish maqsadida hayotiy vaziyatlar, o‘qitishning zamonaviy interfaol usullaridan foydalanish, o‘qitishning sermahsul tashkiliy shakllarini to‘g‘ri tanlash, har bir bosqichda ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlarning aniq belgilanishi va boshqalar surdopedagogikaning umumiy pedagogika, didaktika umumta’limiy, uslubiy yo‘nalishlardagi integratsiyasini ifodalaydi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarda so‘zlashuv nutqini shakllantirishga ijtimoiy ehtiyoj sifatida qaralib, butun korreksion-pedagogik jarayon ishtirokchilari (oila, maktab, jamoatchilik) shu maqsadda tashkil etilsa, bunday bolalar ijtimoiy hayotda sog‘lom tengdoshlari qatori o‘z ona tilida erkin, samarali va barcha uchun tushunarli (tarjimonga muhtoj bo‘lmay) muloqot qilishini ta’minlash mumkin, deb hisoblaymiz.

Dilobar YAKUBJANOVA,
Nizomiy nomli TDPU
“Maxsus ta’lim metodikalari” kafedrasi
dotsent v.b.

Check Also

O`zbekiston respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O‘zbekiston Respublikasi …