Bosh sahifa | Mutaxassis maslahati | Farzandingiz sog‘lom, oqil bo‘lsin desangiz…

Farzandingiz sog‘lom, oqil bo‘lsin desangiz…

Insoniyat naslining davom etishi oiladan boshlanadi va shu bois u muqaddas qo‘rg‘on sanaladi. Farzandlarning sog‘lom, oqil va bilimli bo‘lishlari ma’lum jihatdan irsiyatga va birinchi galda tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilaga bog‘liq.
Oilada farzandlar ma’naviyatini ilk bolalik yo­shidan shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ilk bolalik davrida (1 yoshdan 3 yoshga­cha) bolalarning psixikasi juda tez sur’atlar bilan rivojlanadi va ularni maktabga tayyorlash davrida (3 yoshdan 6 yoshgacha) yanada kuchayib boradi. Kichkintoylar atrofdagi narsa-hodisalarni chanqoqlik bilan qabul qili­shadi, borliq – olam to‘g‘risidagi tushun­chalar, tasavvurlar ularda tez shakllanadi va jamlana boshlaydi. Bu yoshdagi bolalar psixikasining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri ularning xotirasi juda kuchli bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Chunki ularda atrofdagi voqea-hodisalarni o‘r­ganishga bo‘lgan intilish kuchli. Shu sabab mazkur yoshda milliy va umuminsoniy qadriyatlar to‘g‘risidagi tushuncha va tasavvurlarni shakllantirish muhim.
Maktabgacha yosh davri shaxs shakllanishining birinchi bosqichi, ya’ni poydevori hisoblanadi. Ma’lumki, poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, inshoot ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. O‘smirlik davrining oxiriga borib, shaxsning shakllanishi deyarli yakunlanadi. Bu uning tarbiyasidagi eng samarali davr ham yakunlanganini anglatadi.
Ijtimoiylashuv va tarbiya esa yoshlik, o‘rta yosh va hatto keksalik davrida ham davom etadi. Lekin bu bosqichlardagi tarbiya o‘zining mohiyatiga ko‘ra, qayta tarbiya bo‘ladi. Chunki bu davrlarda o‘smirlik davri oxiriga­cha shakllangan ma’naviy-axloqiy sifatlar, atrofdagi voqea-hodisalar, odamlarga, Vatanga munosabat tuyg‘usi faqat bir oz takomillashtirili­shi, qisman tuzatilishi, ba’zi hollardagina tubdan o‘zgartirilishi mumkin. Mana shu holatlarning barchasi maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilishini taqozo etadi. Chunki yoshlar, o‘rta yoshlilarni qayta tarbiyalashdan ko‘ra, bolalar va o‘smirlarni tarbiyalash qulayroq, samaraliroq va zarurroq hisoblanadi.

Mamlakatning rivojlanishi, uning iqtisodiy o‘sishida ma’naviyat muhim rol o‘ynaydi. Hozirgi davrda nafaqat bizning yurtimiz, balki dunyodagi ko‘pchilik mamlakatlarning psixolog va pedagog olimlari Yaponiyada maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash bo‘yicha mavjud an’analarga ko‘proq murojaat qilishadi. Buning muayyan sabablari bor. Yaponlar besh yoshga­cha bo‘lgan bolalarning tarbiyasiga alohida e’tibor berishadi, chaqaloqlarga juda hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi. Bola 5-6 yoshga to‘lguncha uning har qanday ayblari va noto‘g‘ri ishlari ke­chiriladi. Ularni xatolari uchun jazolash u yoqda tursin, baland ovozda gapirish ham man qilinadi. Umuman olganda Yaponiya jamiyatida tarbiyaning asosini yosh bolaga sabr-toqat va xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish tashkil qiladi.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari pedagogikasida yosh bolaning har qanday xohi­shini bajarish bolaning xudbin bo‘lib o‘si­shiga olib keladi, degan fikrlar mavjud. Lekin, qizig‘i shundaki, bolaligida erkatoy va “xudbin” bo‘lsa ham, voyaga yetgan yapon fuqarolari o‘zlarining jamoa manfaatlariga hurmat bilan qarashi, qonunlarga bo‘ysunishi bilan ajralib turadi.
Ilk bolalik davrida yaponlar bolalarga hech narsani man qilishmaydi. Bu yoshda bolalarga beriladigan eng qattiq jazo ularning qilayotgan harakatlarini muloyimlik bilan ma’qullamaslik yoki ular qilayotgan harakatlar onasining jonini og‘ritishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabar berish hisoblanadi.
Hozirgi kunda jahondagi ko‘pgina mamlakatlarda, shuningdek, mamlakatimizda ham, ayniqsa, yosh ota-onalar yaponlarning ana shunday an’analariga hayrat va havas bilan qarashadi.
Aslini olganda, bizning milliy tarbiyamiz tarixida eng kichik yoshdagi chaqaloqlarga ham hurmat bilan qarash yaponlardagidan kam emas edi. Xalqimizda bolalarga hurmat bilan qarash tarixan rasm va yaxshi an’ana bo‘lgan. Ayrim hududlarda beshikda yotgan chaqaloqqa ham “siz” deb murojaat qilish tarbiyaning asosini tash­kil qilar edi. Aslida chaqaloqqa ham “siz”lab murojaat qilish ularga qo‘­pol munosabatda bo‘lishni to‘la inkor qiladi.

Check Also

Bog`chani to`g`ri tanlang

Bog’cha bolaning hayotida muhim va yetakchi o’rinni egallaydi .Shuning uchun bolaga bog’cha tanlanayotganda tumandagi eng …