Bosh sahifa | Til bilgan – el biladi | Ham yasaymiz, ham yodlaymiz

Ham yasaymiz, ham yodlaymiz

Mashg‘ulotning maqsadi: bolalarga turli xil gullarni yasash orqali ranglarni o‘rgatish.
Kutilayotgan natija: kichkintoylarga qo‘l mehnati yordamida tayyorlanadigan gullar va ularning rangi ingliz tilida qanday nomlanishini yod oldirish.
Kerakli jihozlar: rangli qog‘ozlar, yelim va qaychi.
Mashg‘ulotning borishi:
O‘qituvchi: – Good morning, children! (Xayrli tong, bolalar!)
Bolalar: – Good morning, teacher! (Xayrli tong, ustoz!)
O‘qituvchi: – How are you? (Ahvollaringiz qanday?)
Bolalar qo‘l harakati orqali baravariga “I am OK” deb javob qaytarishadi va o‘z o‘rinlariga o‘tirishadi.
O‘qituvchi: – Bolajonlar, bugun biz sizlar bilan ranglarni o‘rganamiz.
O‘qituvchi bolalarni mavzuga jalb etish maqsadida ulardan birma-bir qanday ranglarni bilishlari va qaysi biri ko‘proq yoqishi haqida so‘rab oladi. Bolalar psixologiyasiga ko‘­ra, ular asosan yorqin ranglarni ko‘proq xush ko‘rishadi. Shuning uchun darsda eng yorqin: sariq, yashil, qizil va ko‘k ranglar tanlanadi. Aytib o‘tilgan ranglardagi qog‘ozlar o‘qituvchi tomonidan bolalarga ko‘rsatiladi va uning ingliz tilidagi talaffuzi o‘rgatiladi. Masalan:
O‘qituvchi: – Bu qanday rang?
Bolalar: – Sariq.
O‘qituvchi: – To‘g‘ri. Ushbu rang ingliz tilida “yellow” deb ataladi.
O‘qituvchi ushbu rangni bolalarga o‘rgatish uchun xonada mavjud bo‘lgan sariq rangdagi predmetlarni (sariq kapalak, sariq kubik, quyosh) bolalarga ko‘rsatib qanday rangda ekanligini ingliz tilida so‘rashi lozim. Bolalar aynan o‘sha narsalarni ko‘rishi bilan bir qatorda ularning “Yellow”, ya’ni sariq rangini tez va oson yod oladi.
Qolgan blue (ko‘k), red (qizil), green (ya­shil) ranglar ham yuqoridagi usul yordamida eslab qolishga o‘rgatiladi. Yod olingan ranglarni yanada mustahkamlash maqsadida rangli qog‘ozdan gul yasashni o‘rgatamiz.
O‘qituvchi: – Bolajonlar, kelinglar biz sizlar bilan rangli qog‘ozlardan gul yasashni o‘rganamiz.
O‘qituvchi bolalarga bitta gul yasash uchun kerak bo‘ladigan rangli qog‘oz va yelimlarni tarqatadi.

O‘qituvchi: – Bolalar, ingliz tilida gul “flower” (flaver) deb ataladi. Qo‘lingizga kesilgan rangli qog‘ozlarni oling. Bu qog‘ozlarni garmoshka shaklida buklaymiz. (O‘qituvchi ham jarayonda ishtirok etib, gul yasalishini bolalarga ko‘rsatib turishi kerak.)

O‘qituvchi qog‘ozni buklash jarayonida gul va uning rangini ingliz tilida “red flower” (qizil gul) deb takror va takror aytadi. Qog‘oz oxirigacha buklanganiga qadar barcha bolalar ush­bu so‘zlarni qaytarishadi. Garmoshka qilingan qog‘ozlarning ikkala uchi bir-biriga jipslashtirilib gul shakliga keltiriladi. Oq rangdagi qog‘ozga yelim surilib gul yopishtiriladi.

O‘qituvchi: – Bolajonlar, aytinglarchi, qanday rangdagi gul hosil bo‘ldi?
Bolalar: – Red flower (qizil gul).
O‘qituvchi: – Endi red flower (qizil gul) ning tana qismini yasaymiz. Yonimizda turgan ingich­ka green (yashil) tayoqchani red flowerning pastki qismiga yopishtiramiz. Gulning o‘rtasiga esa kichkina yellow (sariq) doira shaklni yopishtiramiz.
Tayyor bo‘lgan gulni barcha bolalar qo‘llariga olishadi va “This is a red flower” (Bu qizil gul) degan jumla tuzishadi. Ushbu jumlani bolajonlar 5 marotaba qaytarishadi.
O‘qituvchi: – Bravo (barakalla). Children clap your hands! (Bolajonlar qarsak chalinglar).
O‘qituvchi mashg‘ulot jarayonida bolalarni taqdirlab boradi.
O‘qituvchi: – Barakalla, shirintoylarim. Bugungi mashg‘ulotda juda yaxshi ishtirok etdingiz. Sizlar aqlli, topqir, zehnli bolalarsiz. Uyga borib onajonlarimizga bugungi mash­g‘ulotda o‘rganganlaringizni aytib, yasagan gullaringizni ularga sovg‘a qilinglar. (Ushbu gaplar bolalar ruhiyatiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.) Shuning bilan bugungi mashg‘ulotimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Yaxshi ishtirokingiz u­chun hammangizga rahmat! Good bye children! See you.

Shahnoza SHOEVA,
Toshkent shahar Chilonzor tumani
230-MTM ingliz tili o‘qituvchisi.