Bosh sahifa | Munosabat | Har bir bola e’tiborda

Har bir bola e’tiborda

431-sonli IMTM hayotidan…

Alohida yordamga muhtoj imkoniyati cheklangan (ruhiy rivojlanishi sustlashgan va aqliy rivojlanishdan orqada qolgan) bolalarga nisbatan g‘amxo‘rlik qilish, ularning huquqlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya jarayonini ularning ehtiyoj va qobiliyatidan kelib chiqib tashkil etish murakkab va mas’uliyatli masalalardan biridir. Bunday bolalarga katta e’tibor qaratish, ularga tibbiy-psixologik, ma’naviy ko‘mak berish, jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash, qiziqish va layoqati bo‘yicha bilim olishi va kasb-hunar egallashi doimo davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida bo‘lib kelgan.

Yaqinda mukammal ta’mirdan chiqqan ta’lim maskanlaridan biri Uchtepa tumanida joylashgan Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 431-ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi (IMTM) aynan mana shunday nuqson bilan tug‘ilgan bolalarga samarali ta’lim berib kelmoqda. Ushbu ta’lim dargohi 1969-yilda tashkil etilgan bo‘lib, aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalashga mo‘ljallangan. 100 o‘ringa ega bo‘lgan bu maskanda kunduzgi va kecha-kunduzgi 8 ta guruhda bolalar o‘zbek va rus tillarida ta’lim oladilar. Hozirgi kunda esa muassasada 78 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda.
– Ruhiy nuqsoni bo‘lgan bolaga ta’lim-tarbiya berish qanchalik erta boshlansa, uning samarasi shunchalik erta namoyon bo‘ladi va bolaning butun hayot tarziga ijobiy ta’sir qiladi, – deydi muassasa mudirasi Dilnoza Musayeva. – Bola­lar qanchalik erta muassasamizga kelishsa, 4 yil davomida olib boriladigan korreksion tibbiy, pedagogik-psixologik mashg‘ulotlar natijasida ularning jismoniy, nutqiy, aqliy hamda ruhiy jihatdan shakllani­shida, fikrlash va tafakkurning rivojlanishida katta natijalarga erishiladi. Buning uchun pedagogik jamoalar, jumladan, bizning jamoamiz, poliklinikalar, mahallalar hamda ota-onalar o‘zaro birgalikda izchillik va hamkorlikda ish olib borsakkina yetarli darajada muvaffaqiyatga erishamiz.