Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Fidoyingman, O`zbekiston! (musiqiy mashg`ulot)

Fidoyingman, O`zbekiston! (musiqiy mashg`ulot)

(Katta va o‘rta guruh tarbiyalanuvchilari uchun mashg‘ulot ishlanmasi)

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarni milliy ohanglarni idrok etishga o‘rgatish, ularning musiqiy savodxonligini oshirish, notalarni sof va toza ovozda kuylash ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Ko‘rgazmali qurollar: musiqa asboblari tasvirlangan rasmlar, bobolarimizdan bizlarga meros bo‘lib kelayotgan xalqona ohanglar yozilgan mp3 shaklidagi disklar.
Tarqatma materiallar: nota qatorlarini sanashga mo‘ljallangan maxsus zinacha va rangli tasmalar.

Mashg‘ulotning borishi:
Bolalar bayramona bezatilgan musiqa zaliga kompozitor A. Mansurov tomonidan bastalangan “Vatanim” qo‘shig‘ining musiqa sadolari ostida kirib keladi.

MUSIQA RAHBARI: – Assalomu alaykum, mening jajji shirintoylarim. Bugun yana bir bor navbatdagi musiqa mashg‘ulotida ko‘rishib turibmiz. Mashg‘ulotimizni jonajon Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga bag‘ishlaymiz.

Shundan so‘ng bolajonlar stol atrofiga o‘tirib oladilar.

MUSIQA RAHBARI: – Bolajonlar, bugun siz bilan ajoyib kuy-qo‘shiqlar tinglab, bilimlarimizni mustahkamlab olamiz. Ma’lumki, har bir mamlakatning o‘ziga xos milliy ohangdagi musiqalari bo‘ladi. Shuningdek, bizda ham milliy qadriyatlarimizga mos, millatimizning o‘zligini namoyon etuvchi xalq kuylari mavjud. Bu kuylarning ko‘pchiligi sizga tanish. Avvalgi mashg‘ulotlarimizda ularni doimiy ravishda eshitib borgansiz. Bugun esa siz avval eshitmagan, ohanglari notanish bo‘lgan dunyo xalqlari musiqiy namunalari bilan tanishamiz.


Musiqa rahbari tomonidan turli xalqlarning kuylaridan qo‘yib eshittiriladi. Bundan tashqari, nota materiallaridan foydalangan holda, musiqa asbobi yordamida kuy ijro etib berish ham maqsadga muvofiq.

MUSIQA RAHBARI: – Mana, bolajonlar, turli xalqlarning kuylarini eshitib, ularning milliy an’analari, urf-odatlari bilan tanishdik. Bir nafas bo‘lsa-da, xayolan dunyoni kezdik. Biz eshitgan kuylar o‘sha xalqlarning milliy ramziga aylanib ulgurgan. Bu kuylar qayerda jarang sochmasin, o‘sha xalqning milliy o‘zligi namoyon bo‘ladi.

MUSIQA RAHBARI: – Endi, bolajonlar, sizlar uchun tayyorlangan moviy va yashil rangli tasmalarni qo‘llaringizga bog‘lab olsangiz: o‘ng qo‘lingizga moviy, chapiga esa yashil ranglisini taqib oling. Endi men sizga savollar bilan murojaat qilaman. Sizlar savollarga javob bergan holda “ha” javobiga moviy rangli, “yo‘q” javobiga esa yashil rangli tasma bog‘langan qo‘lingizni ko‘tarib, tasdiqlaysiz.
– Ayting-chi, bolajonlar, fransuz xalq kuyi quvnoq usulda yozilganmi?

Bolalar rangli tasmalar bog‘langan qo‘llaridan birini ko‘tarishadi.

– Xo‘sh, kim aytadi, “Eh seni” rus xalq kuyi fransuz xalq kuyidan biroz jonlangan holda ijro etilyaptimi?
– “Andijon polkasi” qanday usulda ijro etildi: tez yoki sekin?
– Keling, bolajonlar, o‘rnimizdan turgan holda “Andijon polkasi”ning ohangini o‘zlashtirib olish uchun qiziqarli o‘yin o‘ynasak.

