Bosh sahifa | Navbatdagi mashg‘ulotga | Hayot xavfsizligi haqida tasavvur

Hayot xavfsizligi haqida tasavvur

(Bolalarni favqulotda vaziyatlar bilan tanishtirish)
Tayyorlov guruhi uchun

Maqsad: hayotda uchraydigan favqulotda vaziyatlarda shoshilinch ravishda telefondan foydalanishni o‘rgatish. Ko‘chaning qatnov qismini yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda kesib o‘tishni, svetofor chiroqlariga qarab qanday harakat qilishni o‘rgatish. Berilgan mavzuga oid sujetli, rolli o‘yinlarni ijro eta olishni, juftlikda va hamkorlikda ishlashni o‘rgatish. Mashg‘ulot davomida bolalarning mustaqil fikrlash va uni bayon qila olishlarini ta’minlash.

Kutilayotgan natijalar: bola “101”, “102”, “103”, “104” kasb egalari haqida to‘liq taassurotga ega bo‘ladi, hayotiga xavf tug‘diradigan voqea va hodisalarga munosabat bildira oladi hamda o‘zini himoya qila olishga oid harakatlarni biladi, shoshilinch vaziyatlarda telefondan foydalana oladi. Xavf tug‘diradigan narsa va buyumlarni biladi hamda chiza oladi, hamkorlikda va juftlikda ishlay oladi.

Kerakli jihozlar: “101”, “102”, “103”, “104” kasb egalarining vazifalari bilan tanishtiruvchi ko‘r­gazmali qurollar, rasmiy ish kiyimlari, rolli o‘yinlar o‘ynash uchun zarur bo‘ladigan buyumlar.
Kasb egalari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ular ishtirokida “Atom va zarrachalar” o‘yinini o‘tkazish, bu orqali bolalar o‘zini favqulotda vaziyatda qolganda ularning e’tiborini ko‘proq nima tortganini bilish uchun “Men uchun juda qiziq” o‘yinini o‘ynatish. Mashg‘ulot davomida oltin qoidalarga rioya qilishni ta’minlash hamda bolalar faoliyatini rag‘batlantirib borish.
Hayot xavfsizligi: mashg‘ulot davomida sho­shilmaslik va o‘yin jihozlaridan ehtiyotkorona foydalanish, ularni tergamaslik, bola xulqini “Men” ma’lumoti, bola faoliyatini esa “Sen” ma’lumoti orqali baholash.

Mashg‘ulotning borishi:

1-bosqich.
TARBIYACHI: – Aziz bolajonlar, bugun sizlar bilan qiziqarli o‘yin o‘rganamiz. Hozir biz hamkorlikda ishlash uchun guruhlarga bo‘linib olamiz. Buning uchun mana bu yerdagi shakl bo‘laklarini olamiz va ularning qismlarini birlashtiramiz. Hosil bo‘lgan raqamlarni olib, shu raqamlar qo‘yilgan stullarga o‘tiramiz. Hamma o‘z joyini egalladimi? Bolalar javobi.
Bolalar tayyorlab qo‘yilgan stullarga joyla­shadilar.
TARBIYACHI: – Bolalar, guruhlarda ishlash uchun “Oltin qoidalar”ni eslab olamiz. Tarbiyachi har bir guruh bolalari bilan refleksiya o‘tkazadi.
(Aqliy hujum)
TARBIYACHI: – Bolalar, qaranglar, stollarimizda nimalar turibdi?
“101” raqami nimani anglatadi? – Yong‘in xavfsizligi xizmatini.
“102” raqami nimani anglatadi? – Militsiya xizmatini.
“103” raqami nimani anglatadi? – Tez yordam xizmatini.
“104” raqami nimani anglatadi? – Gaz xizmatini.
– Ularda qanday kasb egalari ishlaydilar? Ular qanday vazifalarni bajarishadi?
Tarbiyachi kichkintoylar fikrini umumlashtiradi va bolalarga hamkorlikda ishlashning ahamiyatini tushuntiradi.
2-bosqich.
TARBIYACHI: – Kelinglar, bolalar, hozir hammamiz birgalikda sizlar bilan qiziqarli o‘yin o‘ynaymiz. Bu o‘yinning nomi “Atom va zar­ra­chalar”.

O‘yinning borishi: o‘yinda bolalar musiqa sadolari ostida 4 guruhga bo‘linib olishadi. Tarbiyachi har bir guruhga “101”, “102”, “103”, “104” kasb egalarining vazifalarini rolli o‘yinlar orqali ochib berishlarini taklif qiladi. O‘yinlar taqdimotidan so‘ng bolalar faoliyati va fikrlari to‘ldiriladi. Har bir guruh ijrosi rag‘batlantirib boriladi.

3-bosqich.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, bugun guruhimizga biz tanishayotgan kasb egalari mehmon bo‘lib kelishgan. Hozir ular bilan suhbat o‘tkazamiz. Navbat bilan kasb egalari o‘z kasblari haqida ikki daqiqa vaqt ichida gapirib beradilar.
4-bosqich.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, bugun sizlar meni judayam xursand qildingiz. Buning uchun sizlarni shirinliklar bilan siylayman.
Bolalarga konfetlar tarqatiladi. Kichkintoylar  konfet qog‘ozlari rangiga qarab juftlikka bo‘linib oli­shadi. Har bir juftlik hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan buyumlarni tasvirlab beradi. Tarbiyachi bolalar tomonidan tayyorlangan rasmlar ko‘rgazmasini tashkil etadi va bolalar hayotiga xavf-xatar tug‘diradigan ashyolarning juda ko‘pligini va ulardan hayotda to‘g‘ri foydalanish qoidalarini tushuntiradi.
Bolalar yarim doira shaklida o‘tirib olishadi.
TARBIYACHI: – Bolajonlar, endi sizlar bilan “Men uchun juda qiziq” o‘yinini o‘ynaymiz.
Tarbiyachi bolalarga koptokni otib, “Sizga nima eng qiziq bo‘lib tuyuldi?” – deb navbat bilan so‘raydi. Bolalar javoblari umumlashtiriladi. Kichkintoylar tarbiyachi tomonidan rag‘­­b­atlantirilib, mashg‘ulot yakunlanadi.

Zuhra FAYZIYEVA,
TSHXTXQTMOI “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim” kafedrasi katta o‘qituvchisi.

Check Also

Nutqimiz to`g`ri va ravon bo`lsin

MAVZU: HASHAROTLAR Suhbat Hasharotlarning yashash tarzi: oziqlanishi, tuzilishi (boshi, mo‘ylovi, qanoti, oyog‘i), uyi (kavak, in), …