Bosh sahifa | Psixolog maslahati | GADJETLARNING BOLA PSIXOLOGIYASIGA TA’SIRI

GADJETLARNING BOLA PSIXOLOGIYASIGA TA’SIRI

Axborot texnologiyalari jadal rivojlanib boryotgan davr bolasi bugun maktabga borguniga qadar, oilada axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalari bilan tanishib, ulardan qanday foydalana olish mumkinligini bilib olmoqda. Ular haqiqatan ham axborot asrida tug’ilib, hali atrof-olamni anglamasdan, zamonaviy aloqa qurilmalari, kompyuter va boshqa gadjetlarning funksiyalari bilan tanish bo’lgan holda ulg’aymoqda. To’g’ri, bu vositalar keng qulayliklar yaratmoqda, lekin endigina ulg’ayayotgan avlod uchun bular har doim ham foydali emas. Undan noto’g’ri foydalanish oqibatida esa bolada har xil salbiy jarayonlar yuzaga kelmoqda. Buni bolalardan oldin kattalar bilishi va kerak o’rinlarda nazoratni kuchaytirishi lozimligi asosiy masalaga aylanmoqda. Shu sababdan ham bu holatning oldini olish bo`yicha ko’plab seminar mashg’ulotlar o’tkazilmoqda. Ushbu mavzu yuzasidan poytaxtimizning Shayhontoxur tumanidagi 445-sonli MTMda “Maktabgacha yoshdagi bolalarning krizis davrida uchraydigan psixologik xulq-atvor og’ishlari va unga ta’sir etuvchi tashqi omillar” to’g’risida seminar bo’lib o’tdi.
Unda hozirgi kunda turli ko’rinishda ishlab chiqilgan axborot vositalari “Gadjetlar”ning inson salomatligi va ruhiy olamiga ko’rsatayotgan salbiy ta’siri va maktabgacha yoshdagi bolalarda psixolik tomondan inqiroz davri qanday holatlarda o’tishi haqida ota-onalarga ma’lumotlar berildi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda 1, 3 – 4, 6 – 8 yosh krizis davri bo’lib, bu davrda ularda qaysar, urishqoq, yig’loqi, o’z so’zini o’tkazishga intilish, injiqlikni ko’proq namoyon qilish kabi holatlar yuz berardi. Ular mazkur davrlarda turli xil holatda bo’ladi. Bir yoshdagi bolada atrof-muhitni faol o’rganishga intilish; unga yaratilgan sharoitni o’rganish; o’z mustaqilligiga erishish bo’lsa, 3 yoshdagi bola o’zini shaxs sifatida anglay boshlashi, mustaqil bo’lishga intilishning kuchli namoyon bo’lishi kuzatiladi. 6 – 8 yoshli bolalarda esa bolalik olamidan kattalar olamiga kirish; o’yin faoliyatidan o’qish faoliyatiga o’tish kabi holatlar bo’ladi. Bunday paytda ota-onalar sabr-toqatli bo’lishi, vaziyatdan mohirona chiqish usullarini topish va bolaning shaxsiy fikr, qiziqishlarini qo’llab quvvatlashi lozim.
Agar ota-onalar bolalarga krizis davrida e’tibor bermasa, bolaning xohish istaklariga qaramasa, ularda agressiyaga moyillik paydo bo’ladi,− deydi 445- sonli MTM psixoligi Nodira Muhammedova, −Quydagi holatlarda agressiyaga moyillik paydo bo’ladi:
− ota-ona farzandiga ishonmasligi;
− bolalarni bir-biriga qarshi qilib, o’rnak qilish oqibatida;
− bola bilan yetarli muloqotning yo`qligi;
− ota-onalar haddan ziyod bolaga g’amxo’rlik va e’tiborni kuchaytirib yuborishi;
− parishonxotirlik;
− bola asabiy charchagan, yaxshi uxlamagan va o’zini yomon his qilganda;
− oziq-ovqatlarni noto’g’ri tanlab iste’mol qilinishi, bola ratsionida foydali mahsulotlarning yetarli bo`lmasligi;
− bolani fiziologik jihatdan ta’sirchanligi yuqori bo’lganda.