Bolajonlar musiqa rahbari boshchiligida ketma-ket turgan holda so‘nggi tarbiyalanuvchining yelkasiga qo‘li bilan “nay-num, na-na-num” deb, bir-birining yelkasiga urib, mashqni boshlab beradi. Natijada, qo‘lni ritmik harakatlantirib, bolalar kuy hosil qilish mumkinligi haqida tasavvurga ega bo‘ladi. Mashqni bajargandan so‘ng barcha bolalar joylariga o‘tirib oladilar.

MUSIQA RAHBARI: – Barakalla, bolajonlar, sizlar ko‘proq “Andijon polkasi” o‘zbek xalq kuyini yaxshi eslab qolibsiz. Ha, albatta, bayram va tantanalarda eshitib, ohangi qulog‘ingizga o‘rnashib qolgan-da. Ko‘rdingizmi, bolajonlar, dunyo xalqlari ham o‘zining xalq kuylariga suyanib o‘z madhiyasini yaratadi. Bolajonlar, keling, sizga bir savol bilan murojaat qilib, bilimingizni sinab ko‘rsam. Bolajonlar, biz qanday davlatda yashaymiz?
BOLALAR: – Biz mustaqil, obod va ozod, farovon yurtda yashaymiz.
MUSIQA RAHBARI: – Rahmat bolajonlar, qani kim aytadi, bayrog‘imizda qanday ranglar bor?
BOLA: – Yashil, oq, moviy, qizil.
MUSIQA RAHBARI: – Endi esa navbatdagi savolim: davlatimiz ramzi – gerbimizda nimalar mujassam?
1-BOLA: – Paxta, bug‘doy, Humo qushi hamda bayrog‘imiz.
2-BOLA: – Gerbning o‘rtasida afsonaviy Humo qushi bor, uning ostida esa davlatimiz ramzi – bayrog‘imiz, gerbning ortida esa tog‘lar, quyosh charaqlab chiqayotgani tasvirlangan.
MUSIQA RAHBARI: – Barakalla, bolajonlar.
Musiqa rahbari imkoniyatidan kelib chiqqan holda mashg‘ulotga qo‘shimcha tarzda A. Mansurovning “Bayrog‘imiz” qo‘shig‘ini tinglatish ham maqsadga muvofiq.
MUSIQA RAHBARI: – Qani, bolajonlar, kim bizlarga Vatan haqida she’rlarni yod aytib beradi?
1-BOLA: – Ta’rifingni bayon etib,
Hech ham ko‘nglim to‘lmaydi.
Senga qancha mehnat qilsam,
Qarzim ado bo‘lmaydi.

2-BOLA: – Mustaqil yurtim, sening
Qay yutug‘ing ta’riflay?
Ko‘m-ko‘k bog‘ing, go‘zal qasring
Dunyoga ko‘z-ko‘z etay.

MUSIQA RAHBARI: – Shunday chiroyli, ko‘rkam diyorimizning tinchligini mustahkamlash har birimizning vazifamizdir. Keling, endi navbatdagi M. Dadaboyevning “O‘zbekiston mustaqil!” nomli qo‘shig‘ini ijro etsak.

Qanday go‘zal ulug‘ kun,
Quvonchlarga to‘liq kun.
Yayrang do‘stlar tun-u kun,
O‘zbekiston mustaqil!

Yashnamoqda gul diyor,
Bo‘lsin senga zafar yor.
Keling, aytaylik alyor,
O‘zbekiston mustaqil!

MUSIQA RAHBARI: – Bolalar, mashg‘ulotimizga bir mehmonni chaqirganman.

