Bosh sahifa | Korreksiyot ta'lim | Eshitish nuqsonini sensor rivojlantirish

Eshitish nuqsonini sensor rivojlantirish

Maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashda, ulardagi tuyg‘u, sezgi, idrok kabi qobiliyatlarni shakllantirishda sensor tarbiya muhim o‘rin tutadi. Sensor tarbiya tevarak-atrofni sezgi orqali idrok qilishdir. Bunda tasavvurning aniqligi, to‘laligi sensor jarayonlarning rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda tafakkur, xotira, idrok kabi barcha ruhiy jarayonlarning jadal rivojlanishi kuzatiladi. Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar o‘z tengdoshlaridan ruhiy rivojlanishda sezilarli darajada ortda qoladi. Shu bois, maktabgacha tarbiya muassasasida kar va zaif eshituvchi bolalarni mashg‘ulotlarda sensor rivojlantirish ularning yoshiga mos bilim va malakalarni egallashi hamda maktab ta’limiga tayyorgarlik ko‘rishida yordam beradi, shuningdek, intellektual faoliyatini rivojlantiradi.

Agar bolaning kompensatorlik imkoniyatlari, to‘g‘ri tanlangan korreksion-pedagogik, psixologik va tibbiy ishlari bir-biriga mos kelib, o`zaro uyg‘unlashsa, ular bolaning ruhiy va jismoniy rivojlanishidagi dastlabki nuqson ta’sirini ancha kamaytirishi, ayrim hollarda esa butunlay bartaraf etishi mumkin. Bunday hamkorlik kompensatorlik mexanizmlarining samarali shakllanishini, dastlab buzilgan psixik va motor funksiyalarining korreksiyasini ta’minlaydi, ya’ni bolalar kasalliklari va nogironligini profilaktika qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Erta boshlangan korreksiyalash ishlari bolalarning ijtimoiy faoliyatdagi yetishmovchilik darajasini ancha pasaytirib, har bir bolaga imkon darajada umumiy rivojlanish, ta’lim olish, ijtimoiy faoliyatga qo‘shilishga yordam beradi. Bu yo‘nalishda olib boriladigan ish quyidagi vazifalarni o‘z ichiga oladi:
– shakllarni ko‘rish va sezish orqali idrok etishni rivojlantirish: shakllarni farqlash, nomini aytish, tasniflash, transformatsiya qilish (bir holdan boshqa holga o‘tkazish, o‘zgartirish);
– fazoviy munosabatlarni ko‘rish va sezish orqali idrok etishni rivojlantirish: anglash, nomini aytish, mo‘ljal ola bilish, transformatsiya qilish;
– turli hajm va o`lchamlarni ko‘rish va sezish orqali idrok etishni rivojlantirish: nomini aytish, tasniflash, transformatsiya qilish, predmetlarni katta-kichikligi bo‘yicha qiyoslash, o‘lchamlari bo‘yicha qator hosil qilish;
– ranglarni ko‘rib idrok etishni rivojlantirish: ranglarni farqlash, nomini aytish, rang bo‘yicha tasniflash, ranglardan qator hosil qilish.
Bolaning sensor rivojlanishi mustaqil ahamiyat kasb etadi, zero u atrof-muhit haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi va bir paytning o‘zida bolaning umumiy aqliy rivojlanishida muhim vazifani o‘taydi. Aqliy rivojlanishga esa to‘laqonli idrokka asoslanmay turib erishish mumkin emas. Quyida kar va zaif eshituvchi bolalarni sensor jihatdan rivojlantirish texnologiyasidan namuna keltiramiz:
“Ajoyib derazalar” mashqi
Maqsad: rang va shaklni idrok etishga qaratilgan sensor funksiyani shakllantirish.
Jihozlar: 12 dona to‘rtburchak rangli kartochka (asosiy ranglar va rang tuslari); har xil shakldagi 5 ta kartochka.
Qo‘llanilishi: vazifa bola bilan birgalikda o‘yin davomida olib boriladigan dialog shaklida bajariladi.
Bir sehrgar derazalari ajoyib saroy barpo etibdi. Har kim o‘z derazasini topishi uchun uning shakli va rangini bilishi kerak. Keling, shu derazalarni yaxshilab ko‘rib chiqamiz, uning rangi va shaklini aniqlashga urinib ko‘ramiz. (Kartochkalar stolga yoyib qo‘yiladi va bolalar har bitta derazaning rangi, shaklini aniqlaydi).