Agressiv bola bilan ishlash usullari:
Bolani urish va urishish usulidan foydalanmaslik kerak. Bolada paydo bo’lgan jaxlni boshqalarga zarar keltirmasdan boshqarishni o’rgatish, kuchli namoyon bo’layotgan agressiyani biror bir faoliyat bilan chiqarib yuborish. Misol uchun, loy ishi, rasm chizish, sport bilan shug’ullanish, boks qopchasini urish hamda bola ishtirokida ertakterapiya orqali bor negativ hissiyotlarini chiqarish tavsiya etiladi. Bola boshqarib bo’lmas darajada o’zini yo’qotib isterikaga tushganda uni qattiq quchoqlab bag’riga bosish ham uning tinchlanishiga yordam beradi. Eng muhimi bolani sevish. e’tibor va mehr berish kerakligi psixolik tomonidan aytib o’tildi.
Shuningdek seminarda kundan kunga turli ko’rinishda ishlab chiqilayotgan axborot vositalari ya’ni gadjetlar bola salomatligi va ruhiy olamiga salbiy ta’siri haqida ota-onalar va tarbiyachilariga kerakli ma’lumotlar berildi. Maktab yoshidagi bolalar gadjetlardan noto’g’ri va me’yordan oshiq foydalanishi oqibatida ularda quydagi holatlar yuzaga keladi:
− ko’rish faoliyati yomonlashadi. Bola kuni bo’yi monitor yoki ekranga qarashi natijasida ko’z gavharida jiddiy buzilishlar kelib chiqadi va 10 yoshga yetganda bu buzulishni to’g’irlab bo’lmas darajadagi ko’z kasalliklariga olib kelishi mumkin.
− kuni bo’yi televizor qarshisida o’tirgan yoki planshetta uzoq vaqt o’yin o’ynash bolani kam harakat qilishiga sabab bo`ladi. Bolani yaxshi rivojlanishi, asosan, uning faol bo’lishi bilan xarakterlanadi. Kamharakat bola semirishga moyil bo’ladi, tayanch harakat apparatida noto’g’ri shakllanish kelib chiqadi.
− o’yinlarni bolani yoshiga nomutanosibligi. Jangari, bosqinchilik, zo’rlash, odam o’ldirish, qonli sahnalar bola psixikasida psixotrop modda qabul qilgandek ta’sir o’tkazadi. Ayniqsa internet orqali jamoaviy bo’lib o’yin o’ynash oqibatida bola virtual olam ta’siriga tushib real hayotdan uzilib qoladi. Natijada real hayot bilan virtual hayotni ajratolmay, o’yin tugaganidan keyin ham bola o’zining o’qish faoliyatiga, bir qator majburiyatlariga kirisha olmay qiynaladi. Vertual o’yindagi qahramon timsolida o’zini tasavvur qila boshlaydi va u vaziyatni boshqaruvchi egoist, faqatgina o’z xohishlariga qarab harakat qiladigan agressiv shaxsga aylana boshlaydi.
− bolada psixik jarayonlar sekinlashadi. Dastlab, ilk yoshdagi bolalarda nutqni kechikishi keyin tafakkur operatsiyalarining sustlashuvi, bora bora yoshiga nisbatan aqliy rivojlanishning kechga qolishi kuzatiladi.
Biroq salbiy oqibatlar keltirib chiqarar ekan deb bolani umuman texnik vositalardan mahrum qilish yaramaydi. Chunki vaqti kelib bola baribir bu qurilmalardan foydalanishiga to’g’ri keladi. Hamma narsa me’yorni bilish va bolaga nimani qachon qaysi yoshda o’rganishiga bog’liq. Bunda ota-onalar nazoratni muntazam ravishda olib borishlari lozim bo’ladi.
Tadbirda bolalarga qachon, nechi yoshida kompyuter, planshet va shu kabi moslamalardan foydalanish mumkinligi haqida ham gapirib o’tildi. Masalan, bir yoshdan 5 yoshgacha bo’lgan bolalar kompyuter bilan shug’ullanishlari umuman tavsiya etilmaydi. 5 yoshdan 7 yoshgacha bo’lgan bolalar kompyuter va planshet bilan 10 minut, maksimum 20 minut (24 soat ichida) shug’ullanishlari tavsiya etiladi. 1-sinfdan 5- sinfgacha bo’lgan bolalar kun davomida 10 − 15 minut foydalanishi tavsiya etiladi. 10 yoshdan boshlab bir kunda 3 mahal 20 minutdan shug’ullanishi mumkin. Uyqudan 30 minut oldin televizor ko’rmaslik, gadjetlardan foydalanmaslik tavsiya etiladi.
Yuqoridagi jarayonlarda ota-onalar bolani nazorat qilib turishi kerak. U qanday o’yinlar o’ynayapti va bu o’yinlar ta’siri qay darajada ekanini bilishi kerak. Buning uchun, albatta, ota-onalarning o’zlari ham bu vositalardan unumli foydalana bilishi darkor.
Adolat UMIROVA