X. Hasanovaning “Humo qushim” qo‘shig‘i musiqasi sadolari ostida Humo qushi sahnaga kirib keladi.

HUMO QUSHI: – Salom, mening jajji shirintoylarim, qaqajonlarim. Mustaqilligimizning 26 yilligi sizlarga muborak bo‘lsin. Sizni bu bayram bilan qutlash uchun musaffo osmonimizda parvoz qilib, tezda yetib keldim. Menimcha, kechikmadim, shundaymi, bolajonlar?
BOLALAR: – Ha.
MUSIQA RAHBARI: – Xush kelding, Humo qushi Senga ham mustaqilligimizning 26 yilligi muborak bo‘lsin. Ayni vaqtda mashg‘ulotimizni ham boshlamoqchi edik. Humo qushi, sen bugun mashg‘ulotimizda bolajonlarimizga yordamlashib turasan, maylimi?

HUMO QUSHI: – Mayli, kelishdik.
MUSIQA RAHBARI: – Bolajonlar, siz bilan O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining birinchi bandini kuylashni o‘rganib olsak. Humo qushi ham bizga yordam beradi.
HUMO QUSHI: – Unda bugungi mashg‘ulotingizga biroz kuylashga o‘zgartirish kiritgan holda noan’anaviy usulda O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasini kuylaymiz. Qani bolajonlar, zinachalarni qo‘limizga olib, kuylashni boshladik.

Bolalar musiqa rahbari ko‘magida nota orqali kuylab oladi. Bir necha marotaba kuylangandan so‘ng notalar o‘rniga so‘zlar qo‘yib, musiqa rahbari kuylab ko‘rsatadi. Har bir kuylanayotgan nota zinalarida o‘ng qo‘li bilan ko‘rsatgan holda bolalar kuylab boradi. Misol uchun Re notasi uchun ikkinchi zina, Sol notasi uchun beshinchi zina va boshqalar. Shu tariqa ushbu mashg‘ulotda madhiyaning birinchi bandi kuylanadi.

MUSIQA RAHBARI: – Humo qushi, bugungi mashg‘ulotimiz senga yoqdi, shundaymi? Unday bo‘lsa, bolajonlar sen uchun kompozitor Nadim Norxo‘jayev bastalagan “Humo qushim” qo‘shig‘ini kuylab berishadi.

Boshga qo‘nding parvoz aylab,
Yurt-u xalqim e’zoz aylab,
Tug‘ro qushim, Humo qushim.

Ming o‘rgilay qomatingdan,
Bergan baxt-u omadingdan,
Samoqushim, Humo qushim.

Istiqloldan nishonasan,
Yarqiragan peshonasan,
Ziyo qushim, Humo qushim.

Boshlab berding yangi davron,
Yashnar yana O‘zbekiston,
Tanho qushim, Humo qushim.

HUMO QUSHI: – Rahmat, bolajonlar, bilimdon ekaningizni yana namoyish qildingiz. Meni hali ko‘plab ta’lim muassasalaridagi siz kabi jajji bolajonlarni xursand qilishim zarur. Sizlarni yana bir bor bayram bilan qutlayman. Xayr, bolajonlar.

Humo qushi musiqa sadolari ostida mashg‘ulotni tark etadi.

MUSIQA RAHBARI: – Aziz bolajonlar, mustaqillikning shonli bayrami, qutlug‘ to‘yi hammangizga muborak bo‘lsin! Sizlar O‘zbekistonning ertangi yorug‘ kunisiz, uning egalarisiz. Ona Vatanimiz bilan faxrlanishimiz, g‘ururlanishimiz, uning har qarichini muqaddas bilib, ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz kerak, Vatanimizni doimo sevib, ardoqlaylik. Shuning bilan bugungi mashg‘ulotimizga yakun yasaymiz. Xayr, salomat bo‘ling.

Bolalar musiqa sadolari ostida chiqib ketadilar, shu tariqa mashg‘ulotga yakun yasaladi.

Ulug‘bek MIRZAHMEDOV,
Nizomiy nomli TDPU qoshidagi KQT VА MOM kursi tinglovchisi

Check Also

BOLANGIZ ROST GAPIRISHDAN QO‘RQMASIN

Yolg‘on gapirish kichik yoshli bolalar uchun “muhim ijtimoiy xususiyat” hisoblanadi. Lankaster universiteti psixologi tadqiqotlar uydirma …