“Sehrli rasmlar” mashqi
Maqsad: obrazni bir butun holda idrok etish qobiliyatini rivojlantirish.
Jihozlar:
a) birinchisi ikki qismga, ikkinchisi to‘rt qismga va yana biri olti qismga bo‘lingan uch dona rasm;
b) syujetli rasmlar seriyasi (3-4 dona rasm).
Qo‘llanilishi: konvertlarga sehrli rasmlar solib qo‘yilgan. Bolalar ularni yig‘ishga urinib ko`radilar. Tarbiyachi bolaga avval ikki qismga bo‘lingan rasmni yig`ishni taklif etadi. Keyin o‘rtacha qiyinlikdagi to‘rt qismga bo‘lingan rasmni yig‘ishni aytadi. Nihoyat, murakkab qiyinlikdagi darajani – olti qismga bo‘lingan rasmni yig`ish vazifasini topshiradi.
“Har xil rangdagi halqalar” mashqi
Maqsad: bolalarni asosiy ranglar va ularning tuslarini ajratish va nomlarini bilishga o‘rgatish, predmetlar, nafaqat shakli va o‘lchamiga ko‘ra, balki rangidan ko‘ra ham farqlanishini ko‘rsatib berish.
Jihozlar: diametri 4-5 sm keladigan har xil rangdagi halqachalar, rangi halqachalar rangiga mos keladigan 5-6 dona kichikroq quticha.
Qo‘llanilishi: pedagog tayyorlab qo‘yilgan halqachalarni stolga to‘kadi va bolalardan ularning ranglarini ajratib berishni so‘raydi. Agar bolalar bunda xatolarga yo‘l qo‘ysalar, bu holda rang nomlarini o‘rgatish uchun bolalarga yaxshi tanish bo‘lgan shu rangdagi predmetlarga ishora qilish mumkin, masalan: “Bu halqacha xuddi osmon yoki daryo suvidek ko‘m-ko‘k. Bu predmet quyoshdek sariq. Mana bu halqacha esa pishgan olchadek qizil. Bunisi esa yozdagi maysadek yam-yashil”. Bunday bog‘liqliklar bolalarning nafaqat halqalar rangini balki, shu ranglarning nomlarini eslab qolishiga ham yordam beradi. Bolalar ushbu materialni yaxshi o‘zlashtirib olganlariga ishonch hosil qilgach, pedagog vazifani yanada murakkablashtirishi, ya’ni halqalarni shu rangdagi qutichalarga solib chiqishni taklif qilishi mumkin. Qutichalar o‘rniga xuddi shu ranglardagi tayoqchalardan ham foydalanish mumkin. Bunda bolalar halqachalarni mos rangli tayoqchalarga ilib chiqishlari lozim. Ushbu o`yin orqali bolaning faqat tafakkuri emas, balki qo‘llarining mayda mushaklari ham rivojlanadi. Shunday qilib, mazkur vazifalar to‘plami bolalarning sensor tajribani egallashiga qaratilgan bo‘lib, buning natijasi o‘laroq eshitishida nuqsoni bor bolalar o‘zining jismoniy va hissiy imkoniyatlarini anglaydi, atrofini o‘rab turgan predmetlarning xususiyatlarini bilib boradi.
Saodat PO‘LATOVA,
Nizomiy nomli TDPU korreksion pedagogika
kafedrasi katta o‘qituvchisi